O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

O‘zbekiston delegatsiyasi Pekin shahridagi Huquqni qo‘llash va ishlarni boshqarish markazlari faoliyati bilan tanishdi

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar, sud va prokuratura organlari, sud-tibbiy ekspertiza hamda adliya tizimi rahbar va mas’ul xodimlaridan iborat delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasiga amaliy xizmat safari doirasida Pekin shahrida faoliyat yurituvchi Huquqni qo‘llash va ishlarni boshqarish markazlari (Law Enforcement and Case Management Centers) faoliyatini o‘rgandi.

Tergov departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, polkovnik M.Sattarov boshchiligidagi delegatsiya Pekin shahar Jamoat xavfsizligi bosh boshqarmasining Sichen va Haydyan tumanlarida joylashgan zamonaviy huquqni qo‘llash va ishlarni boshqarish markazlarida bo‘lib, ularning tashkiliy tuzilmasi, faoliyat yuritish mexanizmlari hamda raqamli texnologiyalarga asoslangan boshqaruv tizimlari bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif davomida mehmonlarga huquqbuzarliklar va jinoyatlar to‘g‘risidagi xabarlarni qabul qilish, ularni ro‘yxatga olish, tekshirish, protsessual harakatlarni amalga oshirish, dalillarni to‘plash va saqlash, shuningdek ishlarning ko‘rib chiqilishi ustidan nazoratni ta’minlash jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Bundan tashqari, amaliy xizmat safari doirasida delegatsiya a’zolari Pekin politsiya kolleji, Pekin yuqori darajadagi avtonom harakatlanish texnologiyalari bo‘yicha namoyish hududining Innovatsion tezkor boshqaruv markazi hamda Pekin shahar Chaoyan tumani Jamoat xavfsizligi boshqarmasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar.

Uchrashuvlar va muloqotlar chog‘ida tomonlar sudga qadar ish yuritish jarayonlarini raqamlashtirish, jinoyat ishlarini tergov qilishda zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash, protsessual nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, ish yuritishni soddalashtirish hamda fuqarolar uchun qulay va shaffof xizmat ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Xitoy tajribasini muhokama qildilar.

Tashrif yakunlariga ko‘ra, Xitoyning huquqni qo‘llash va ishlarni boshqarish markazlari faoliyatini o‘rganish tergov jarayonlarini yanada takomillashtirish, raqamli yechimlarni keng joriy etish va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati samaradorligini oshirish borasida muhim amaliy ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Mazkur tashrif O‘zbekiston va Xitoy huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, ilg‘or tajriba va bilimlar almashish, shuningdek zamonaviy tergov va boshqaruv texnologiyalarini o‘rganish va amaliyotga tatbiq etishga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Text to speech