O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamentida 2022-yil 12 oyi ish yakunlari sarhisob qilindi

Joriy yilning 11 yanvar kuni, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti va uning quyi bo‘linmalari shaxsiy tarkibi ishtirokida 2022-yilda amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokamasi yuzasidan videokonferensaloqa tizimi orqali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari polkovnik Ya.Abdulxakov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda respublika ichki ishlar organlari tergov bo‘linmalarining barcha shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.

So‘z boshida polkovnik Ya.Abdulxakov jinoyat ishlari bilan bog‘liq statistikaga to‘xtalib, 2022 yilda 91 mingdan ortiq jinoyat ishlari tergov qilinganini, tamomlangan ishlar o‘tgan yilga nisbatan 6 foizga yaxshilanganini, jinoyatlar oqibatida yetkazilgan 1 trln. 491 mlrd. so‘mlik moddiy zararning 80 foizi tergov bo‘linmalari xodimlarining sayi harakatlari bilan undirilganini taʼkidlab o‘tdi.

Yig‘ilish davomida soha rahbari, xodimlarning faoliyati davomida erishgan ijobiy natijalari, Tergov departamenti va uning quyi bo‘linmalarining ko‘rsatkichlari, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilgan shart-sharoitlarga to‘xtalib o‘tishi bilan bir qatorda 2022 yilda ayrim xodimlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, murojaatlar bilan ishlash va boshqa yo‘nalishlarni muhokama qildi.

Jumladan, yig‘ilishda jinoyat ishlarini tergov qilish jarayonida protsessual xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yib kelayotgan tergovchilar hamda shahar-tumanlar birma-bir tahlil etilib, faoliyati davomida salbiy natijalarni qayd etgan xodimlarga egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan intizomiy taʼsir choralari qo‘llanildi.

Yig‘ilish yakunida Vazir o‘rinbosari avvalgi yilda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni oldini olish, tergov sifatini oshirish uchun kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish yuzasidan hududiy tergov boshqarmalari boshliqlariga topshiriqlar berdi.

Shu bilan birga,2023 yilni sohada “Tergov sifatini oshirish” yili deb eʼlon qilib, bugungi kunda tergov bo‘linmalari xodimlari oldiga qo‘yilayotgan talablarga mos ravishda masʼuliyatni yana-da kuchaytirish hamda kadrlarni bilim saviyasini oshirishga qaratilgan qator vazifalarni belgilab berdi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Text to speech