O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan qonun Senatda ko‘rib chiqilmoqda

2023-yil 19-sentyabr kuni Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Muhokamada senatorlar, ekspertlar, mutaxassislar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari doimiy komissiya raislari, Yoshlar parlamenti hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Qo‘mita ekspertlari hamda soha mutaxassislari tomonidan taʼkidlanishicha, istiqlolning eng ulkan tuhfalaridan biri bu ota-bobolarimizning muqaddas eʼtiqodi – islom dinini o‘rganish, ajdodlarimizning boy maʼnaviy merosini tadqiq qilish, din arkonlarini emin-erkin ado etish imkoniyatini berganidir.

Biroq, so‘nggi paytlarda mamlakatimizda diniy soha vakillari tomonidan qonuniy nikoh bo‘lmasa ham nikoh tuzishga doir diniy marosimlarni amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Bu o‘z-o‘zidan ijtimoiy muammolar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.

Shuningdek, ayrim diniy blogerlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda dunyoviy va diniy hayot tarzini olib boruvchi jamiyat vakillari orasida bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgan, faqat o‘zining diniy qarashlarini ifodalovchi va diniy adovatni qo‘zg‘atishga qaratilgan chiqishlar ko‘payib borayotganligi qayd etildi.

Shu bois, mutasaddi idoralar tomonidan O‘zbekiston xalqining ko‘p asrlik tarixi va madaniy anʼanalarini inobatga olgan holda “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun ishlab chiqilgan.

Xususan, Qonunda milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab bir toifa fuqarolarni boshqa toifa fuqarolardan ustunligini yoki nuqsonli ekanligini targ‘ib qilganlik, nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirganlik, ko‘p xotinli bo‘lishni targ‘ib qilganlik, jins bo‘yicha kamsitishni targ‘ib qilganlik uchun tegishli javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini ochiqdan-ochiq inkor etganlik hamda fuqarolarni milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab kamsitganlik hamda diniy tashkilot tomonidan o‘zining ustavida nazarda tutilmagan faoliyat bilan shug‘ullanganlik uchun ham javobgarlik belgilanmoqda.

Qonun bilan fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurganlik uchun belgilangan maʼmuriy javobgarlik bekor qilinmoqda.

Muhokamalar jarayonida ushbu Qonunning qabul qilinishi natijasida jamiyatda millatlararo totuvlikni, diniy bag‘rikenglikni yana-da mustahkamlashga, dunyoviy qadriyatlarni saqlab qolishga hamda xotin-qizlarning huquqlarini ishonchli himoya qilishga erishilishi qayd etildi.

Yig‘ilish yakunida ushbu Qonun bo‘yicha ekspertlar tomonidan tayyorlangan tavsiyalar Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga taqdim etildi. 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech