O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamentida 2023 yil 12 oyi ish yakunlari sarhisob qilindi
Joriy yilning 17 yanvar kuni, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti va uning quyi bo‘linmalari shaxsiy tarkibi ishtirokida 2023 yilda amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va joriy yilda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ustuvor maqsadlar muhokamasi yuzasidan videokonferensaloqa tizimi orqali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tergov departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik B.Jalolov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda respublika ichki ishlar organlari tergov bo‘linmalarining barcha shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.
So‘z boshida polkovnik B. Jalolov tahlillarga to‘xtalib, 2023 yilda 90 mingdan ortiq jinoyat ishlari tergov qilingani, tamomlangan ishlar o‘tgan yilga nisbatan 5 foizga yaxshilangani, jinoyatlar oqibatida yetkazilgan moddiy zararning 84,6 foizi tergov bo‘linmalari xodimlarining sayʼi harakatlari bilan undirilganini taʼkidlab o‘tdi.
Yig‘ilish davomida soha rahbarlari va xodimlarning yil davomida erishgan ijobiy natijalari, Tergov departamenti va uning quyi bo‘linmalarining ko‘rsatkichlari, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilgan shart-sharoitlarga to‘xtalib o‘tishi bilan bir qatorda, 2023 yilda ayrim xodimlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, murojaatlar bilan ishlash va boshqa yo‘nalishlarni muhokama qildi.
Jumladan, yig‘ilishda jinoyat ishlarini tergov qilish jarayonida protsessual xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yib kelayotgan tergovchilar hamda shahar-tumanlar birma-bir tahlil etilib, faoliyati davomida salbiy natijalarni qayd etgan xodimlarga egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan intizomiy taʼsir choralari qo‘llanildi.
Yig‘ilish yakunida Tergov departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik B.Jalolov avvalgi yilda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni oldini olish, tergov sifatini oshirish yuzasidan hududiy tergov boshqarmalari boshliqlariga manzilli topshiriqlar berdi.
Shu bilan birga, bugungi kunda tergov bo‘linmalari xodimlari oldiga qo‘yilayotgan talablarga mos ravishda masʼuliyatni yana-da kuchaytirish hamda kadrlarni bilim saviyasini oshirish hamda xizmat va ijrochilik intizomiga rioya etishga qaratilgan qator vazifalarni belgilab berdi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti