O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda

Senatning qirq uchinchi yalpi majlisida “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun senatorlar tomonidan muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda sud-huquq sohasini tubdan isloh etishga doir keng ko‘lamli tashkiliy-huquqiy tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, sud ishlarini yuritish jarayoniga yangi institutlar joriy etildi, yarashuv, dastlabki eshituv, mediatsiya, shuningdek, sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish kabi institutlar takomillashtirildi.

Shu bilan birga sudlarda ishning hajmi keskin ortganligi ishlarni qonunda belgilangan muddatda ko‘rib chiqish imkoniyatining yo‘qolishiga olib kelib, bu fuqarolarning o‘rinli eʼtirozlari ko‘payishiga sabab bo‘ldi.

Bundan tashqari uzil-kesil qaror qabul qilishda sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini uch bosqichli tizim vositasida tekshirish imkoniyatlari cheklanganligi sababli mazkur tizimni o‘rta bo‘g‘inning – viloyat sudlarining imkoniyatlaridan samarali foydalanish orqali takomillashtirish zarurati yuzaga keldi.

Mazkur Qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga qonuniy kuchga kirmagan sud qarorlarini shikoyat (protest) asosida apellyatsiya tartibida, qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini kassatsiya tartibida, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan sud qarorlarini taftish tartibida qayta ko‘rishga doir protsessual normalarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Shuningdek, qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini kassatsiya tartibida ko‘rish bo‘yicha vakolatlarni viloyat sudlariga va ularga tenglashtirilgan sudlarga o‘tkazishga hamda yuqori instansiya sudlari tomonidan quyi sudlar qarorini bekor qilgan holda ishni yangitdan ko‘rish uchun quyi sudga yuborish amaliyotini tugatishga doir protsessual normalar kiritilmoqda.

Senatorlar taʼkidlaganidek, mazkur Qonun fuqarolarning huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini taʼminlashga, odil sudlovning sifatini yana-da oshirishga qaratilganligi bilan ahamiyatli.

Qonunning qabul qilinishi sudyalarning masʼuliyatini oshirishga, ishlarning sifatli va o‘z vaqtida ko‘rilishiga, sud qarorlarini qayta ko‘rishda viloyat sudlarining hamda ularga tenglashtirilgan sudlarning imkoniyatlaridan samarali foydalanishga, fuqarolarning shikoyat qilish huquqidan foydalanishlarini kengaytirishga va noroziliklar hamda ortiqcha sarsongarchiliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Muallif: Tergov departamenti O‘MIB tergovchisi

mayor E.A. Axmadaliyev

Text to speech