Vazir o‘rinbosari polkovnik R.Ashropov 2025 yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi loyihasini xalqaro hamjamiyat o‘rtasida o‘tkazilgan jamoatchilik muhokamasida ishtirok etdi
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Ramazon Ashropov Toshkent shahridagi Hyatt Regency mehmonxonasida tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi va uni tasdiqlash to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi bo‘yicha ochiq ruhda o‘tkazilgan jamoatchilik muhokamasida ishtirok etdi.
Tadbirda respublika vazirlik va idoralar masʼullari, O‘zbekistondagi xorijiy mamlakatlar diplomatik vakolatxonalari hamda xalqaro tashkilotlar, ilmiy va tadqiqot markazlari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdilar.
Vazir o‘rinbosari R.Ashropov Ichki ishlar vazirligi tomonidan 2025 yilda Davlat dasturi doirasida ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar va amaliy chora-tadbirlar to‘g‘risida maʼlumot berdi.
Unda, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish hamda jinoyatchilikka qarshi kurashishda foydalaniladigan ilmiy-texnik usul va vositalarni modernizatsiya qilish uchun daktiloskopik axborotlarga ishlov berish bo‘yicha qonuniy asoslarni yaratilishini alohida qayd etdi.
Shuningdek, Davlat dasturi loyihasida tergov faoliyati ustidan nazoratni elektron shaklda olib borish imkonini beruvchi raqamlashtirilgan tizim yaratilishi, avtomobil yo‘llarida transport vositalarini erkin va xavfsiz harakatlanishini taʼminlash maqsadida intellektual transport tizimlarini o‘rnatish va yagona raqamli boshqaruv tartibi joriy etilishi kabi boshqa maqsadli chora-tadbirlar nazarda tutilayotganligini maʼlum qildi.
Yig‘ilish yuqori saviyada tashkil etildi.
IIV huzuridagi Tergov departamenti