Vazir o‘rinbosari polkovnik R.Ashropov Huquqni muhofaza qilish akademiyasi faoliyati bilan tanishdi
Vazir o‘rinbosari polkovnik R.Ashropov Bosh prokuror o‘rinbosari, Akademiya boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi S.Samadov va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari E.Kolenkolar bilan birgalikda ichki ishlar organlari tergov bo‘linmalari xodimlarini bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, jinoyatlarni tergov qilish metodikasi va taktikasini samarali belgilash hamda xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasidagi ishlarni o‘rganish maqsadida Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga tashrif buyurdi.
Akademiyada tergovchilarga yaratilgan sharoitlarni o‘rganib, inson huquq va erkinliklarini samarali muhofaza qilishda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining kasbiy malakasi va salohiyati darajasi muhim o‘rin tutishi alohida taʼkidlandi.
Tashrif davomida, Akademiyada o‘quv mashg‘uloti o‘tkazayotgan Xalqaro odil sudlovni rivojlantirish tashkilotining jinoiy sudlov bo‘yicha direktori Mark Carroll bilan uchrashib, o‘zaro fikr almashildi.
Shuningdek, o‘rganish davomida tergov sifatini oshirishga qaratilgan takliflar va ilgari surilgan loyihalar bo‘yicha IIV huzuridagi Tergov departamenti va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi o‘rtasida hamkorlikda bajariladigan qator masalalar yuzasidan o‘zaro kelishuvga erishildi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti