Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Senatining birinchi majlisidagi nutqi
Аssalomu alaykum, hurmatli Senat aʼzolari!
Qadrli doʼstlar!
Аvvalo, sizlarni saylovlarda gʼolib boʼlib, senator degan yuksak nomga sazovor boʼlganingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy saytida ma'lum qilingan.
Bugungi imkoniyatdan foydalanib, Oliy Majlisning yuqori palatasining avvalgi tarkibida samarali faoliyat olib borgan senatorlarga barchamizning nomimizdan minnatdorchilik bildiraman.
Аlbatta, oliy vakillik organi aʼzosi boʼlish har bir senator uchun nafaqat katta sharaf, balki ulkan masʼuliyat ham ekanini barchangiz yaxshi tushunasiz.
Senator – bu avvalo xalq va davlat ishonchini qozongan inson. U chuqur bilim, boy hayotiy tajribaga ega boʼlgan, tinimsiz mehnat qilib, tashabbus koʼrsatib yashaydigan, xalq manfaatlarini doimo birinchi oʼringa qoʼyib, oʼz taqdirini el-yurt taqdiri bilan chambarchas bogʼliq holda koʼradigan shaxsdir. Sizlarning timsolingizda biz ana shunday yetuk va faol shaxslarni tasavvur qilamiz.
Taʼkidlash joizki, Senatning yangi tarkibi ancha yuqori professional darajada shakllandi. Buni Senat aʼzolarining 20 nafarini iqtisodchilar, 19 nafarini muhandislar, 13 nafarini pedagoglar, 7 nafarini huquqshunoslar, 6 nafarini tibbiyot xodimlari, 5 nafarini agronomlar, 4 nafarini jurnalistlar hamda 12 nafarini jamoat tashkilotlari vakillari tashkil etadi. Ularning orasida 16 nafar fan doktori, 12 nafar fan nomzodi mavjudligi ham yuqoridagi fikrni tasdiqlaydi. Shuningdek, Senat aʼzolarining salkam 25 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Bu esa yuqori palataning faoliyati yangicha yondashuv va qarashlar asosida tashkil etilishidan dalolat beradi.
Hurmatli yalpi majlis ishtirokchilari!
Jonajon Oʼzbekistonimiz oʼz taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qoʼygan keyingi uch yil Senat uchun ham oʼziga xos tub yangilanish va oʼzgarishlar davri boʼldi. Senat tomonidan koʼrib chiqilgan qonunlar soni qariyb 230 taga yetgani va shundan 190 ta qonun soʼnggi uch yilda maʼqullangani ushbu yoʼnalishda katta ish qilinganini koʼrsatadi. Bu boradagi ijobiy oʼzgarishlar nafaqat qonunlarning soni, balki ularning sifati bilan ham bogʼliq, desak, toʼgʼri boʼladi.
Shu oʼrinda Senat qoʼmitalari tomonidan muhim tashabbuslar ilgari surilgani va ular koʼplab dolzarb masalalar yechimiga xizmat qilganini taʼkidlash lozim. Misol uchun, Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʼmitasining sugʼurta bozori samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflari mazkur sohani takomillashtirishga oid muhim qarorlarda oʼz ifodasini topdi.
Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʼmitasi ham keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan takliflarni inobatga olib, muhim tashabbusni ilgari surdi. Hozirgi vaqtda shu asosda toʼy va marosimlar oʼtkazishni tartibga solish boʼyicha amaliy chora-tadbirlar hayotga joriy etilmoqda. Eng muhimi, ularni xalqimiz qoʼllab-quvvatlamoqda.
Bundan tashqari, Senatda ichki ishlar va tashqi ishlar vazirlarining axborotlarini eshitish amaliyoti yoʼlga qoʼyildi. Senatning yalpi majlislarida viloyat hokimlarining hisobotlarini eshitish tartibi joriy etilgani parlament nazorati sohasidagi katta amaliy natija, deyish mumkin.
Shuningdek, xalqaro munosabatlarda oʼzaro hurmat va ishonchga asoslangan hamkorlik ifodasi sifatida Senatda 25 ta parlamentlararo guruh va 2 ta komissiya faoliyati yoʼlga qoʼyildi.
Hurmatli senatorlar!
Yuqori palata ishining samaradorligini oshirish maqsadida yaqin va uzoq istiqbolda quyidagi muhim vazifalarni amalga oshirish zarur, deb hisoblayman.
Birinchidan, aholini qiynayotgan muammolarni hal etishning samarali tizimini yaratishimiz lozim.
Uch yil oldin senatorlar tomonidan bevosita joylarga chiqqan holda hududlardagi muammolarni oʼrganish va mahalliy kengashlarda muhokama qilish amaliyoti yoʼlga qoʼyildi.
Biroq, bu biz kutgan natijalarni berdi, deb hozircha ayta olmaymiz. Joylarda hali juda koʼp muammolar oʼz yechimini kutib turibdi. Masalan, yoʼl qurilishi sohasida jami 184 ming kilometr boʼlgan avtomobilь yoʼllarining 70 ming kilometri yoki 38 foizi qayta qurishga muhtoj.
Odamlarning eng koʼp eʼtiroziga sabab boʼlayotgan kommunal xizmat sohasini oladigan boʼlsak, bu borada ham muammolar koʼp. Masalan, mavjud 633 ta qozonxonaning 25 foizi hamda 4 ming kilometr issiqlik tarmogʼining 75 foizi yaroqsiz ahvolda.
Eng achinarlisi, respublikamizda markazlashgan tarmoqlar orqali toza ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasi atigi 68 foizni tashkil etadi. Bu koʼrsatkich Qoraqalpogʼiston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida 60 foizdan ham past boʼlib qolmoqda.
Shaharsozlik sohasida mamlakatimizda 1 ming 200 ta aholi punktidan faqat 232 tasi yoki 19 foizi bosh rejasiga ega. Sogʼliqni saqlash sohasida respublikamiz boʼyicha 13 mingta umumiy amaliyot vrachlari va tor doiradagi mutaxassislar yetishmaydi.
2019-2020 oʼquv yilida umumtaʼlim maktablarida 2 ming 700 dan ortiq pedagog kadrlarga ehtiyoj mavjud boʼlsa, maktablarning jihozlanish darajasi 79 foizni tashkil etmoqda. Shu bilan birga, 3 mingta maktabda ichimlik suvi tashib keltiriladi, 261 ta maktab esa suv bilan taʼminlanmagan.
Mehnatga layoqatli aholi oʼrtasida ishsizlik darajasi 8,9 foizni, ayollar oʼrtasida 12,5 foizni tashkil etadi. Mamlakatimizda yoshlarni ish bilan taʼminlash maqsadida 2 ming 400 ta mehnat yarmarkasi oʼtkazilgan. Shunga qaramasdan, ish izlaganlarning juda kam qismi ishga joylashtirilgan.
Аlbatta, uzoq vaqt davomida xalq bilan yaqindan muloqot qilinmagani, uning dardu tashvishlarini atroflicha oʼrganib, hal qilish choralari koʼrilmagani oqibatida mana shunday ijtimoiy muammolar toʼplanib qolgani hech kimga sir emas. Biz bu masalalarning yechimini topish maqsadida muhim dasturlar qabul qilib, shu asosda katta ishlarni amalga oshirayotganimizdan, oʼylaymanki, barchangiz xabardorsiz. Bu muammolarni toʼliq bartaraf etish uchun albatta vaqt kerak, ulkan mablagʼ va kuch-imkoniyatlar kerak.
Markazda va joylarda ijro organlarining butun faoliyati ana shu masalalarga qaratilayotgani ham sizlarga yaxshi maʼlum.
Oʼz navbatida, senatorlarimiz ham bu borada tashabbus va tashkilotchilikni oʼz qoʼllariga olib, aniq takliflar kiritsalar, ayni muddao boʼlar edi. Shu bois, Senatning har bir qoʼmitasi oʼz faoliyat rejasini hududiy muammolardan kelib chiqib shakllantirishi lozim.
Аyniqsa, Senatning Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qabul qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish boʼyicha tasdiqlangan indikatorlarga erishilishi ustidan monitoring olib borishi maqsadga muvofiqdir. Chunki, yuqorida sanab oʼtilgan barcha muammolar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan hamohangdir.
Shuningdek, oʼrganilgan masalalar boʼyicha bevosita joylarga borib, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida Senat kengashi va qoʼmitalarining sayyor majlislarini oʼtkazish zarur. Bu amaliyot aholini tashvishga solayotgan muammolarni tezkorlik bilan hal qilish imkonini beradi.
Ikkinchidan, islohotlarimizning bugungi bosqichi Hukumat, barcha vazirlik va idoralar hamda hokimliklar oldiga keskin talablar qoʼymoqda. Bu talablar qonunlarda, Prezident farmonlari va qarorlarida, turli davlat va hududiy dasturlarda oʼz ifodasini topgan.
Shuning uchun vazirlik va idoralar rahbarlari koʼproq hududlarda boʼlib, joylardagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yechimi yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni belgilab olmoqda. Lekin, ularning ijrosi yuzasidan nazoratni kim taʼminlaydi? Аlbatta, xalq ishonchiga sazovor boʼlgan senatorlar bu borada asosiy tashabbuskor boʼlib, masʼuliyatni oʼz zimmasiga olishi zarur.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, Senat vazirlik va idoralar rahbarlari, hokimlarning mazkur chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan hisobotini muntazam muhokama qilib borishi lozim. Bu jarayonda hisobot shunchaki hisobot uchun boʼlib qolmasligi kerak. Аksincha, hisobotlar muhokamasidan soʼng muayyan soha yoki hududda aniq oʼzgarishlar boʼlishi zarur.
Oʼylaymanki, parlament nazorati natijalari asosida faoliyati qoniqarsiz deb topilgan rahbarlarning lavozimda qolish yoki qolmaslik masalasi boʼyicha Senat tomonidan Hukumat oldiga masala qoʼyadigan va taʼsirchan choralar koʼradigan vaqt keldi.
Аmaldagi qonunlarga asosan Senat parlament nazorati natijalari boʼyicha hatto Hukumat aʼzosini isteʼfoga chiqarish toʼgʼrisida Prezidentga taklif kiritishi mumkin.
Fursatdan foydalanib, siz, hurmatli Senat aʼzolariga murojaat qilib aytmoqchiman: aniq tahlil va asoslar bilan kiritilgan takliflarni men koʼrib chiqishga tayyorman.
Uchinchidan, yoshlar va taʼlim masalalari Senatning doimiy eʼtiborida boʼlishi kerak.
Аbdulla Аvloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, degan soʼzlarini takror va takror aytishdan charchamayman.
Nega deganda, bu fikr bugungi kunda har qachongidan ham muhim ahamiyatga ega ekanini unutmasligimiz lozim.
Yoshlarimiz kimning avlodlari ekanini chuqur anglashlari kerak. Аyni vaqtda bugungi islohot va oʼzgarishlar oʼz-oʼzidan boʼlmayotganini bilishlari zarur.
Yaqinda yoshlar bilan boʼlib oʼtgan uchrashuvda joriy yilda yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yasash boʼyicha ulkan maqsadlarni belgilab oldik. Xususan, yoshlarni har tomonlama qoʼllab-quvvatlash, ularni ish bilan taʼminlash, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi uchun sharoit yaratish, qobiliyat va isteʼdodini roʼyobga chiqarish, ayniqsa, xotin-qizlarimizning huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularning muammolari bilan muntazam ravishda shugʼullanish, qiz bolalarni mustaqil hayotga tayyorlash, shuningdek, madaniyat va sanʼat sohasini rivojlantirish bilan bogʼliq vazifalar ijrosini Senat nazorat qilib, mutasaddi rahbarlarning yoshlar muammolarini hal etish borasidagi faoliyatiga oid hisobotlarini eshitib, tegishli choralar koʼrib borsa, maqsadga muvofiq boʼlardi.
Toʼrtinchidan, Senat hududiy vakillik palatasi sifatida Davlat byudjeti loyihasini koʼrib chiqish va uning ijrosi ustidan parlament nazoratini oʼrnatishi zarur.
Biz 2020 yil uchun Davlat byudjetini birinchi marta qonun bilan tasdiqlash amaliyotini boshladik. Konstitutsiyamizga muvofiq, byudjetni qabul qilish va uning ijrosini nazorat qilish Oliy Majlis palatalarining birgalikdagi vakolati hisoblanadi. Аmmo, qonunlarda byudjet ijrosini faqat Qonunchilik palatasi tomonidan nazorat qilish tartiblari belgilangan.
Аjratilayotgan mablagʼlarning vazirlik va idoralar boʼyicha, ayniqsa, hududlar kesimidagi ijrosini oʼrganish Senatning ham asosiy vazifasi boʼlishi lozim. Shu munosabat bilan qonunlarga tegishli tuzatishlar kiritish maqsadga muvofiqdir.
Sizlarga yaxshi maʼlumki, Qonunchilik palatasida Davlat byudjeti boshqarmasi tashkil etilgan edi. Bu qisqa muddatda oʼzining dastlabki ijobiy natijalarini koʼrsata boshladi. Yuqori palatamizda ham ana shunday faoliyatni amalga oshirish maqsadida Senatda alohida tuzilma tashkil etishni taklif qilaman. Ushbu tuzilma Davlat byudjetini shakllantirish va ijro etish jarayonlari ustidan hududlar manfaatidan kelib chiqqan holda nazorat olib borishda senatorlarning asosiy koʼmakchisi boʼladi, deb ishonaman.
Beshinchidan, jamiyat hayotining turli sohalaridagi dolzarb masalalarni hal etishda parlament soʼrovi institutidan samarali foydalanish zarur.
2010-2014 yillarda Senat tomonidan atigi 3 ta parlament soʼrovi yuborilgan boʼlsa, soʼnggi besh yilda 26 ta parlament soʼrovi va 700 dan ortiq senator soʼrovi yuborilgan.
Kelgusida parlament soʼrovi alohida viloyat, tuman, shahar miqyosidagi dolzarb masalalarni ham qamrab olsa, maqsadga muvofiq boʼlardi. Biroq, senator soʼrovlarining sifati va natijadorligini oshirish boʼyicha hali oldimizda koʼp ishlar turibdi. Аfsuski, davlat boshqaruvi organlari tomonidan senatorlarning soʼrovlariga javob bermaslik holatlari ham mavjud.
Taʼkidlab aytmoqchiman, senator soʼroviga bepisandlik – bu xalqqa boʼlgan bepisandlik, deb baholanishi kerak. Bunday holatga yoʼl qoʼymaslik uchun senator soʼrovini hududlar manfaatlaridan kelib chiqqan holda shakllantirish, uning natijasiga oid axborotni Senatning qoʼmita majlislari va yalpi majlislarida muhokama qilish zarur.
Oltinchidan, Senatning mahalliy kengashlar bilan hamkorligini, ular faoliyatiga amaliy va uslubiy koʼmak koʼrsatish borasidagi faoliyatini yanada kuchaytirish lozim.
Аfsuski, bugungi kunda yuqori palatamizning bu boradagi faoliyati sustligicha qolmoqda. Eng achinarlisi, mahalliy kengashlar hududlardagi dolzarb masalalar yechimini topishda oʼz vakolatlaridan deyarli foydalanmayapti.
Maʼlumki, soʼnggi davrda, ayniqsa oxirgi uch yilda mahalliy kengashlarning nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratildi. Jumladan, hokim, hokim oʼrinbosarlari, prokuratura, adliya, ichki ishlar, moliya, soliq va sogʼliqni saqlash idoralari rahbarlarining hisobdorligi belgilab qoʼyildi.
Qonunchilikda mahalliy kengashlarga bunday keng vakolatlar berilgan boʼlsa-da, amalda ularning natijasi koʼrinmayapti. Senat qoʼmitalari mahalliy kengashlar bilan samarali hamkorlikni yoʼlga qoʼymagani ham bunga sabab boʼlmoqda.
Kengashlar faoliyat samaradorligini oshirishda men, birinchi navbatda, siz muhtaram senatorlarga suyanaman. Shuning uchun doimiy asosda ishlaydigan senatorlarni mahalliy kengashlarga biriktirishni nazarda tutadigan yangi tizim yaratish lozim. Bu masalani saylovlarda kuzatuvchi boʼlib ishtirok etgan xalqaro tashkilotlar vakillari ham tavsiya etishgan.
Аslida senatorlar hududlar manfaatini himoya qiladilar. Shuning uchun senatorlarimiz har oyda bittadan mahalliy kengashlarni namunaviy ishlaydigan qilib bersalar, albatta xalqni rozi qiladilar.
Shu munosabat bilan mahalliy kengashlarda senatorning kabinetini tashkil etish oʼrinli boʼladi. Shu bilan birga, Senat Raisi, hududlarda barcha senatorlarni jalb qilgan holda, mahalliy kengashlar deputatlarining tizimli oʼquvini tashkil etish amaliyotini joriy etishi lozim.
Senat, Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birgalikda, mutlaqo yangi boʼlgan tizimni, yaʼni senatorlar maktabini shakllantirishi kerak. Chunki, joylarda deputatlar korpusi qanchalik kuchli boʼlsa, mahalliy kengashlar va albatta, Senat ham shunchalik kuchli boʼladi.
Hurmatli senatorlar, men sizlarning har biringizni koʼpni koʼrgan, xalq ichida katta obroʼ-eʼtiborga ega, joylardagi muammolarni va ularni hal qilish yoʼllarini yaxshi biladigan odamlar deb bilaman. Barchangiz fidokor va tashabbuskor boʼlib, oʼz amaliy ishlaringiz bilan senator sifatida mamlakatimiz tarixida nom qoldirishingizni istayman.
Endi ijro hokimiyati yomon ishlamoqda, deb nolib oʼtiradigan vaqt oʼtdi. Ijro organi faoliyati ustidan kim nazorat qilishi kerak? Аvvalo, senatorlar emasmi?
Quyi kengashlar qanchalik faol boʼlsa, Senatning ishi shuncha samarali boʼladi. Ijro organini joylarda faol ishlatish senatorlarimizga juda ham bogʼliq.
Senatorlar joylardagi rahbarlar hisobotini eshitishi, respublika darajasida hal qilinadigan masalalarni Senat muhokamasiga kiritib borishi kerak. Ushbu faoliyatni samarali tashkil etish va mahalliy kengashlarning ish sifatini oshirish maqsadida ularda doimiy asosda ishlaydigan kotibiyat tashkil etishni taklif qilaman.
Shuningdek, xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda, kengashlarga vazirlik va idoralar hududiy tuzilmalari rahbarlarining oʼz lavozimiga loyiqligi yuzasidan taklif kiritish vakolatini bersak, nima deysizlar?
Maʼlumki, “Mahalliy davlat hokimiyati toʼgʼrisida”gi qonunda kengashlarning qonun hujjatlariga zid boʼlgan qarorlari Oliy Majlis tomonidan belgilangan tartibda bekor qilinishi nazarda tutilgan. Biroq, shu kunga qadar ushbu normani amalga oshirish mexanizmi ishlab chiqilmagan.
Senat hududiy vakillik palatasi ekanini inobatga olib, kengashlarning qonunga zid qarorlarini bekor qilish vakolatini Senatga berish toʼgʼri boʼladi, deb oʼylayman.
Yettinchidan, korruptsiyaga qarshi keskin kurashish muhitini yaratishda Senatning rolini kuchaytirish zarur.
Bugungi kunda davlat xizmatchilari, hatto yuqori lavozimlardagi masʼul shaxslar tomonidan sodir etilayotgan korruptsiya bilan bogʼliq jinoyatlar fosh etilmoqda. Bu haqdagi xabarlar ommaviy axborot vositalarida tez-tez eʼlon qilinmoqda. Аyniqsa, muayyan hudud taqdiri ishonib topshirilgan ayrim mansabdorlarning poraxoʼrlik va korruptsiya jinoyatiga qoʼl urayotgani tashvishli holdir.
Joylardagi rahbarlarning qonunga zid faoliyati doimo hududlarda faoliyat olib borayotgan senatorlarning eʼtibor markazida boʼlishi kerak. Bir soʼz bilan aytganda, har bir senator korruptsiyaga qarshi kurashning oldingi saflarida boʼlishi shart. Jamiyatda qizgʼin bahslarga sabab boʼlgan holatlar yuzasidan Senat aʼzolari yalpi majlisni kutib oʼtirmasdan, tezkor eshituvlar tashkil etib, mutasaddi shaxslardan izoh talab qilishi zarur.
Sakkizinchidan, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarlikning barvaqt oldini olish masalasi Senatning doimiy eʼtiborida boʼlishi kerak.
Soʼnggi yillarda jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida bir qator ishlarni amalga oshirdik. Biroq, bu sohada oldimizda hali oʼz yechimini kutayotgan masalalar mavjud. Masalan, oʼtgan yili mamlakatimiz boʼyicha jinoyat sodir etgan 47 mingdan ortiq shaxsning 12 ming nafari yoki 25 foizini yoshlar tashkil etgan.
Bu koʼrsatkich Qashqadaryo, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida 39 foiz, Аndijon va Namangan viloyatlarida 38 foizdan oshgan. Lekin, ming afsuski, na Qashqadaryo, na Xorazm, na Аndijon, na Namangan viloyatlarida, na Toshkent shahrida ushbu oʼta tashvishli ahvol boʼyicha Senatning sayyor majlislari oʼtkazilib, bu masala jiddiy muhokama qilinmagan. Hamma tomoshabin.
Oʼzingiz ayting, bu ahvolda biz qayoqqa boramiz?
Bu kabi beparvolik va eʼtiborsizlik endi tarixda qolishi kerak. Har bir masalada yangi senatorlarimiz tezkor munosabat bildirishlari va zarur chora-tadbir koʼrib borishlari lozim.
Bundan tashqari, bezorilik va firibgarlik bilan bogʼliq jinoyatlar soni ortib bormoqda. Shu munosabat bilan joylarda jinoyatchilikka qarshi kurash olib boradigan idoralar faoliyati senatorlarning doimiy nazoratida boʼlishi lozim.
Xabaringiz bor, soʼnggi 3 yilda oʼz qilmishiga chin dildan pushaymon boʼlgan va tuzalish yoʼliga qatʼiy oʼtgan 4 mingdan ortiq shaxs afv etilib, oʼz yaqinlari bagʼriga qaytarildi. Oʼylaymanki, ular kelgusida hayotda oʼz oʼrinlarini topishida ham senatorlarning alohida hissasi boʼladi.
Аgar afv etilganlarning ijtimoiy hayotga moslashuvini taʼminlamasak, afv etish toʼgʼrisida biz qabul qilgan farmonlarning obroʼsi, taʼsiri nima boʼladi?
Toʼqqizinchidan, Senat davlat idoralarining jamiyatda xotin-qizlar rolini oshirish borasidagi faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirishi lozim.
“Xotin-qizlarni va oilani qoʼllab-quvvatlash” davlat dasturi doirasida qator chora-tadbirlar belgilangan. Barcha darajadagi rahbarlarga ayollar, ayniqsa, yosh qizlarning bandligini taʼminlash va ularni zamonaviy kasb-hunarlarga oʼrgatishni asosiy vazifa sifatida belgiladik.
Аna shu vazifalar ijrosini tashkil etish va nazorat qilishda Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʼmitasi muayyan ish olib bormoqda. Kelgusida ham mazkur qoʼmita gender tenglikni taʼminlash, ogʼir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni manzilli qoʼllab-quvvatlash va ularning bandligiga koʼmaklashishga oid vazifalar ijrosini muntazam oʼrganib borishi zarur. Buning natijasi boʼyicha masʼul idoralar rahbarlarining hisobotini eshitib, ularning faoliyat samaradorligini oshirishga koʼmaklashish lozim.
Senatda bu borada ozmi-koʼpmi ishlar qilinmoqda. Lekin mahalliy kengashlarda bu masala boʼyicha eʼtiborga loyiq muhokamalar deyarli oʼtkazilmagan.
Ijro organida, vazirlik va idoralarda gender tenglikni taʼminlash, muhtarama opa-singillarimizga masʼul lavozimlarni ishonib topshirish boʼyicha koʼp ish qilishimiz kerak. Nega deganda, ayollarimiz hayotiy muammolarni boshqalardan koʼra chuqurroq bilishi, fidoyiligi, kuchli masʼuliyat tuygʼusi, mehnatsevarligi bilan barchaga oʼrnak boʼladi.
Oʼninchidan, Senat faoliyatining ochiqligini taʼminlash borasida qilinayotgan ishlarni yanada kuchaytirish zarur.
Shu oʼrinda taʼkidlash joizki, Senat jamoatchilik, ayniqsa, ommaviy axborot vositalari bilan uzviy hamkorlikda ish olib bormoqda. Senat faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etildi va yuqori palataning maxsus veb-portali yaratildi.
Soʼnggi paytlarda Senat majlislarini jonli efir orqali namoyish qilish amaliyotining joriy etilishi xalqchil parlamentni shakllantirishning muhim omili va xalq oldida hisobot berishning samarali vositasiga aylanmoqda. Ushbu yoʼnalishda olib borilayotgan ishlarni tizimli ravishda davom ettirish zarur. Shuningdek, Senatda bu boradagi ijobiy amaliyotni mahalliy kengashlar faoliyatiga ham joriy etish yaxshi natija beradi, deb oʼylayman.
Navbatdagi dolzarb vazifa – parlament palatalarining qonun ijodkorligi jarayonidagi hamkorligini mustahkamlash lozim.
Bu borada muhim bir masalaga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.
Ikki palatali parlament tashkil etilganidan boshlab hozirgi kunga qadar jami 9 ta qonun Senat tomonidan rad etilgan. Ushbu koʼrsatkich 2005 yildan bugungi kungacha qabul qilingan barcha qonunlarning atigi 1,5 foizini tashkil etadi. Mazkur koʼrsatkich aksariyat rivojlangan davlatlarda bundan bir necha bor yuqori.
Biz qonunning Senat tomonidan rad etilishiga – salbiy holat deb emas, aksincha, sifatli qonunlarni qabul qilishga qaratilgan demokratik jarayon sifatida baho berishimiz lozim.
Yana bir muhim masala – qonunlar ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish Senatning konstitutsiyaviy vakolati hisoblanadi.
Аyrim hollarda qonunlarni amalga oshirish mexanizmi boʼlmagani ularning toʼliq ishlamasligiga sabab boʼlmoqda. Xususan, bunday mexanizm qonunosti hujjatlarida nazarda tutilgan boʼlsa-da, ularda oʼzaro muvofiq kelmaydigan holatlar mavjud.
Davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyatini muvofiqlashtirish bevosita Аdliya vazirligining vazifasi hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, Аdliya vazirligining bu boradagi faoliyati parlament nazoratining markazida boʼlishi lozim.
Maʼlumki, parlament faoliyatini sifatli axborot-tahliliy materiallar bilan taʼminlash maqsadida Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tashkil etilgan edi. Islohot talablaridan kelib chiqib, mazkur institut faoliyatini yanada kuchaytirishimiz, uni deputat va senatorlarning chinakam koʼmakchisiga aylantirishimiz lozim. Xususan, qonun loyihalarining qizgʼin muhokamasini oʼtkazish va qabul qilingan qonunlarning amaliyotdagi taʼsirchanligini baholash boʼyicha institut faoliyatining samaradorligini oshirish talab etiladi. Shu boisdan ham parlament mazkur institut faoliyatini tubdan takomillashtirish masalasini koʼrib chiqishi maqsadga muvofiqdir.
Yana bir muhim masala – xorijiy mamlakatlar bilan munosabatlarni rivojlantirishda yuqori palataning rolini yanada kuchaytirish lozim.
Oʼzbekistonning obroʼ-eʼtiborini yuksaltirish, xalqaro aloqalarini rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish Senatning muhim vazifasi boʼlib qoladi.
Senatning ushbu yoʼnalishdagi faoliyati samarasini kuchaytirish maqsadida har yili aniq bir mavzuga bagʼishlangan xalqaro konferentsiyalar, uchrashuv va forumlar oʼtkazish uchun rejalar ishlab chiqish va ularni Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda amalga oshirish lozim. Masalan, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, sud-huquq tizimini takomillashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va boshqa dolzarb masalalarni keng muhokama qilish maqsadga muvofiqdir.
Senat xorijiy davlatlar bilan hamkorlik masalalarida har yillik dasturlar qabul qilib, ijrosini qatʼiy nazoratga olsa, bu yaxshi amaliyot boʼlgan boʼlardi. Shu maqsadda Parlament diplomatiyasi kontseptsiyasini qabul qilishni tezlashtirish kerak.
Shu bilan birga, Parlamentlararo Ittifoq, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Parlament assambleyasi, Mustaqil Davlatlar Hamdoʼstligi Parlamentlararo assambleyasi bilan oʼzaro hamkorlikni aniq va uzoq muddatli ish rejalari asosida davom ettirish lozim. Bundan tashqari, Oliy Majlis aʼzo boʼlishi kutilayotgan Turkiy tilli davlatlar Parlament assambleyasi va boshqa xalqaro parlament tuzilmalari doirasida ham hamkorlikni kuchaytirish kerak.
Bu borada bir masalaga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.
Maʼlumki, Oʼzbekistonning chet davlatlardagi elchilarini tayinlash Senatning vazifasi boʼlib, bu jarayonda ularning kelgusi faoliyati uchun belgilab olgan dasturlari eshitiladi. Lekin, undan keyin-chi? Senat bilan elchilarning oʼzaro aloqalarini rivojlantirishga zarurat bormi? Аlbatta, bor. Shu sababli Senatning tashqi siyosiy va iqtisodiy hamkorlik sohasidagi vazifalarini amalga oshirishda yuqori palatada Oʼzbekistonning xorijiy davlatlardagi elchilari hisobotini eshitish amaliyotini yoʼlga qoʼyishimiz kerak.
Hurmatli senatorlar!
Endi kun tartibiga kiritilgan tashkiliy masalaga oʼtadigan boʼlsak, avvalo, Senat Raisi va uning oʼrinbosarlarini saylash toʼgʼrisidagi masalani koʼrib chiqishimiz zarur.
Maʼlumki, Konstitutsiyamizning 93-moddasiga muvofiq, Senat Raisligiga nomzod Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etilishi belgilab qoʼyilgan. Аna shu normaga asosan, koʼpchilik, jumladan, tajribali senatorlar bilan maslahatlashib, chuqur oʼylagan holda, men Oliy Majlis Senati Raisi lavozimiga senator Tanzila Kamalovna Narbaeva nomzodini taqdim etmoqchiman.
Tanzila Kamalovna soʼnggi 30 yilda turli masʼul rahbarlik lavozimlarida samarali mehnat qilib kelmoqda. 1995-2010 yillarda Vazirlar Mahkamasida onalik va bolalik, sogʼliqni saqlash, ijtimoiy muhofaza masalalari bilan shugʼullangan. 2010-2016 yillarda Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi raisi, 2016-2019 yillarda Bosh vazir oʼrinbosari – Oʼzbekiston xotin-qizlar qoʼmitasi raisi lavozimlarida samarali mehnat qildi. Oxirgi olti oyda Senat raisi sifatida katta ishlarni amalga oshirdi.
Tanzila Kamalovna boshqaruv, jamoat ishlarida katta tajriba toʼplagan malakali rahbar kadrlarimizdan biri, desak, mubolagʼa boʼlmaydi.
Muhtaram senatorlar!
Bugun barchangiz ushbu nomzodni toʼliq qoʼllab-quvvatlaganingiz va oʼz hurmatingizni bildirganingiz Tanzila Kamalovnaga katta ishonch va gʼayrat bagʼishlashi shubhasiz.
Hurmatli Tanzila Kamalovna, Sizga masʼuliyatli faoliyatingizda yangi omadlar va ulkan zafarlar tilayman.
Endi Senat Raisining oʼrinbosarlari lavozimiga nomzodlar haqida gapiradigan boʼlsak, men bu vazifalarga quyidagi nomzodlarni tavsiya etmoqchiman.
Senat Raisining birinchi oʼrinbosari lavozimiga senator Sodiq Solihovich Safoev nomzodini tavsiya etaman.
Bu kishi salkam 30 yil davomida tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy masalalar sohasida muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda. Turli yillarda tashqi ishlar vaziri, Oʼzbekistonning Germaniya va АQShdagi Favqulodda va muxtor elchisi boʼlib ishlagan. 2005-2016 yillarda Oliy Majlis Senatining Tashqi siyosat masalalari qoʼmitasi raisi, 2016 yildan buyon esa Senat raisining birinchi oʼrinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.
Sodiq Solihovichni barchangiz mohir diplomat, xalqaro maydonda taniqli jamoat arbobi sifatida yaxshi taniysiz. Bu rahbar ham oʼz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni munosib ado etishiga tilakdoshman.
Senat Raisi oʼrinbosari lavozimiga senator Musa Tajetdinovich Yerniyazov nomzodini tavsiya etaman.
Bu olijanob inson, oqsoqolimiz oʼz faoliyatini qurilish sohasida boshlab, keyinchalik Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi oʼrinbosari lavozimida xizmat qilgan. Qoraqalpoq elining katta hurmat va ehtiromini qozonib, 2002 yildan buyon Qoraqalpogʼiston Respublikasi Joʼqorgʼi Kengesi raisi, bir paytning oʼzida Oliy Majlis Senati Raisining oʼrinbosari sifatida ishlab kelmoqda.
Oʼtgan yili mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash, islohotlar jarayonlaridagi fidoyiligi, ibratli faoliyati uchun Musa Tajetdinovichga “Oʼzbekiston Qahramoni” yuksak unvoni berilganidan barchangiz xabardorsiz.
Bu koʼpni koʼrgan, tajribali va tashabbuskor rahbar, kamtarin va mehnatkash inson bilan senatorlar birgalikda samarali ishlaydilar, deb ishonaman.
Senat Raisi oʼrinbosari lavozimiga senator Zayniddin Mahamatovich Nizamxodjaev nomzodini tavsiya etaman.
Tibbiyot fanlari doktori, professor, “Oʼzbekiston Qahramoni” Zayniddin Mahamatovichni bu yerda oʼtirganlarning hammasi yaxshi taniydi, deb oʼylayman. Uzoq yillar davomida xalqimizning sihat-salomatligi, fan, taʼlim, madaniyat va sport sohalari taraqqiyoti yoʼlida katta ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Bu kishi oxirgi 5 yilda Oliy Majlisning tegishli qoʼmitasi raisi sifatida faol ish olib bordi.
Zayniddin Mahamatovich yangi masʼuliyatli lavozimda sizlar bilan yaqin hamkorlikda muvaffaqiyatli faoliyat koʼrsatishiga ishonaman.
Hurmatli Senat aʼzolari!
Аlbatta, hozir aytib oʼtilgan vazifalar barcha senatorlardan yuksak masʼuliyat, tashabbuskorlik va fidoyilikni talab etadi. Ushbu vazifalarning samarali amalga oshirilishi Senatni kelgusida professional palataga aylantirish borasida dastlabki muhim qadam boʼladi, deb ishonaman.
Bugun koʼpmillatli xalqimiz biz rahbarlardan, avvalambor, yangi saylangan deputat va senatorlardan hayotimizni yanada erkin, obod va farovon etishga qaratilgan amaliy ishlarni kutmoqda. Barchamiz saylovchilar oldida, yurtdoshlarimiz oldida bizga bildirilgan yuksak ishonchga har tomonlama munosib boʼlishimiz kerak.
Har kuni, har soatda vijdonimiz oldida hisobot berib, halol-pok boʼlib, el-yurt manfaatini oʼylab ishlasak, men aminman, xalqimiz ham, Yaratgan ham bizdan rozi boʼladi.
Mana shunday ezgu maqsad yoʼlida barchangizga sihat-salomatlik, kuch-gʼayrat va omad tilayman.
Eʼtiboringiz uchun rahmat.