«Yaxshi dam - mehnatga hamdam» Tergov boshqarmasi tashabbusi
Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tashabbusi bilan, bosh boshqarma rahbarlari va xodimlari «Zangiota» ziyoratgohiga tashrif buyurdi.
Joriy yilning 9 fevral yakshanba kuni. Ichki ishlar organlari xodimlari va oila aʼzolarining, madaniy va maʼrifiy dunyoqarashlarini yanada yuksaltirish hamda dam olish kunlarini mazmunli oʼtkazish maqsadida har yakshanba kunlari yurtimizning turli eʼtiborga sazovor joylariga sayohat uyushtirish viloyat IIBBning anʼanasiga aylangan.
IIBB xodimlarining navbatdagi tashrifi viloyatning Zangiota tumanida joylashgan «Zangiota» ziyoratgohi boʼldi.
Tashrif davomida hamkasblarimiz milliy qadriyatimiz ramzi boʼlgan, ushbu tarixiy majmua bilan yaqindan tanishishdi. Meʼmoriy yodgorlik hamda Zangiota, Аnbar ona haqidagi rivoyatlar-u kitoblardan oʼqigan-bilganlari haqida bir-birlari bilan suhbatlashishdi.
– Bugun ushbu majmua ziyoratchilar bilan gavjum. Tinch-osuda yurtimizga koʼrk bagʼishlab turibdi. Necha asrlik tarixga guvoh bu maskan, oʼz fayz-u tarovati bilan ziyoratgohga uzoq-yaqindan kelgan yurtdoshlarimiz, xorijlik mehmonlar, qolaversa, hamkasblarimiz qalbiga nur, koʼngliga huzur, xotirjamlig-u goʼzal umidlar hadya etmoqda, -deydi katta leytenant Fozil Xalqulov.
Ziyorat yakunlangach ehson dasturxoni yozilib, osh tortildi.
«Zangiota» nega «Zangi ota» deyilgan?
Majmuaning bunday nomlanishi Oyxoʼja ibn Toshxoʼja ismli shaxs nomi bilan bogʼliq boʼlib, toʼq bugʼdoyrang tusli kishi boʼlganligi sababli odamlar orasida “Zangi ota” (yaʼni “qorachadan kelgan”) nomi bilan mashhur boʼlgan.
Milodiy 1258 yil, Toshkent yaqinidagi hozirgi Zangiota qishlogʼida vafot etgan. Mazkur majmua viloyatdagi necha asrlik meʼmoriy yodgorlik hisoblanadi. Zangiota maqbarasini XIV asrning 80-yillarida Аmir Temur qurdirgan va XV asrning 20-yillarida Mirzo Ulugʼbek homiyligida qoʼshimcha qurilishlar hamda bezak ishlari bajarilgan.
Ziyoratgoh majmuasi Аnbar bibi maqbarasi, darvozaxona, Madrasa, masjid, Xonaqoh shiypon, minora va hovuzdan iborat.