Navoiy viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari – Tergov boshqarmasi boshlig‘i sayyor qabul o‘tkazdi
Joriy yilning 26 iyul kuni Navoiy viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari – Tergov boshqarmasi boshlig‘i polkovnik O.A.Xasanov tomonidan Navoiy shahri aholisi ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi.
Fuqarolar bilan muloqot davomida tergov faoliyati, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish masalalariga oid muammolar hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalari xodimlarining xizmat faoliyati bilan bog‘liq masalalar yuzasidan murojaatlar kelib tushdi.
Polkovnik O.A.Xasanov tomonidan 15 nafar fuqarolar qabul qilinib, 4 ta murojaatni o‘rganib chiqish uchun qo‘shimcha vaqt talab etilganligi bois, aniq muddat va mas’ul xodimlar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi. 11 nafar fuqarolarning murojaatlari yuzasidan huquqiy maslahatlar berilib, ariza va shikoyatlarida ko‘tarilgan masalalar shu erning o‘zida ijobiy hal etildi.
Navoiy shahrida o‘tkazilgan sayyor qabul davomida aholini qiynab kelayotgan ayrim ijtimoiy muammolar ham mavjudligi aniqlandi. Xususan, Karmana tumanida joylashgan “Qo‘rg‘ondala” agrofirmasi ish boshqaruvchisi M.E.Sharipov quyonchilik faoliyatini rivojlantirish maqsadida TIF Milliy bankning Navoiy viloyat filialidan kredit olishda muammolarga duch kelayotganligini bildirib, ushbu masalada amaliy yordam berishni so‘radi. Ushbu masalaning ijobiy hal etilishini ta’minlash maqsadida tegishli mutasaddi idoralarning mas’ul xodimlari jalb etilib, murojaatni qanoatlantirish choralari ko‘rildi.
Bugungi kunda tasdiqlangan alohida reja asosida Navoiy viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik A.O.Xasanov tomonidan viloyatning barcha shahar va tumanlarida sayyor qabullar o‘tkazilishi davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti