Oliy Majlis Senati yigirma uchinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi
Senatorlar “Chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha bo‘lish qoidalarini buzganligi uchun javobgarligi liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar. Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish nazarda tutilmoqda. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.
O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksidan 224-modda (O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish qoidalarini buzish) chiqarib tashlanmoqda. Bunday holat ushbu moddada nazarda tutilgan jinoyatlar soni kamayganligi bilan izohlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 381-2-moddasiga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 224-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlar jinoyat toifasidan chiqarilishi munosabati bilan ichki ishlar organlari tomonidan surishtiruv o‘tkazishni istisno etishni nazarda tutuvchi tegishli o‘zgartish kiritilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik chora-tadbirlarini farqlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalariga o‘zgartishlar kiritilmoqda. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Parlament yuqori palatasi a’zolari “Bojxona ma’muriyatchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar. Qonunda bojxona sohasidagi huquqbuzarliklar uchun jarima miqdorlarini oshirish nazarda tutilmoqda.
Jumladan, jarima sanktsiyalarining oshirilishi huquqbuzarliklarning quyidagi turlariga nisbatan qo‘llaniladi: bojxona organi ruxsatisiz berish, tovarlar, transport vositalari va ular hujjatlarini yo‘qotish yoki yetkazib bermaslik; bojxonada rasmiylashtirish tugallanmagan tovarlar va transport vositalarini tasarruf etish va hokazo.
Shu bilan birga, Qonunda ma’muriy jazo qo‘llangandan keyin o‘ttiz kun ichida tovar va transport vositalari qaytarib olinmasa, fuqarolar uchun tovar va transport vositalarini musodara qilish nazarda tutilmoqda. Bundan tashqari, tegishli moddalarda nazarda tutilgan huquqbuzarliklar uchun transport vositalarini ushlash va ko‘zdan kechirishga doir bojxona organlari mansabdor shaxslarining huquqi mustahkamlanmoqda.
Shuni ta’kidlash lozimki, Qonun qabul qilinishi qonun ustuvorligini ta’minlashni davom ettirishga, shuningdek tovarlarni bojxona chegarasidan olib o‘tish bo‘yicha noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan shaxslar javobgarligini oshirishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Parlament yuqori palatasi a’zolari “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar.
Qayd etilganidek, Qonun 8 ta qonunga va 4 ta kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi.
Xususan, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunda belgilab qo‘yilishicha, tabiatni muhofaza qilishni ta’minlashning iqtisodiy mexanizmi ekologik xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolar sog‘lig‘ini va atrof-muhitni g‘ildirakli transport vositalari, o‘ziyurar mashinalar va ularning tirkamalari o‘z iste’mol xususiyatlarini yo‘qotganidan keyin hosil bo‘ladigan chiqindilarning zararli ta’siridan himoya qilish uchun utilizatsiya yig‘imi undirishni nazarda tutadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining 2019-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat byudjeti parametrlari hamda 2020-2021- yillarga byudjet mo‘ljallari to‘g‘risida” 2018-yil 26-dekabrdagi PQ-4086-son qarorining 28-bandi asosida 2019-yil 1-yanvardan boshlab zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa hamda dafn etish marosimi uchun nafaqalarni to‘lash xarajatlarini moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Shu munosabat bilan “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi, “Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Ekologik xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolar sog‘lig‘ini va atrof-muhitni g‘ildirakli transport vositalari texnik xususiyatlari va eskirishini hisobga olib, ulardan foydalanishning zararli ta’siridan himoya qilish uchun shart-sharoitlar yaratish, shuningdek motor transport vositalarini utilizatsiya qilish mexanizmlarini jahon amaliyotiga muvofiq yanada takomillashtirish maqsadida “Chiqindilar to‘g‘risida”gi Qonun utilizatsiya yig‘imiga doir norma bilan to‘ldirilmoqda.
“Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Qonunning qabul qilinishi tegishli sohalarda qonun hujjatlarini va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
So‘ngra senatorlar tomonidan “Madaniy ifodalarning turli xil shakllarini muhofaza qilish va qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi xalqaro konventsiyani (Parij, 2005 yil 20 oktyabr) ratifikatsiya qilish haqidagi” hamda “O‘zbekiston Respublikasining biologik xilma-xillik haqidagi Konventsiyaning bioxavfsizlik bo‘yicha Kartaxen protokoliga qo‘shilishi (Monreal, 2000-yil 29-yanvar) to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari muhokama etildi va ma’qullandi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati yigirma uchinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.