O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Jinoyat natijasida zarar ko‘rgan shaxslarning huquqlari tiklanishi ta’minlanadi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining yig‘ilishida “Huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi obdon muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu sa’y-harakatlar natijasida kriminogen vaziyatni sezilarli darajada yaxshilashga erishildi.

Lekin hozirgi davr jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishini yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilayotgan ushbu qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasi yuzasidan partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, bir qator takliflar, fikr-mulohazalar bildirdi. Loyihadagi ayrim normalar yuzasidan ko‘plab savollar ko‘tarildi va ularga qonun tashabbuskorlari tomonidan batafsil javoblar olindi.

Mazkur qonun loyihasi bilan taklif etilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar orqali aholining tinch va osoyishta hayotini ta’minlash va mamlakatda kriminogen vaziyatni sezilarli yaxshilanishiga erishiladi.

E’tiborlisi, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha yarashtiruv instituti ta’sir doirasi kengaytirilishi, inson huquqlarini yanada ishonchli himoya qilishga imkon berib, respublikada huquqbuzarlik holati pasaytirilishiga, asosiysi, jinoyat natijasida zarar ko‘rgan shaxslarning huquqlari tiklanishi ta’minlanishiga zamin yaratiladi.

Qizg‘in baxs-munozaralardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

OʼZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY MAJLISI
QONUNCHILIK PALATASI

Text to speech