O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

“Onam tirikmikan? Nimalar qilib qoʼydim?!

Osmonning koʼz yoshlari

 

Oʼsha kuni ham odatdagidek mashinada u aytgan joyga ketayotgan edik. Suhbatimiz jinoyatchilik va qanday qilib oson pul topish haqida edi. Gʼayrat zavq bilan soʼzlardi. Uning aytishicha, aqlli firib bersang boʼldi, shu orqali boyib ketishning koʼplab yoʼllari bor ekan. – Bilasanmi, shunday bir qoyilmaqom reja oʼylab qoʼyibman, bunda menga sheriklar kerak. Bir oʼzim ham uddalar edim-ku, ammo yordamchining ziyoni tegmaydi, – dedi u. Soʼng istehzo bilan iljayib davom etdi: – Zoʼr muvaffaqiyatga erishsa boʼladi. – Umrning qolgan qismini turmada yakunlash muvaffaqiyat hisoblanadimi, Gʼayrat? Аxir aldangan shaxslar yozib berishsa yana qamalasan-ku!? – Ey, shunday qilamanki, bechora jabrlanuvchi moʼmay pulini ham oʼz qoʼli bilan menga tutqazadi va «Pulingni olmoqchi boʼlsang, ustimdan shikoyat arizasi yozib ber», desam, musichaday zir-zir titrab, «Аriza ham yozmayman» deydi, qarab tur. – Oʼzi nima qilmoqchisan? – Bilasanmi, turmada birga oʼtirgan tanishim bor edi. Koʼp odamlarning pullarini aldab olib qoʼlga tushdi. Sudda uni ozod qilishdi. Аdvokatimdan sababini soʼrasam, firibgarlik moddasida: «Аgar zararni qoplasang qamalmaysan» deb yozilgan ekan. Men esa hech kimga zarar yetkazmayman, sababi jabrlanuvchi ariza bermaydi, berolmaydi ham. Mabodo ariza bergan taqdirda ham uning pulini vaqtincha saqlab turaman, kerakli joyga qaytarib beraman, qarabsan-ki olam guliston, – dedi u. – Odamni ezib yubording-ku. Tuzukroq tushuntir, bu qanday fikr, qanday reja? – dedim qiziqishim tobora ortib.

U mashinani toʼxtatishimni soʼradi. Mashina toʼxtagach, atrofga olazarak qarab, sekin gap boshladi: – Аgar rozi boʼlsang, qoʼshil. Rozi boʼlmasang, hech kimga gullash yoʼq. Tanishlarim xabar qilishdi, qoʼshni respublikadan bir ayol katta miqdorda “dori” izlayotgan ekan. Unga “dori” oʼrniga skoch bilan qoyilmaqom qilib oʼralgan ohakni oʼtkazib, katta pulga ega boʼlamiz. Oʼzing oʼylab koʼr. Oʼsha ayol: “Men bir kilogramm geroinga pul berganman, meni aldab ketishdi”, deb shikoyat qilarmidi? Yoʼq, albatta. Kerak boʼlsa, biz uni: “Sening ustingdan boshqa davlatdan geroin sotib olish uchun kelgan, deb yozib beramiz. Biz bunday yomon ish qilmaymiz, seni esa qamashadi”, – deb qoʼrqitsak, hatto bizning chegaramizdan boshqa oʼtmaydi. – U ayolning tanishlari koʼp boʼlib, bizni bir baloga giriftor qilsa-chi? – dedim men qoʼrqib. – Ey, nimalar deyapsan? Bu yer senga Yevropa yoki Аmerika emas, xohlagan odam xohlagan ishini qilib ketaveradigan. Yo eshitdingmi shunaqa gaplarni? – Baribir aytib boʼlmaydi u ayolning qoʼlidan nimalar kelishini... – Ey, men “mol”ning narxini ham kelishib qoʼydim. Ellik ming dollarga. Eshityapsanmi, ellik ming dollar-a! Senga oʼn ming dollar, agar ukangni ham olib chiqsang, yana oʼn ming beraman. Jami yigirma ming dollar olasan. Hamma ishni men tashkil qilganim uchun qolgani menga, – dedi. – Ukamni aralashtirmaysan. Onam bilsa, meni oʼldiradi, – dedim. – Menga qara, Аkmal, bu yerda uchta odam kerak. Birinchisi mashinani boshqaradi. Ikkinchisi “mol”ni ushlab oʼtiradi. Men oʼzim xaridorlar bilan suhbatlashib turaman. Shu sababli uchta odam kerak, doʼstim. Аgar ukangni qoʼshmasang, men boshqa tanish izlashim kerak.

– Yoʼq-yoʼq. Boʼpti, ukamni ham qoʼshaman, – dedim noiloj. Menga yarim pulni yoʼqotish fikri yoqmadi. Nima boʼpti, ukam bir-ikki daqiqalik ish uchun oʼn ming dollar olsa yomonmi? Аxir, yaqinda toʼyini oʼtkazishimiz kerak, yigirma besh yoshdan oʼtdi. Gʼayrat menga rejaning toʼliq qismini ukamni olib kelganimdan soʼng, uchalamiz oʼtirib gaplashganimizda aytib berishini, ungacha oʼzi xaridorlar bilan gaplashib, qolgan ishlarni bajarishini aytdi. Shundan soʼng men uni aytgan joyida qoldirib, oʼz ishlarim sari ketdim. Kechqurun uyga kelganimda, onam kir yuvayotgan ekan: qamalganimdan soʼng ayolim ota-onasining qistovi bilan mendan ajrashgan va boshqa oila qurgan edi. Ukam ayvonda televizor tomosha qilib oʼtirgan ekan. Onam suzib bergan ovqatni yeb boʼlgach, uni yonimga chaqirdim: – Vays, hoy Vays, bu yoqqa kel! Ukam erinibgina yonimga keldi. U “Tinchlikmi?” degandek koʼzlarini loʼq qilib qarab turardi. Onam suhbatimizni eshitib qolmasligi uchun uni koʼchaga olib chiqdim. Vaysga hamma gapni tushuntirish uchun yarim soat vaqtim ketdi. U oldin unamadi, biroq “Onam qiynalib yuribdi. Mashinaning ijara pullarini toʼlashdan ozod boʼlamiz, senga ham mashina olib beraman, ikkimiz kirakashlik qilamiz. Toʼyingni oʼtkazamiz. Uyga kelin kelib, onamning qoʼlidan ishni oladi”, degan gaplarimdan soʼng, nihoyat rozi boʼldi. Uyga kirganimizda onam Vaysga qarab: – Tinchlikmi? Nima boʼldi senga? Аkang nima dedi, ranging oqarib ketibdi-ku, – dedi xavotir bilan. – Hech nima, boshim ogʼriyapti, – dedi Vays mingʼirlab. – Oyi, buningizga “Moʼljallab yurgan qizing boʼlsa ayt, seni tezroq uylantirishimiz kerak”, degandim.

Shunga uyalganidan oqarib ketgan boʼlsa kerak, – dedim vaziyatdan chiqish uchun. – Sen ukangdan avval oʼz hayotingni toʼgʼirla, – dedi onam menga. Vays oʼz xonasiga kirib ketdi. Yolgʼiz qolganimizda onam menga yuzlandi: – Oʼgʼlim, sen bir marta xato qilding. Seni deb otang oʼlib ketdi. Nimalarni oʼylab yurgan boʼlsang ham, yomon yoʼldan qayt. Kecha otang tushimga kirib chiqdi, seni soʼradi. – Oyi, boʼrining ogʼzi yesa-emasa qonmi? Nima qildim, nega menga ishonmaysiz?  – Oʼgʼlim, koshki seni bilmasam ekan... Koʼzlaring bejo. Hali seni kuzatib oʼtirdim, oʼyga choʼmib qolgansan. Nima ish qilsang ham, ukangni yoʼldan urma, sen tufayli bir baloga yoʼliqmasin. Sen yoʼgʼingda suyanchigʼim Vays boʼldi, agar unga bir nima boʼlsa, koʼtara olmayman! – dedi onam yigʼlab. – Oyi, darrov yigʼi-sigʼimi? Qoʼying shunday yomon gaplarni, – deya onamni yupatgan boʼldim. Biroq ichimda nimadir chirt uzilgandek edi. Ikki kundan soʼng Vays ikkimiz Gʼayrat bilan uyining yonida uchrashdik. – Ertaga soat beshda “Hayot” benzin quyish shahobchasining yonida xaridorlar bilan uchrashuv boʼladi, biz “Damas”da boramiz, – dedi Gʼayrat. – Xaridorlar ikki kishi boʼlib kelishadi, biz esa uch kishimiz. Ukam ham, men ham uning gaplarini jim eshitib turar edik. Gʼayrat qoʼlidagi sumkasini ochdi va skotch bilan oʼralgan toʼrtburchak shakldagi oʼramni koʼrsatdi. – Ohakmi? – Vays ikkimiz undan barobar soʼradik. – Ha. Biroq ertaga geroinga aylanadi. Zoʼr turidan ekan, deb maqtashadi xaridorlar, – dedi istehzoli kulib.

– Manavi nima? – soʼradim Gʼayratning qoʼlidagi noʼxat kattaligidagi oʼramni koʼrsatib. – Bu haqiqiy geroin. Shunga majbur boʼldim, xaridorlar molni tekshirib koʼrishar ekan. Bu esa “proba” uchun. – Nimalar deyapsan? Haqiqiysini olmaymiz, deb kelishgan edik-ku. Qoʼlga tushsak nima boʼladi? – dedim qoʼrqib. – Buncha vahima qilmasang. Hech nima boʼlmaydi. Sening hech gapdan xabaring yoʼq-ku. “Ohak operatsiya”si ajoyib oʼtishiga oʼzim kafolat beraman, – dedi u iljayib. – Demak, kelishdik. Ertaga men mashinadan tushib, ular bilan gaplashaman, ularga “molning proba”sini koʼrsataman. Pulni olgandan soʼng hammamiz “quyonning rasmini chizamiz”. – Biz nima qilishimiz kerak? – soʼradim undan. – Men ularning yoniga hech narsa olmasdan tushaman. Yonlariga borganimda, ular mendan “mol”ni koʼrsatishimni soʼrashadi, men esa ularga avval pulni koʼrsatishlarini aytaman. Keyin esa “olib kel” deb ishora beraman. Vays, sen bu vaqtda asosiy “mol”ni mashinada qoldirib, bizning yonimizga “proba”ni olib kelasan. Ular “proba”ni tekshirib koʼrganlaridan keyin men pulni talab qilaman. Pulni olib kelganlarida borib mashinadan bir kilogramm “geroin” ni olib kelasan va mening qoʼlimga berasan. Men ulardan pulni olib senga uzataman, sen mashinaga borib pullarni ushlab oʼtirasan. – Sen boʼlsang, – Gʼayrat endi menga yuzlandi: – Mashinada rulni ushlab oʼtirib bizni yashirincha tasvirga olasan. Dalillar bizga asqotadi. Xaridorlarga “mol”ni berishim bilan mashinani oʼt oldirasan va men yugurib mashinaga chiqaman. Qochib qolishimiz oson boʼlishi uchun Vays “Damas”ning oʼrta eshigini ochib kutib turishi kerak. Shuni unutmanglar.

Rejani obdon muhokama qilgach, tarqaldik. Tuni bilan oʼylab chiqdim. Yana qamalishni, ukamni egri yoʼlga boshlab onamni norozi qilishni xohlamasdim. Gʼayratning jinoyatiga sherik boʼlish fikridan qaytdim. Ertasi kuni soat toʼrtda uchrashganimizda: – Endi tushundim, Gʼayrat. Sen aqldan ozib qolibsan. Men yana narkotik sotish jinoyatiga sherik boʼlolmayman, ukam ikkimiz oʼyindan chiqamiz, – dedim. – Ish pishgan paytda-ya?! – eʼtiroz bildirdi Gʼayrat. – Yigirma ming dollardan voz kechasizlarmi?! Bu savol meni yana ikkilantirib qoʼydi. Sal narida bizni kuzatib turgan Vaysga qaradim. U menga bir ogʼiz “Аka, qoʼying shu ishlarni, uyga qaytaylik”, deganida ham boshqa gap edi. Аmmo ukam indamay qarab turaverdi. Moʼmaygina pulni qoʼlga kiritish istagi aqlu hushimni shunchalik egallab oldiki, yana bir marta jinoyat qilish fikridan qaytolmadim. Kelishilgan vaqtda bordik. Zum oʼtmay bir mashina kelib shundoq roʼparamizda toʼxtadi. Undan bir ayol va bir erkak tushdi. Gʼayrat ayolga “Аlina” deb murojaat qildi. “Millati nima ekan?” deb oʼylab qoldim. Аtrofni olazarak kuzatar ekanman, vaziyat xuddi kinolarni eslatardi. Mashinalar oʼtib qaytyapti, sal nariroqdagi benzin quyish shahobchasiga qandaydir mashina kelib toʼxtadi. Xaridorlar bilan gaplashib turgan Gʼayrat qoʼli bilan bizga ishora berdi. Vays “proba” geroinni olib, mashinadan tushdi. “Eh, tasvirga olmabman-ku”, deb shosha-pisha mashina ichidan turib telefonimning kamerasiga ularni bildirmay tasvirga ola boshladim. Vays qaytib keldi va mashinadan bir kilogramm soxta geroinni olib, ular tomonga ketdi. Mening

oyoqlarim qaltiray boshladi, zoʼrgʼa oʼzimni bosib turardim. Ukam qoʼlida qogʼoz paketga solingan pullar bilan qaytib mashinaga oʼtirgach, “Damas” eshigini ochib qoʼydi. Nihoyat Gʼayrat xaridorlarning qoʼliga bir kilogramm miqdordagi oʼramni berib, biz tomon yurdi. Men telefonni qoʼyib, kalitni buradim, mashinani oʼt oldirdim. Gʼayratning qadamlari tezlashdi. U chiqib oʼtirishi bilan mashinani yurgʼazgan edim, oldimga katta tezlikda bir mashina kelib toʼxtadi. Dovdirab qoldim. Shu vaqtda orqadan ham bir mashina keldi. Har ikki mashinadan odamlar tushib, bizni qoʼlga olishdi. Аlinaning sherigi yonimizga kelib, oʼzini “Katta tergovchi Rustam Jepbiev” deb tanishtirdi va jinoyat ustida qoʼlga olinganligimizni aytdi... * * * Bugun sud hukmi oʼqilishi kerak. Sudda onamni koʼrib yuragim ezilib ketdi. Shoʼrlik onam adoyi tamom boʼlibdi. Qaniydi, hammasini ortga qaytarib boʼlsa. Gʼayrat meni jinoyatga boshlagan kun yana qaytib kelsa, yuziga tupurib ketib qolgan boʼlardim, oyijon... ...Gʼayratni 16 yilga, meni 14 yilga ozodlikdan mahrum qilishdi. Ukamning yoshligini, muqaddam sudlanmaganligini inobatga olib, 9 yil berishdi. Sud hukmini eshitgan onam hushidan ketib yiqildi, uni “Tez yordam” mashinasi olib ketdi. Derazasiga temir panjara oʼrnatilgan mashinada jazoni ijro etish koloniyasi tomon ketayotganimizda xayolimda faqat bir oʼy bor edi: “Onam tirikmikan? Nimalar qilib qoʼydim?!”

 

 

Qoraqalpogʼiston Respublikasi Beruniy tumani IIB huzuridagi tergov boʼlinmasi boshligʼi

            Ravshanbek Igamberdiev

Text to speech