O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Hayot yo‘li bir tеkis emas

Podpolkovnik Mirmaqsud Mirpo‘latov hozirda Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasida O‘MIB tergovchisi lavozimida xizmat qilib kelmoqda. Sohada 20 yildan oshiq xizmat qilib, bir qator yutuqlarga erishdi. Shu bilan birga sinovli kunlarni ham boshidan o‘tkazdi. Ana shunday sinovli kunlarida otasi Mirhasan aka, onasi Feruza opa va turmush o‘rtog‘i Yodgoraxon yonida turdi, unga dalda bo‘ldi. Farzandlari – Xonzodabegim, Shahzodabegim, Muhammadyusuf va Muhammadsaidlarning kelajagini o‘ylab, sabr-bardoshli bo‘lishga harakat qiladi.

...Mirmaqsud maktabda tarix va huquqshunoslik fanlarini o‘zgacha qiziqish bilan o‘zlashtirdi. Shu fanlardan o‘tkazilgan olimpiadalarning Olmazor tumani va Toshkent shahar bosqichlarida faxrli birinchi o‘rinni egallagan. Ana shu qiziqish uni ichki ishlar organi xodimi bo‘lishga undagan bo‘lsa, ne ajab.

Olmazor tumani IIB tergov bo‘limi­da ish boshlagan Mirmaqsud ke­yinchalik IIV huzuridagi Tergov bosh boshqarmasida faoliyatini davom ettirdi. Ko‘plab jinoyat ishlarini tergov qildi. Jumladan, 2005-yilda Andijon voqealari yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlarini tergov qilishda ham faol ishtirok etdi. O‘sha paytlar u 24 yoshda edi. Yosh bo‘lsa-da, ustozlaridan olgan bilim va tajriba­ni ishga solib, qat’iylik bilan ish olib bordi. Bosh prokuraturaning asosiy jinoyat ishidan alohida ish yurituviga ajratilib, Tergov boshqarmasi ish yurituviga topshirilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov guruhiga rahbarlik qildi. Uning xizmatlari e’tirof etilib, bir necha marotaba vazirlik rahbariyati tomonidan rag‘batlantirildi.

Ammo hayot yo‘li bir tekis emas ekan. 2013-yilning may oylari edi. Qahramonimiz bu vaqtda IIV huzuridagi Tergov bosh boshqarmasi bosqinchilik, uyushgan jinoyatchilik va o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasida O‘MIB tergovchisi lavozimida xizmat qilardi. U ichki ishlar organlari safidan nohaq bo‘shatildi. Yolg‘on ariza va ko‘rsatmalarga asoslangan jinoyat ishi hujjatlariga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining hukmi bilan 10 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Jazo muddatining ma’lum bir qismini o‘taganidan so‘ng, ozodlikka chiqariladi. Yorug‘ kunlar albatta kelajak. M. Mirpo‘latov kabi ko‘plab aybsiz insonlar oqlandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining kassatsiya instansiyasida sud jarayoni qaytadan ko‘rib chiqilib, sud hukmiga ko‘ra, uning harakatlarida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli to‘liq reabilitatsiya qilindi.

2019-yilning dekabr oyida Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan xiz­matga qayta tiklandi.

– Yana o‘zim sevgan kasbimni davom ettirayotganimdan mamnunman, – deydi podpolkovnik Mirmaqsud Mirpo‘latov. – Menga ishonib topshirilgan tergov yo‘nali­shidagi nazoratni amalga oshirish, dastlabki tergov masalalariga oid normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish borasida takliflar ishlab chiqish orqali samaradorlikni ta’minlashda o‘z hissamni qo‘shmoq­daman. Buning uchun uztozlarim iste’fodagi polkovniklar Qurbonbibi Sultonova, Murod Karimov, Shavkat Usmonov hamda Sergey Shinyayevdan bir umr minnatdorman.

Sarvar SOBIROV
© POSTDA – На посту

Text to speech