Andijon viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tashabbusi bilan talaba-yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha davra suhbati o‘tkazildi
Joriy yilning 14 fevral kuni Andijon davlat universitetining faollar zalida yoshlar orasida jinoyatchilikni oldini olish hamda huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish bo‘yicha davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda Andijon viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Alijon Mirzayev, universitet profilaktika katta inspektori Ulug‘bek Nazarov, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Rustamjon Mullajonov, korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i Abdukarim Akbarov, fakultetlarning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari va 300 dan ziyod talabalar ishtirok etdi.
Davra suhbatida qotillik va og‘ir tan jarohati yetkazish borada viloyat IIB xodimlari tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida atroflicha maʼlumotlar berildi. Shuningdek, bugungi kunda ayrim yoshlar jinoyatchilikning oqibatlari yaxshilikka olib kelmasligini bilib turib ham huquqbuzarliklarga qo‘shilib qolayotganligi, eng achinarlisi talaba yoshlar orasida turli tadbirlarda alkogol ichimliklarni isteʼmol qilib, o‘rtoqlari bilan janjallashish va tan jarohati yetkazish holatlari uchrab turganligi hayotiy misollar orqali aytib o‘tildi.
Bundan tashqari, oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari hamda talabalari atrofimizdagi voqealarning asl mohiyatini xalqimizga, ayniqsa, yoshlarimizga to‘g‘ri tushuntirish ishlarini olib borishda alohida rol o‘ynashlari, yoshlar orasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini kuchaytirish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri ekanligi alohida taʼkidlandi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati