O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Bezori kampirlar

Esimda, tergov-tezkor guruhi tarkibida navbatchi edim. Ertalab rahbarlar tomonidan yo‘riqnoma o‘tkazildi. Tushlikkacha bir-ikki chaqiruvlarga borib keldik. Tushlikdan so‘ng esa tuman kasalxonasiga bir bemor do‘pposlangan holda yotqizilgani xabarini oldik. Mening yonimda tezkor-tergov guruhi aʼzosi, profilaktika inspektori bilan birgalikda tuman kasalxonasiga yo‘l oldik. Jabrlanuvchi yotgan palataga kirganimizda, bemor to‘shakda inqillab yotgan ekan.

– Assalomu alaykum, men tumani Jinoyat qidiruv bo‘limidan Abdullayev Neʼmat bo‘laman, yonimdagi profilaktika inspektori Otabek Bekchanov, – deb tanishtirdim. So‘ng jabrlanuvchi to‘g‘risidagi maʼlumotlarni aniqlab yozib olganimdan so‘ng:

– Nima bo‘lganligini batafsil aytib bering?

– Men qovun-tarvuz sotaman. Yo‘l chekkasida savdo qilman. Tushlik vaqtda aroq ichib o‘tirgandim. Bir payt yonimga ikkita kampir keldi va ular bilan birga tarvuz yedik. Men ichib o‘tirgan aroqdan o‘zlariga quyib ular ham aroq ichishdi.

– Nimalar deyapsiz, kampirlar aroq ichmaydi? – dedi Otabek.

– Men ham hayron bo‘ldim. Ularning aytgani bo‘yicha savdoda tushgan pullarga yana ikki shisha aroq olib keldim va biz uni ham ichdik. So‘ng ular meni urib, do‘pposlab tashlashdi. Bir payt o‘zimga kelsam, kampirlar yo‘q ekan.

– Nima ikkita kampir sizni urishdimi?

– Ha, ularning ho‘kizdek kuchi bor ekan. Ularga kuchim yetmadi. 

– Siz aytgan joy “Qizilqalʼa” qishlog‘i, tuman markazidan o‘ttiz besh kilometr uzoqlikda, u qishloqdagilar bir-birini taniydi. Siz ham o‘sha qishloqdan bo‘lsangiz, o‘sha kampirlarni tanisangiz kerak.

– To‘g‘ri, bizning qishloqqa kelgan notanish odamni darrov taniymiz, biroq ular bizning qishloqdanmas.

– Unda qayerlik bo‘lishi mumkin?

– Bilmayman.

– Balki o‘sha kampirlar bilan birga ovqatlanganingizdan so‘ng mast bo‘lib, boshqa birovlar bilan janjallashgan bo‘lsangiz, esingizda kampirlar qolgan bo‘lmasin!

– Yo‘q, meni aniq kampirlar do‘pposladi.

 

Shundan so‘ng biz shu qishloqda faoliyat ko‘rsatuvchi profilaktika inspektoriga qo‘ng‘iroq qildik. Unga jabrlanuvchining ko‘rsatmalarini aytib, shunga o‘xshash holat oldin ham bo‘lganligini so‘radik. U bunday holat oldin bo‘lmaganligini va surishtirish ishlarini olib borishini aytdi. Biz jabrlanuvchi bilan rasmiylashtirish ishlarini olib bordik. Shundan so‘ng navbatchilikni davom qildirdik. Kechqurun yo‘l transport hodisasi to‘g‘risidagi chaqiruvga asosan tezkor-tergov guruhi bilan hodisa sodir bo‘lgan joyga yetib bordik. Yuk mashinasi zaxkashga tushib ketgan, haydovchiga shikast olmagan, biroq mashinaga ancha shikast yetgandi. Haydovchining ko‘zlari ola-kula bo‘lgan, nimadandir qattiq qo‘rqqandi.

– Nima bo‘ldi, nega tekis yo‘lda yo‘l transport hodisasiga uchradingiz?

– Men yo‘lda ketayotgandim, shu paytda yo‘lning o‘rtasida arvohlarni ko‘rdim, so‘ng yo‘lning chekkasiga chiqib avariyaga uchradim.

– Qanaqa arvoh? – dedim taajjublanib.

– Kampirlar arvohi...

– Nima dedi? – dedik Otabek ikkimiz baravarakayiga.

– Ha, kampirlar arvohini ko‘rdim.

– Ularni arvoh ekanligini qayerdan bildingiz?

– Chunki qorong‘uda, ko‘cha o‘rtasida bittasi bor edi, uni ko‘rib o‘ngga burib aylanib o‘tmoqchi bo‘ldim va o‘ng tomondan yana bitta arvoh kampir chiqib kuldi. So‘ng dovdirab chapga burib yuboribman.

– Xo‘p ularning arvoh ekanligini qayerda bildingiz?

– Chunki ular birdan yo‘l o‘rtasida paydo bo‘lishdi.

– Ular qaysi tomonga ketishdi?!

– Bilmayman, ikkinchi kampir kiyikdek sakrardi, axir kampirlar unday sakramaydi-ku!

– Mayli, – dedim men o‘sha kampirlarni izlash uchun atrofdagi yaqin joylarni kuzatib boshladim.

– Bilasizmi, o‘sha payti g‘ayritabiiy holat bo‘ldi, – dedi haydovchi.

– Nima bo‘ldi?

– Yo‘l o‘rtasida turgan kampir menga orqa o‘girib turgandi. Bir payt tik turgancha erkalarga o‘xshab bavl qila boshladi. Bu ko‘rib dahshatga tushdim. Darrov rulni o‘ng tomoniga burdim. U tomonda esa birdaniga ikkinchi arvoh kampir paydo bo‘ldi...

Men Otabek bilan kampirlarni izlab topa olmadim, boshqa u haqida maʼlumot topmaganimizdan so‘ng IIBga qaytib keldik. Soat tungi 00:20 bo‘lganidan navbatchilik qismiga o‘g‘rilik to‘g‘risida xabar kelib tushdi.

– Tezda ushbu manzilga borasizlar, bir ayol qo‘ng‘iroq qildi, qo‘shnisining uyi oldida ikkita kampir shovqin chiqarib, so‘ng devordan oshib uyga kirib ketishgan...

Biz zudlik bilan o‘g‘rilik joyiga yo‘l oldik. Biz manzilga yetib bordik va ikkita xodim uyining kirish eshigiga, ikkitamiz devor yoniga va qolganlar uyning orqa tomoniga o‘tishdi.

– Ular haqiqatdan ham arvoh bo‘lishsachi? – dedi Otabek.

– Sen o‘qishda ham ahmoqona savollar berarding, arvohlar mavjud emas. Agar ular uyda bo‘lib haqiqatdan arvoh bo‘lishsa, qochib ketishadi, yo‘qsa bizlar ularni qo‘lga olamiz!

Biz eshikni qoqdik va uyning eshigi ochilib, ichkaridan eshikni bir kampir ochdi. Kampir mastligidan oyoqda zo‘rg‘a turgandi. Ichkarida o‘tir­gan ikkinchi kampir bilan birgalikda ularni IIBga olib ketdik.

Biz olib borgan ikki kampir ham erkak ekan. Ulardan bittasi, biz o‘g‘rilikka tushdi deb o‘ylagan uyda bir o‘zi yashasa, ikkinchisi uning do‘sti ekan. Ular Madaniyat bo‘limida ishlovchi aktyorlar bo‘lib, asosan kampirlar qiyofasida yuradigan aktyorlar ekan. O‘sha kuni olis qishloqqa tomosha ko‘rsatish uchun borgan va kiyimlari ularni olib borgan mashinada qolib ketgan. Yonida puli bo‘lmaganligi sababli, tarvuz sotuvchisiga sherik bo‘lishgan. So‘ng mast holda o‘zlarining uyiga yaqin bo‘lgan joyda yo‘lovchi mashinaga minishgan, katta yo‘lda esa tushib qolib, uyning kaliti bo‘lmaganligi sababli, devor oshib uyga kirishganligi aniqlandi.

 

Muallif: Ravshanbek Igamberdiyev 

Text to speech