Chayon zahri
Agar bir kishi o’z nafsiga oshiq bo’lsa,
albatta, kibr, hasad, xorlik va
mazallat (tubanlik) unga oshiq bo’lg’ay.
Abu Bakr Varroq Termiziy
Nukus shahar ikkinchi sonli Tergov hibsxonasi oldida turarkanman, qamoqxona oldida kutib turgan odamlarni va undan chiqib kelayotganlarni kuzatib turdim. Kimdir qamoqdagi yaqin kishisi bilan uchrashishni intiqlik bilan kutmoqda. Mana, keksa ayol devorga suyangancha navbatini kutmoqda, ko’zlarida oqayotgan yosh uning naqadar qiynalayotganligini yaqqol ko’rsatyapti. Nariroqda yosh juvonning ikkita chug’urchuq farzandlari, “Oyi, dadamni qachon ko’ramiz?” deb qo’llaridan tortqilaydi. YAna bir ayol esa hamkasbim advokat SHuhratni savolga tutmoqda. U ayolning ayrim gaplari eshitilib turibdi. U nuqul erining qachon chiqishini, haqiqatdan ham qamoqdan chiqadimi kabi savollarni bermoqda edi.
– Advokat Allabergenov! – nazorat o’tkazish punkti xodimining ovozi eshitildi.
– Men shu yerdaman! – dedim.
– Kiring navbatingiz keldi!
– Xo’p, – dedim va tegishli rasmiyatchilikdan so’ng ichkariga kirdim.
Mahbus bilan uchrashish xonasida mijozimni kutib o’tirdim va uni soqchi olib kelganidan so’ng, bizni yolg’iz qoldirib xonadan chiqib ketdi.
Mijozim bilan salomlashganimdan so’ng, u suhbat boshlashdan oldin uzundan-uzun duo o’qidi. Nihoyat menga va xona eshigiga qarab olib, so’ng sekinlik bilan pichirladi:
– Xo’sh, o’rtoq advokat, men qachon chiqaman?
– Sizga e’lon qilingan modda bilan, ozodlikka chiqish haqida o’ylashingiz, noto’g’ri!
– Siz advokatmi, siz yo prokuror!? Bu nima deganingiz?!
– Men to’g’risini aytyapman. Sizni qo’yningizni puch yong’oqqa to’ldirish niyatim yo’q.
– Yo’lini toping, advokatsiz-ku!
– Siz vaziyatga to’g’ri baho beryapsizmi, axir bir odam sizdan giyohvandlik vositasini sotib olganligini aytib ko’rsatma bermoqda, buning ustiga uyingizga ichki ishlar xodimlari borgan vaqtida siz giyohvandlik vositasini iste’mol qilib o’tirgansiz. Uyingizdan ham giyohvandlik vositasi topilgan, shprits, ukol qilishdagi buyumlar... Bunday rad qilib bo’lmas dalillar bilan yana qanday yo’li bo’lishi mumkin. Buning ustiga barcha jarayonlar tasvirga yozib olingan.
– Siz yo’lini topishingiz shart! Advokatsiz, pulingizni olyapsiz! – dedi mijozimning ko’zlari ola-kula bo’lib.
– Mendan norozi bo’lsangiz boshqa advokat chaqirishingiz mumkin! – dedim.
Mijozim to’satdan o’tirgan joyidan turdi-da, mening yonimga kelib tizzalab oldi.
– Iltimos, menga yordam bering! Iltimos! Hech bo’lmasa ozgina “dori”dan olib kelib bering, meni dorining xumori o’ldiradi.
– Nimalar deyapsiz, turing o’rningizdan! – mening qat’iy gapimdan so’ng mijozim o’rnidan turdi.
SHundan so’ng uning bilan ish yuzasidan suhbatlashib bo’lgach, bu yerni tark etdim. Mijozim qishloqdagi bir ko’chada domlalikni da’vo qilib yurgan. Ammo tegishli idoralar unga ruxsat berishmagan. Biroq qishloqning sodda odamlari uning to’ylarda va janozalarda diniy atamalarni ko’p ishlatgani uchun o’zlarining ko’chasiga «domla» bo’lishiga qarshilik qilishmagan. Oilasidan ajrashgan va uyida yolg’iz yashaydigan bu odamning qanday qilib din vakiliga aylanganiga hayronman. Buning ustiga, jinoyat ishida rasmlarda uning uyining betartibligi, iflos holatda bo’lganligini ko’rib, bunday odamlar imomlarning obro’siga putur yetkazishini o’yladim.
Nukus shahridan idoramizga keldim. Yo’l odamni rosa charchatadi. SHuning uchun uyga ertaroq borish uchun taraddudlandim. Hamkasbim advokat Hamza menga:
– Haligi giyohvand vositasini sotuvchi kishining qilgan ishi isnod-ku?
– Ha, to’g’ri!
– Axir Xudoni tanigan inson ham shu ishni qiladimi?
– U aslida ilmli odam emas. Bizning sodda va rahmdil xalqimiz mahallasida diniy urf-odatlarni u qilishiga qarshilik qilmagan. SHu-shu o’zini ismiga “mulla” qo’shimchasini qo’shib olgan-da!
– Din haqida gapirib, bunday rasvo ishni qilishi...
– Dinni niqob qilgan johillar ko’p-ku, ular din orqali o’zlarining yaramas ishlarini xaspo’shlashadi!
– Qanday mulla bo’lgan o’zi? – so’radi Hamza.
– U hech qayerda ishlamaydi, dindan ozroq xabari bo’lganidan so’ng to’y hashamlar borib, tekin ovqat yeydi. Ketayotganida bizning xalqimiz urf-odat yuzasidan non, qars-qurs va pul qistirib yuborishadi...
Men ishdan kelib, uyga ham kirgan edimki, jajji qizalog’im “dadam keldi” deb oyog’imni quchoqladi.
– Mening go’zal, asal qizalog’im, hayotimning mazmuni, – deb erkaladim, qizalog’im esa jajji qo’llari bilan paypoqlarimni yechishga harakat qila boshladi va bu og’ir yumushni ancha qiynalib bajarardi.
– Qo’shnilarnikiga kirib chiqing, otasi vafot qilgan kuniga yil to’lganligi uchun odamlar kelishgan, – dedi ayolim.
Men kiyimlarimni almashtirib, qo’shnilarning uyiga kirdim, bir xonada to’rtburchak shaklda devor tagiga to’shalgan ko’rpachaga o’tirdim. Men taniydigan va tanimaydigan odamlar o’tiribdi. Dasturxon to’rida o’tirgan bir kishi nuqul gapirib, hammani o’ziga qaratib o’tirgandi. SHu payt yonimda o’tirgan qo’shnim piyolasining tagidagi choy qoldig’ini to’kdi.
– Makruh amal! Siz nima qilyapsiz? Nega makruh amal qilasiz! Nega qoldiqni tashlaysiz! – degan gumburlagan ovoz eshitildi.
Hamma “yalt” etib, to’rda o’tirgan kishiga qarashdi. YOnimdagi odam qo’lida piyolani ushlaganicha qotib qoldi. Ancha vaqt noqulay vaziyat hukm surdi. O’sha kishi o’n daqiqaga yaqin piyolaga tashlangan choy qoldig’i va yonimdagi qo’shnimning dindan xabari yo’qligi, insofi yo’qligi va allambalolar to’g’risidagi gapirib, yonimdagi odamni battar og’ir vaziyatga tushirmoqda edi. Vaziyatdan chiqa olmayotgan qo’shnim esa qo’lini dasturxonga boshqa urmadi, kelgan ovqatdan bir qoshiq og’ziga totib ko’rdi-da, fotiha o’qilishini kutib o’tirdi, so’ng chiqib ketdi. Uning qizarib ketganligidan ahvolini tushungan edim.
– Kim bu? –deb yonimdagi ikkinchi qo’shnimdan pichirlab so’radim?
– Norboy mulla degan odam, yaqinda mahallamizga ko’chib keldi...
– Bechorani noqulay ahvolga tushirdi, – dedim pichirlab.
– Aka bu shunaqa, doim shunday ishlarni qiladi.
SHu vaqtda Norboy mulla o’tirganlarga mahalla imomni yomonlab ketdi, imomning yoshligi, tajribasizligi, odamlarga diniy tushunchalarning mohiyatini yetkazib berolmasligi va shu kabi gaplarni aytib o’tirdiki, gapirishdan to’xtasa biror kishi unga gap bermaydigandek go’yo. Jag’i shunday tinmasdiki, “Ginnesning rekordlar kitobi»ga bemalol kiritsa bo’lardi.
Qo’shnilarning uyidan chiqqan vaqtimda, uy egasi Omon meni sekin chekkaga olib chiqib, pichirladi:
– Bu bizning imomizni yomonlab, o’zi mahallada imomlikni istayotgan bo’lsa kerak!
– Ha, shunaqa shekilli, – dedim.
– Mening bobom yoshligimizda mahalla mullasining xizmatida yurdi, uning gapini qonun deb bilardi. Uyida yeyishga non bo’lmasa-da, uyda borini o’sha mullaning xonadoniga olib borardi. To’qsoninchi yillarning boshida bilasiz-ku mahalla mullalarining obro’si juda katta edi.
– To’g’ri..
– Biroq, bobom vafot qilgan vaqtida, dadam meni o’sha mullaning yoniga borib, chaqirib kelishimni tayinladi. U bobomning janozasida kelmadi, shogirdini yubordi. Uzrini ayttirib yubordi. Biroq, keyin eshitsak shu kuni mahallamizdagi boy xonadonning uyida ham janoza bor ekan, o’shanga borgan ekan.
Men uyga kelarkanman, ustozim Zafar akaning aytib bergan voqeasi esimga tushdi. Ustozim nafaqaga chiqqanidan so’ng Toshkent shahriga o’g’lining yoniga borgan. O’g’li katta bir tadbirkor bo’lib, uyida mehmonda odamlar o’tirgan, shu yerga hozir bo’lgan mulla ustozimning o’g’li nima desa shu gapni ma’qullar, ustozim gapirmoqchi bo’lsa uning gapini bo’larkan. SHunda ustozimning jahli chiqib, o’g’lini ham koyigan va mullani uydan haydab solgan ekan.
Odam qanday kasbda ishlamasin, u advokat, ichki ishlar xodimi, prokuror, hokimiyat vakili yoki oddiy inson, uning qilgan harakati bilan o’sha kasbga, tizimga baho berilmaslik kerak. O’sha odam oilasida olgan tarbiyasi, uning vijdoniga baho berish kerak deb o’yladim.
Ertasi kuni idorada o’tirgan edim, shu kuni navbatchi advokat bo’lganligim uchun ichki ishlar idorasiga, tergovchilarning chaqiruvi bo’yicha bordim.
Men ishtirok etishim kerak bo’lgan ishdagi mijozga Jinoyat kodeksining firibgarlik moddasi bilan ish qo’zg’atilgan ekan.
Mijozim bilan xonada yolg’iz uchrashdim, ne ko’z bilan ko’rayki, bu o’sha barchaning oldida qo’shnimni choy qoldig’ini tashlaganligi uchun izza qilgan Norboy mulla edi. Men uni tanidim biroq, u meni tanimadi yoki eslay olmadi. Balki o’sha vaqtda menga e’tibor bermagandir.
Men uning ismi sharifini qo’limdagi qarordan o’qib bilib bo’lgan edim. U menga boshdan oyoq razm soldi va ishonmayotgan odamdek uzoq tikildi.
– Siz kim bo’lasiz, haqiqatdan advokatmisiz?
– Men advokat Aminboyman. Familiyam Allabergenov.
– Men sizga qanday ishonsam bo’ladi? – dedi Norboy mulla va mening javobim orqali, rost gapirayotganligimni bilmoqchi bo’lganday, menga ko’zlarini qisib tikildi.
– Sizning menga ishonish yoki ishonmasligingiz, o’zingizni ishingiz! Biroq, advokat tariqasida qonunga rioya qilishim shart. Mijozimiz aytganlarni oshkor qilishimiz mumkinmas!
Nihoyat, mijozim menga ishondi va biz ish yuzasidan suhbatlashib oldik. Norboy mulla tanish ayolidan katta miqdorda pullarni olgan va uch yildan beri bermasdan kelayotgan ekan. Mijozim bilan jabrlanuvchi ayol o’rtasida o’tkazilgan yuzlashtirish jarayonda ko’p narsa oydinlashdi. Jabrlanuvchi ayol mashina olish uchun yiqqan pulini, Norboy mulla o’zi tanishlari orqali arzonroqqa mashina olib berishni va’da qilgan va pulni olganidan so’ng shu kungacha aldab kelayotgan ekan.
Ichki ishlar binosidan chiqqandan so’ng mijozim bilan keyin uchrashishga kelishib, mashinamga minayotgan edim. Norboy mulla mashinamning yoniga keldi va menga:
– Endi nima bo’ladi?
– Tergov davom qiladi va natijasini ko’ramiz.
– Bu ish bo’yicha menga qog’oz bormaydimi?
– Ish natijasiga ko’ra mahalla raisiga taqdimnoma kiritiladi!
– Yo’g’-ey, ro’yxatda turgan joyimgami yoki yashash joyimga?
– Ro’yxatda turgan joyingizga!
– Ha, mahallada obro’yim yuqori, unga putur yetmasin deganim-da!
Men mashinani kalitini burab motorni o’t oldirdim va endi yuqmoqchi bo’lgandim, Norboy mulla menga:
– Menga qarang pul olgan vaqtimda dollarning davlat kursi past edi, men shu pullarni eski tartibda davlat kursidan bersam qutilamanmi?
Men uning nima dardidaligini o’yladim, bunday jirkanch odamlarga advokat bo’lganligimga pushaymon bo’ldim. Negadir Norboy mullaga qarasam Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” asari yodimga kelaverdi. Vijdon azobidan qutilarmikan deb o’yladim. Biroq, kasbim qoidasiga ko’ra tilimni tishladim.
– Sizga aytyapman, pullarni davlat kursidan to’lasam bo’ladimi?!
– Makruh amal! Makruhdan ham battar amal! – dedim-u, mashinada harakatlanib ketib qoldim. Mashinaning orqani ko’rsatuvchi oynasidan qarasam, Norboy mulla nimalar bo’lganligini tushunmay, harakatsiz qotib qolgandi...
Muallif: Ravshanbek Igamberdiyev