O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Yoshlar – kelajak bunyodkori: YO‘L BOSHIDAGI YIGIT

Xusen Ochilov Buxoro viloyatining Kogon tumanida tug‘ilgan. O‘rta taʼlim maktabini tugatib, O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetiga o‘qishga kirdi. Oliy taʼlim muassasasini tamomlagach, Yunusobod tumani IIOFMB huzuridagi tergov bo‘limida xizmat faoliyatini boshladi.

Leytenant X. Ochilovga katta tergovchi, mayor Hamid Qurbonov murabbiy etib biriktirildi. Ziyolilar oilasida dunyoga kelgan Xusenning ota-onasi, ikki akasi va ikki opasi – barchasi o‘qituvchi.

– Men ham o‘qituvchilikni eng ulug‘ kasblardan biri deb bilaman, deydi qahramonimiz. – Ota-onamning yuzlab shogirdlari bor. Ular ustoz deya yo‘qlab kelganda yoki ko‘cha-ko‘yda domlamizning o‘g‘li ekansiz-da, deyishganda, ich-ichimdan xursand bo‘lib ketganman va shu kasb egasi bo‘lishga ishtiyoqim ortgan. Lekin ichki ishlar organlari xodimi bo‘lish, yurt tinchligi va osoyishtaligini taʼminlashdek sharafli kasbga bo‘lgan intilish ustunroq keldi. Ota-onamga bu haqda aytganimda, ular qarshilik ko‘rsatishmadi. Aksincha, oq fotiha berib, duo qilishdi. Ularning duolari ijobat bo‘lib, bugun ichki ishlar organlari xodimi libosini kiyish baxtiga muyassar bo‘lib turibman.

Aslida kasblarning yaxshi-yomoni bo‘lmaydi, har birining o‘z o‘rni bor. O‘qituvchilar zurriyodi bo‘lgan qahramonimiz ham o‘ziga murabbiy qilib biriktirilgan mayor Hamid Qurbonov, shuningdek, katta tergovchi, mayor Odil Danaboyev hamda tergovchi Saydulla Saydullayevlarni xuddi otasidek hurmat qilib, aytganlarini bajonidil bajaradi. Shundan bo‘lsa kerak, faoliyat boshlaganiga endigina 3 oy bo‘layotganiga qaramay, bevosita ustozining ko‘magi ostida 5 ta jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlarini olib bordi. Ayblanuvchilarga nisbatan dalil va isbotlarni to‘plab, jinoyat ishlarini qonunda ko‘rsatilgan tartibda sudga yubordi.

Leytenant X. Ochilov katta yo‘l boshida turibdi. U hali qanchadan-qancha dovonlar oshishi zarur. Ustozlaridek yetuk tergovchi bo‘lib yetishishi uchun bilimi, tajribasi va ko‘nikmasini yana-da oshirishi lozimligini yurakdan his qilib turgan qahramonimizning kelgusida bularning barchasini uddalashiga ishonchimiz komil.

© POSTDA – Na postu

Text to speech