O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Firibgar

Agar bir kishi yoshligidan nafsi buzulib,

tarbiyasiz, ahloqsiz bo‘lub o‘sdimi, bunday

kishilardan yaxshilik kutmak, yerdan turub yulduzlarga qo‘l uzatmak kabidur.

Abdulla Avloniy

 

Otabek telefonini qo‘liga oldi va “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ini ko‘zdan kechira boshladi. “Komila” nomli profildan “Do‘stlashamiz” belgisini ko‘rib, do‘stlikni qabul qildi va tezda “Komila”ning shaxsiy maʼlumotlari bilan tanishib chiqdi. Yigirma sakkiz yoshda, qo‘shni tumanda yashar ekan. Telefon ekraniga yozuvlarni kirita boshladi.

– Salom, – degan xabarni jo‘natdi.

– Salom, – degan javob keldi.

– Profilingizdagi rasm o‘zingizmi?

– Yo‘q, biroq undan ham chiroyliman!

– Qayerliksiz?

– Yozilgan-ku!

– Eringiz bormi?

– Erkinlikni bo‘g‘ishni istamayman!

– Balki tanisharmiz?

– Man har kim bilan tanishadigan qizmasman!

– Men ham sovg‘a emasman, iltimos, tanishaylik?

– Nima ish qilasiz?

– Tadbirkorman!

– O‘n so‘m topganlar ham, pista sotuvchilar ham o‘zini tadbirkor deyapti.

– Men Beruniy tumanida hamma taniydi, “Ota­bek import” laqabim bor.

– Ok.

Otabek Komilaga yana bir qancha xabarlar yozdi, biroq Komiladan javob kelmagach, xunob bo‘la boshladi. Ertasi kuni Komiladan javob keldi. Nihoyat, ular o‘rtasida yozishmalar avj oldi. Bir oydan ortiq Komila bilan yozishmalar qilgan Otabek, uni juda ko‘rgisi kelardi. Komila esa uchrashuv kunini ataylab cho‘zib kelardi. Otabek o‘ziga kelgan xabarni ochib ko‘rdi, unda Komila:

– Menda muammo bor, pul juda zarur bo‘lib turibdi, agar pulni qarzga topib bersangiz, sizni har qanday shartingizga roziman. Biroq, pulingizni albatta qaytarib beraman!

– Qancha kerak, harakat qilaman? – deb yozdi Ota­bek.

– Besh yuz dollar.

– Xo‘p beraman, qarz tariqasida emas shunday!

– Menga birovning puli tekinga kerak emas, albatta qaytaraman!

– Xo‘p!

– Unda bugun kechqurun bizning tumanga keling, faqat kechqurun keling, kunduz kuni odamlar oldida uchrasha olmayman. Gap-so‘z yomon.

Komila telefon orqali ko‘p gaplashmasdi, asosan SMS va telegramm orqali xabarlar yozardi, Otabek undan buning sababini so‘ray olmadi.

Nihoyat Otabek Komila bilan uchrashish uchun manzilga yetib bordi.

Agar u qiz go‘zal bo‘lmasa nima qilaman, bahona topib, pul hozir orqamdan keladi deb aytsammikan. Shu o‘ylar bilan mashinani boshqarayotgan Otabek aytilgan manzilda yo‘l chekkasida turgan bir ayolga ko‘zi tushdi va mashinani to‘xtatgan edi, ayol mashinaning yoniga keldi. Otabek mashinaning rusumi va davlat raqam belgisini oldindan aytib qo‘ygan edi. Qiz mashinaning orqa o‘rindig‘iga o‘tirdi. Mashinaning old oynasidan orqani ko‘rsatuvchi ko‘zgudan qizga qaradi. Komilaning husni chakki emas, biroq rosa bo‘yangandi va kiyimlari ham o‘ziga yarashgandi. Otabek tinmay ko‘zgu orqali Komilaga qarashga uyaldi. Ular qisqa suhbatlashishdi va Otabek pullarni Komilaga uzatdi. Komila pullarni oldi va Otabekka bo‘sa hadya qilib, qulog‘iga bir nimalarni pichirladi. Otabek bu so‘zlardan sarmast bo‘ldi. Shundan so‘ng Otabek va Komila o‘rtasida ishqiy suhbatlar avj oldi.

– Bir tanishim bor, u mendan o‘n ming dollar olgan edi, men bu pullarga ayollar uchun fitnes klub ochmoqchi edim, biroq u pullarni ham bermadi, moslamalarni ham olib kelib bermadi, shuni olishda menga yordam bering, – deb xabar jo‘natdi, to‘satdan bir kuni Komila.

– Nima qilay, ayting jonim!

– Organda tanishlaringiz bormi?

– Yo‘q tanishim yo‘q.

– Unda o‘zingiz o‘sha yigit bilan gaplashib qo‘rqitib bering!

– Qanday qilib?

– Men, Sizni organda ishlaydigan akam deb aytaman!

– Bo‘ldi, qotiramiz, – dedi, Otabek

– Unda men sizga uning raqamini tashlayman, uning ismi Jahongir, bizning qo‘shni mahalladan.

Otabek Komila yuborgan raqamga qo‘ng‘iroq qildi.

– Eshitaman, – javob berdi erkak kishi.

– Men Komilaning qarindoshiman, jinoyat qidiruv bo‘limida ishlayman. Nega uni pulini bermayapsan?!

– Aka beraman, tez orada beraman, hozir sakkiz ming dollarim bor shuni bersam bo‘ladimi, qolganini tez orada beraman, iltimos aka unday qilmanglar, – dedi Jahongir.

– Men ichki ishlar binosining yonida mashinada o‘tiribman shu yerga tez kel, mashinani raqamini eslab qol! – buyruq berdi Otabek

– Xo‘p aka!

Shundan so‘ng Otabek mashinada o‘tirgan vaq­tida mashinaning yoniga bir yigit keldi, u mashinaning raqamiga qaradi va orqa o‘rindiqqa o‘tirdi. Otabek yigit bilan suhbatlashdi va u pullarni to‘liq holda bir oy ichida qaytarib berishga vaʼda berdi.

Otabek kayfiyati chog‘ bo‘ldi. Komilaga qo‘ng‘iroq qilib, tantanavor ohangda:

– O‘n ming dollarni bir oy ichida olib beraman! – dedi.

– Otabek aka menga ertaga zudlik bilan to‘qqiz ming dollar kerak, agar bu pullar bo‘lmasa, mening fitnes klubim masalasi tamom bo‘ladi. Men sizni bugun pullarimni olib berasiz deb ishongan edim. Men endi ancha zarar ko‘raman, – deb Komila yig‘lashga tushdi.

Otabek nima qilishni bilmay dovdirab qoldi. U Komilani ovutish uchun, unga:

– Jonim men bilmagan edim, men siz uchun nima qilishim mumkin ayting?

– Otabek aka siz menga yordam berishingiz mumkin. To‘qqiz ming besh yuz dollar topib bering va bir oydan so‘ng Jahongirdan o‘n ming dollarni o‘zingiz olasiz va sizdan olgan besh yuz dollar qarzimni ham qaytaraman.

Otabek shu kuni biznesi uchun ajratib qo‘ygan pulidan o‘n ming dollarni olib, uni Komilaga olib borib berdi. Komila pulni olib rahmat aytdi va ikki kun ichida Otabekning visol onlari bo‘lishi shaʼma qildi. Ertasi kuni Komila qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi va ijtimoiy tarmoqlaridagi akkauntlaridan ham chiqib ketdi. Otabek bir oy ichida Komilani izlab topa olmadi. Bir necha marotaba Komilani yashaydigan tumanidan ham izlab keldi. Shundan so‘ng o‘n ming dollar berishi kerak bo‘lgan Jahongirning raqamiga qo‘ng‘iroq qildi, uning raqami ham o‘chirilgandi. Otabek o‘zini firibgarlar tuzog‘iga tushganligini sezdi va Komilaning yashayotgan tumaniga borib, Ichki ishlar binosiga kirib, o‘sha yerga ariza bilan murojaat qildi. Xodimlar uni tergovchining huzuriga olib kirishdi, Abbasov Umidbek ismli tergovchi uni so‘roq qildi. Tergov jarayonida Otabek o‘ziga o‘xshagan bir necha erkaklarning shu usulda firibgarlar tuzog‘iga tushganligini bildi. Har xil ismlarda o‘zini atayotgan ayol va uning erkak sherigi ijtimoiy tarmoqlar orqali erkaklarning tuzog‘iga ilintirayotgan ekan.

– Siz, bizdan xabar kuting, tez orada ikkalasini ham qo‘lga olamiz! – dedi tergovchi Umidbek Abbasov.

 

*

Otabek pullarini qaytarib olishdan umidini uzib yurgan vaqtida unga tergovchi qo‘ng‘iroq qildi va firibgarlarning ushlanganligini, ichki ishlar binosiga yetib kelishini tayinladi. Otabek ichki ishlar binosiga kirib, tergovchining xonasiga kirdi. Xonada Komilani ko‘rdi, u yerga qarab o‘tirarkan, Otabekka ko‘zi tushdi-yu, darrov yana pastga qaradi. Otabek xonadan tashqariga chiqdi va shu yerda kutib o‘tirdi. Kutish xonasida o‘tirgan uchta erkak ham Komilaning tuzog‘iga tushgan ekan. Biroq, ularning har biriga boshqa ismlarni aytilgan ekan. Tergovchi to‘rtta jabrlanuvchini xonasiga chaqirdi:

– Xo‘sh hurmatli fuqarolar bu ayol Sizga firib berganmidi!

– Ha! – dedi to‘rtovlari baravarday.

– Firibgar qo‘lga tushdi, endi bezovta bo‘lmasangiz ham bo‘ladi!

– Uning erkak sherigi qani? – dedi erkaklardan bittasi.

– Ha uni ham ushladinglarmi? – dedi ikkinchisi.

– Uni ham qamash kerak! – dedi uchinchisi.

– To‘g‘ri, – dedi Otabek ularning fikrini maʼqullab.

 Tergovchi Abbasov Umidbek miyig‘ida kuldi va jabrlanuvchilarga qarab:

– U ham oramizda!

 – Jabrlanuvchi erkaklar bir-biriga shubha bilan qarab olishdi.

 – Qani hurmatli Komila, Aziza, Jasmina, Saida sherigingizni ko‘rsating-chi?

Tergovchi Umidbek xandon otib kulishdan zo‘rg‘a o‘zini tiyib turardi. Otabek nima bo‘layotganligini tushunmay bir Komilaga, bir yonidagi erkaklarga qaradi. Komila sekinlik birin boshidan yasama sochini oldi va yuzini nam salfetka bilan artib, pardozlarini tozalab tashladi. Otabek qarshisida o‘zini Jahongir deb tanishtirgan erkakni ko‘rayotgan edi.

Muallif: Ravshanbek Igamberdiyev 

Text to speech