Fuqaro va tadbirkor manfaati sud himoyasida
28 yanvar kuni Davlatimiz rahbari tomonidan «2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi Farmon hamda u bilan 2022 yil–«Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi qabul qilindi.
Strategiyaning aynan ikkinchi yo‘nalishi mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirishga qaratilgan va albatta, shu maqsad va vazifalarning amalga oshirilishi sud-huquq sohasidagi islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.
Haqiqatdan ham, o‘tgan besh yilda adolat, qonuniylik va shaffoflikni taʼminlash, sud tizimini demokratlashtirish, fuqarolar va tadbirkorlarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish choralarini ko‘rish borasida qator islohotlar amalga oshirildi.
Taʼkidlash joizki, maʼmuriy va boshqa ommaviy-huquqiy munosabatlar sohasida fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida 2017 yilda tashkil etilgan maʼmuriy sudlar qisqa muddat ichida o‘z samaradorligini amalda namoyon etdi.
Masalan, Andijon viloyat maʼmuriy sudlar tomonidan 2018-2021 yillarda 2577 ta ariza ko‘rib chiqilib, 1303 tasi yoki 50,6 foizi qanoatlantirilgan, yaʼni fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari tiklangan.
Shu bilan birga, sud amaliyoti tahlili maʼmuriy sudlar tomonidan fuqaro yoki tadbirkorlar huquqlarini samarali himoya qilishga to‘sqinlik qiluvchi bir qator omillar ham mavjudligini ko‘rsatdi.
Shu munosabat bilan bugungi kunda, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining buzilgan huquqlarini himoya qilishda sudlar, ayniqsa, maʼmuriy sudlarning rolini kuchaytirish, ularni fuqaro va tadbirkorlarning haqiqiy himoyachisiga aylantirish davr talabidir.
Rivojlangan mamlakatlarda aynan maʼmuriy sudlar fuqaro yoki tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlari ijro organlari tomonidan buzilishining oldini olishda, ularni g‘ayriqonuniy qarorlar, harakatlar (harakatsizlik)dan himoya qilishda muhim o‘rin egallaydi.
“Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi”da jamiyatda sudlarga bo‘lgan ishonchni yana-da oshirish maqsadida davlat organlari tomonidan sud qarorlari ijro etilishi ustidan nazoratning taʼsirchan mexanizmlarini joriy qilinishi, adolat va qonun ustuvorligini taʼminlash – asosiy maqsadlardan biri sifatida eʼtirof etilganligi ham aynan shu bilan bog‘liqdir.
Taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlarni amalga oshirish yuzasidan joriy yilning 29 yanvar kuni “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlarining samarali himoya etilishini taʼminlash hamda aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Oliy sud va Sudyalar oliy kengashiga, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi:
Birinchidan, maʼmuriy sud ishlarini yuritishni “sudning faol ishtiroki” tamoyili asosida amalga oshirish. Bunda, maʼmuriy sudlarga ishning haqiqiy holatlarini aniqlash uchun o‘z tashabbusi bilan dalillarni yig‘ish majburiyati yuklanib, huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik subyektiga dalillarni yig‘ishda faqat o‘z imkoniyati doirasida ishtirok etishga sharoit yaratiladi.
Maʼlumki, maʼmuriy suddan nizolashayotgan ikkita taraf bo‘lib, biri o‘zining huquqlari buzilgan deb hisoblagan fuqaro yoki tadbirkor bo‘lsa, ikkinchi taraf maʼmuriy organ hisoblanadi. Tabiiyki, nizolashayotgan ikki tarafning imkoniyatlari har doim ham teng emas. Shu o‘rinda, mazkur tamoyilning mohiyati, ish uchun zarur bo‘lgan dalillarni yig‘ishda, ishning haqiqiy holatini aniqlash uchun fuqaroda imkoniyati bo‘lmagan maʼlumotlarni olishda ko‘maklashishdan iboratdir.
Ikkinchidan, juda muhim vazifa etib, - huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik subyektiga ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizo bilan birga unga sababiy bog‘lanishda bo‘lgan zararni undirish talabini ham maʼmuriy sudga bildirish huquqini taqdim etish hamda bunday talablarni ko‘rib chiqishni maʼmuriy sudlar vakolatiga o‘tkazish belgilandi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, maʼmuriy sudlar tomonidan maʼmuriy organlarning qarorlari, mansabdor shaxslarning harakatlari (harakatsizligi) qonunga xilof deb topilganda, uning oqibatida kelib chiqqan zararlarni undirish fuqarolik va iqtisodiy sudlarda hal etiladi.
Endilikda esa, qarorga muvofiq, qonunlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritilganidan so‘ng, taraflar o‘rtasida vujudga kelgan nizoning oqibati yuzasidan zarar yoki boy berilgan foydani undirish masalasi ham, to‘liq maʼmuriy sudlar tomonidan ko‘rib, hal etiladi. Bu fuqarolarimizning sudma-sud ovora bo‘lishining oldini olishga xizmat qiladi.
Uchinchidan, fuqaro yoki yuridik shaxsning shikoyati asosida chiqarilgan sud hujjati ijrosi davlat organlari yoki mansabdor shaxslar tomonidan ixtiyoriy ravishda amalga oshirilishini taʼminlash uchun taʼsirchan nazorat mexanizmlari mavjud emas edi.
Shu sababli, qarorga asosan maʼmuriy sudlarning ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar bo‘yicha hal qiluv qarorlari davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan ijro etilmagan taqdirda, ularning mansabdor shaxslariga nisbatan sud jarimalarini qo‘llash amaliyoti joriy etiladi.
Bunda, davlat organlari yoki tashkilotlari maʼmuriy sudning hal qiluv qarorini u qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab belgilangan muddatda ijro qilish hamda bu haqda maʼmuriy sudga xabar berishi kerak bo‘ladi.
Davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ish bo‘yicha hal qiluv qarorining takroran ijro etilmaganligi uchun mansabdor shaxslarga nisbatan dastlab qo‘llanilgan sud jarimasini oshirilgan miqdorda qo‘llash belgilanadi.
To‘rtinchidan, aholining odil sudlovga erishish darajasini oshirish, nizoni taraflar o‘rtasida maqbul usulda hal qilinishini taʼminlash maqsadida ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar bo‘yicha taraflar o‘rtasida yarashuvga erishish mexanizmlari joriy qilinmoqda.
Yaʼni taraflarga, ular o‘rtasida vujudga kelgan nizo bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan hollarda, kelishuv bitimini tuzish huquqini berish rejalashtirilmoqda.
Bunda, taraflar sud jarayonida kelishuvga erishgandan so‘ng paydo bo‘lgan nizo to‘liq bartaraf etilishiga hamda keyinchalik arizabozlikka barham beriladi.
Yana bir eng muhim yangiliklardan biri, sudlarga kiritiladigan daʼvo ariza, ariza va shikoyatlarni ular mazkur sudga taalluqli bo‘lmagani uchun qabul qilishni rad etish taqiqlanayotganidir.
Buning o‘rniga, arizachilarga qulay bo‘lishi uchun, sudlarga kelib tushgan har qanday arizalarni “yagona darcha” tamoyili asosida sudlar doirasida vakolatli sudga o‘tkazish belgilanmoqda.
Muallif: Andijon viloyat maʼmuriy
sudining sudyasi O.Qahorov