O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Yaramas o‘g‘ri

Osmonning ko‘z yoshlari

Gulzor tog‘orani olib, kir yuvishga hozirlandi. So‘ng barmog‘idagi uzukni yechib, sovun qutisining ustiga qo‘ydi. Gulzorning bu uyga ko‘chib kelganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Hovlisi qishloqning chekkasida joylashgan bo‘lib, qo‘shni uyda Abdulla aka ismli kishi turmush o‘rtog‘i va ikki nafar qizi bilan birga yashaydi. Odamlar hali bu yerlardan uy qurishni boshlamaganligi sababli ikki qo‘shni tez-tez bir-biridan xabar olib turishardi. Buning ustiga, katta yo‘lga chiqish uchun qo‘shnilari Gulzorning uyi oldidan o‘tishadi.

Gulzor yonida shovqin qilayotgan va ini atrofida nimalarnidir cho‘qilayotgan hakkaga qo‘lini siltab:

– Ey ovozing o‘chsin, kisht-kisht, – dedi va “sochiqni unutibman” deya, uyga kirdi. Sochiqni olib chiqqan vaqtida uyning oldidan Abdulla akaning to‘ng‘ich qizi Vasilani o‘tib ketayotganligini ko‘rib qoldi.

Ishini davom ettira boshlagan ayol, ko‘z qiri bilan sovun qutisining ustiga qaradi. Qaradi-yu, ko‘zlari kosasidan chiqqudek bo‘ldi. Qo‘llarini chayib, sovun qutisining tagini, ichini va atrofini, kiyimlarnining orasini titkiladi, ammo uzukni izlab topa olmagach:

 – Voy, yaramas o‘g‘ri, o‘sha olib ketgan! –dedi dastlab xayoliga kelgan Vasilani o‘ylab. Vasila esa allaqachon katta yo‘ldan o‘tuvchi mashinalarga minib ketib qolgandi. Gulzor tezda ishini unutib, qo‘shnisining uyiga kirdi va u bilan ko‘rishmoqchi bo‘lgan Xanifa opaga qo‘l uchini uzatib:

– Qizingiz qayerga ketdi?! – dedi o‘zini tuta olmay.

– Nima? – dedi Xanifa opa qo‘nisining muomalasi va savoliga tushunmay.

– Vasila qani, qayerga ketdi?

– Bo.. Bozorga – dedi Xanifa tutilib.

– Hozirgina qizingiz meni uzugimni o‘g‘irlab ketdi. Darrov qaytarib bermasanglar, tegishli joyga boraman, ustingizdan arz qilaman, qamatib yuboraman! – dedi tahdid bilan Gulzor.

Bu shovqinni eshitgan Abdulla aka ichkar uydan chiqdi. U dastlab qo‘shnisining nimaga shovqin ko‘tarayotganligini tushunmadi, biroq muddaosini eshitgach, o‘ylanib turdi va Gulzorga qaratib, sekin gap boshladi:

– Gulzor singlim, siz shoshma-shosharlik qilmang, balki uzuk shu atrofda yotgandir. Men qizimga ishonaman, unga bunday tarbiya bermaganmiz.

– Nima, men sizlarga tuhmat qilyapmanmi, uzugim qanot chiqarib uchib ketmagan bo‘lsa kerak! Men uyga bir kirdim-u darrov chiqdim. O‘sha paytda qizingiz uzuk turgan joydan o‘tib ketayogandi. Men o‘z ko‘zlarimga ishonaman!

– Balki, uyga qo‘ygandirsiz yoki kiyimlarning ichida qoldimi? – dedi Abdulla aka norozi bo‘lib.

– Arz qilaman, shikoyat qilaman! – baqira ketdi ayol.

– Mayli o‘zingizni bosing, agar qizim shu ishni qilgan bo‘lsa, hozir kelsin, gaplashman. Keyin qo‘shni, Vasilani tez orada unashtiramiz. Shunga ichki ishlar idorasiga qatnab, qudalarni oldida sharmanda bo‘lmaylik, iltimos – dedi Abdulla aka yalingan ohangda.

– Bu qanday sharmandalik? – ko‘zlariga yosh olgan Xanifa opa majolsiz eshikka suyandi.

Shundan so‘ng, Abdulla akaning iltimosi bilan, ular uyning atrofidan, kir yuvilayotgan joydan uzukni izlay boshlashdi. Abdulla aka tuproqni qo‘llari bilan siqib, titikilar, shuurida faqat uzuk edi.

Oradan bir soatlar vaqt o‘tgach, Vasila uyga qaytdi. Janjalning ustiga kelib, unga hamma savol berayotganiga ham hayron bo‘ldi. Gulzor Vasilaga tahdid qildi, iltimos qildi, bilmasdan olgan bo‘lib, qaytarib bersa daʼvo qilmasligini tushuntirdi. Biroq Vasila bu ishni qilmaganligini aytib turaverdi. Shundan so‘ng Gulzor:

– Unda men seni titib ko‘raman. Qani, sumkangni och, uni ham tekshiraman! – dedi.

– Nega tekshirasiz, mening nima aybim bor? – dedi Vasila yig‘lab.

– Qizim, tekshirib ko‘raversin – dedi Abdulla aka Gulzorning tinchimasligini bilib.

Shundan so‘ng Gulzor Vasilaning sumkasini ochdi-da, dasta-dasta pullarni ko‘rib:

– Ana! Uzukni sotgansan, bo‘lmasam bularni qayerdan olding? – dedi pullarni Vasilaning ko‘zlari oldida siltab.

– Qizim senda pul yo‘q, edi-ku! – dedi Abdulla aka.

Vasila atrofdagilarga hayrat bilan qaradi va yig‘lab uyga kirib ketdi.

– Aytim-ku shu o‘g‘irladi deb, tantanavor xitob qildi Gulzor.

– Siz tinchlaning, men qizim bilan gaplashib, ertaga uzukni kimga sotgan bo‘lsa, undan qaytarib olib, so‘ng sizga keltirib beraman! – dedi Abdulla aka noiloj boshini xam qilib.

Gulzor pullarni Abdulla akaning qo‘liga tutqizib, o‘zi uyiga to‘ng‘illagancha kirib ketdi.

***

Ertasiga tong otdi deguncha Gulzor Abdulla akani kuta boshladi. Dam derazadan qarab, dam soatiga qarab, oxiri chidolmasdan to‘g‘ri qo‘shnisining uyiga bordi. Biroq Abdulla akaning kechagi vaʼdasidan asar ham qolmagandi. U qizi bilan gaplashganini, qizi uzukni o‘g‘irlamaganini, kechagi pullarni esa bo‘lajak kuyovi berganini aytdi. Gulzor shikoyat qilaman degan edi, Abdulla aka “o‘zing bilasan” deganday yelka qisdi.

Ikki kundan beri safarda yurgan Gulzorning eri Alisher esa janjal ustiga kelgandi. U vaziyatni xotinidan bilgach, ayolni ichkariga tortqiladi-da:

– Nima qilyapsan, onasi, balki ular olishmagandir. Qo‘y janjalni, uyat bo‘ladi. Qo‘limiz bilan ushlamagan bo‘lsak! Keyin shu qo‘shnidan bo‘lak bu yerlarda kimimiz bor?! – deya vaziyatni yumshatishga urindi.

– Axir, u uzukni siz sovg‘a qilgansiz, ichki tomoniga ismimni yozdirgansiz, shuning uchun ham jon kuydiryapman-da!

– Uzuging, albatta topiladi, lekin qo‘shnilarni bekorga xafa qilibsan... Buncha shoshqaloq bo‘lmasang! Bechora Abdulla aka... Vasila ham unaqa qiz emasligini o‘zing bilarding-ku?!

– E-e, ko‘ngilga sig‘maydigan mahal nasihat qilmang. Undan ko‘ra boring, bekor o‘tirmay anavi hakkaning inini buzib tashlang, ovoziga qarang... Shu ham asablarimni taranglashtirib yubordi, – deya ters o‘girilib oldi Gulzor.

– Hakka?!

Alisher in tomonga yurarkan, o‘g‘lining yoniga yugurib kelayotganini ko‘rib, qulochini yozdi.

Gulzor o‘rnidan turdi va erining ortidan:

– Men tuman markazidagi folbinga borib kelaman! Shunda uzukni ular o‘g‘irlaganiga ishonchim komil bo‘ladi, – deya uydan chiqib ketdi.

  ***

Gulzor folbinnikiga keldi. Folbin ham “uzukni sizga yaqin joyda yashaydigan ayol olgan” deya uning shubhalarini tasdiqladi. Gulzor bu gaplarni eshitib, jahl otiga mindi va uyga borgan zahoti qo‘shnisinikiga chiqib, yana janjal ko‘tarishni o‘yladi. Uyiga yetib kelganida qo‘shnisinikida turgan mashinalarni, mehmonlarning uyga kirib-chiqib yurganini ko‘rib, qadamini tezlatdi. Ostonada uni kutib olgan Xanifa opaning iltijolariga qarmasdan Gulzor sov­chilar o‘tirgan xonaga jadallik bilan kirdi.

– Men to‘g‘ri qildim, yaramas o‘g‘rini sharmanda qil­dim! – deyishi hamonoq Rashid yugurib keldi va unga:

– Oyi, mana sizning uzugingiz! – dedi.

Gulzor o‘g‘li bergan uzukni hayajon bilan oldi va tezda uni aylanitirib ko‘rarkan, ichki tomonida o‘zining ismi yozilganiga ko‘zi tushdida, o‘g‘liga hayrat bilan boqdi. Uning savol berishga-da ojizligini fahmlagan Rashid uzukni qanday topishganini to‘lqinlanib gapira ketdi:

– Dadam bilan hakkani inini buzayotgandik, ichidagi narsalarning orasida uzugingiz ham bor экан....

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi boshlig‘i

            Ravshanbek Igamberdiyev

Text to speech