O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Meros

Otaning qarg’ishi – o’q! U oxiratda emas, shu dunyoning o’zida nishonga tegadi.

Said Ahmad

 

Sharif ota hovlining chekkasida taxlab qo’­yil­gan shiferlarni ko’zdan kechirdi-da, qadoq qo’llari bilan shiferlarni siypalab, sekin pichirlab qo’ydi:

– Ishqilib, sizlarni tomga bostirish nasib qilsin, o’lmay tursam bo’ldi...

Otaning hayollarini mast holda hovlida tentirab yurgan katta o’g’li bo’ldi.

– Anvar o’g’lim, yana ichib keldingmi?

– Dada, ozgina ichdim, qurilishdagi ishimiz rosa chang ekan, tomog’imdagi changlarni tozalash uchun ichdim, – dedi Anvar.

– Bor o’g’lim, uxla, damingni ol!

– Xo’p, dada! – dedi Anvar va devorga suyanib xonasiga kirib ketdi.

Bu eshakday ikki o’g’ilning foydasi tegmayapti, shiferlarni tomga bostirish uchun taxta va yog’och olishimiz kerak, deb o’yladi otaxon.

Otaxon kampiri Hakimaning vafotidan so’ng ikki o’g’lini boshqara olmay qoldi. Nuqul ikkalasi janjallashishardi. Ota esa ikki o’g’lini ajratish va ularga nasihat berish bilan ovora. Buning ustiga ikkala o’g’ilning ayollari ham yara ustiga tuz sepgandek yoki olov ustiga moy sepgandek harakat qilishardi. Ovsinlarning kundoshlardan battar bir-biri bilan janjallashishi, o’g’illarining esa xotinlari gapiga kirishi, otaxonni battar xunob qilardi. Otaxon o’zini ikki qirg’oqni birlashtirib turgan ko’prikka o’xshatar. Vaqt o’tgan sayin ko’prik tobora nurab qulash arafasida edi. SHu o’ylar bilan ezilgan ota ikki o’g’lini yoniga chaqirib suhbatlashib olishga qaror qildi. Kichik o’g’li Nodir otasi va akasining yoniga kelarkan, xuddi ular unga qarshi bir nimalarni rejalashtirayotgandek, kela solib ularga yovqarash qildi.

– Menga qaranglar, mening sog’ligim yaxshi emas. Qancha yashashimni ham bilmayman. Biroq, sizlarning janjalingizdan qo’shnilar sababli sharmanda bo’lyapman. Sizlarga nima yetishmaydi o’zi?

– Dada, nima gap tinchlikmi? Men hech narsa qilmayapman-ku! – dedi Anvar otasiga savol nazari bilan qarab.

– Nima, men qilyapmanmi? Aka bo’lgandan so’ng uydan chiqib ketishi kerak, hammaning kichik o’g’il­lari uyda qolyapti...

– Ey xotiningni gapini qilyapsanmi? Xotiningni qulisan sen! – dedi Anvar ukasi Nodirning gapini bo’lib.

Shundan so’ng aka-uka bir-biri bilan janjallashib, bir-birini haqorat qila boshladi. Ota ularni ajratib, tinchlantirdi.

– Menga qaranglar, aka-ukalar o’rtasida aka-ukalik huquqi va majburiyatidan tashqari do’stlik ham bo’lish kerak. Sizlar men tirikligimda shuncha janjallashsangiz, men o’lsam nima bo’ladi?! – dedi otaxon va yuragini changallab o’tirib qoldi.

Anvar va Nodir esa bir-birini ayblashda davom etishardi. Otaxon ikkala o’g’liga qarab qattiq baqirdi:

– Sen nonko’rlar! Agar, shunday davom qiladigan bo’lsangiz oq qilaman! Hech qachon rozi bo’lmayman!

Shundan so’ng Anvar ishi borligini aytib ketib qoldi. Nodir bo’lsa uyga kirib xonasida yotib oldi. Sal o’tmay ikkala ovsinning biri-birini kinoya bilan siylab boshlaganini eshitgan otaxon uydan chiqib ketdi.

Otaxon qo’shnisi va do’sti Obid otaning yoniga bordi va unga yig’ilib yotgan dardini to’kib soldi.

– Men o’g’illarimga tarbiya berishni unutibman! Mana qariganimda xor bo’lib yuribman.

– Yaxshi bo’lib ketadi hammasi! – dedi Obid ota do’stini tinchlantirishga urinib.

– Ahil farzandlaringni ko’rib, senga havas qilaman!

– Xudoga shukur, armonim yo’q, kelinlarim ham iboli, hayoli... – deb boshlagan Obid ota, tilini tishladi. Bu gaplari bilan u suvga cho’kayotgan SHarif do’stini ustidan bosayotgandek his qildi o’zini.

Allamahalgacha do’sti bilan suhbatlashgan SHarif ota, do’stining xonadonida Obid va uning kampiriga o’g’illari hamda kelinlarining munosabatini ko’rib, o’zining ahvoliga razm soldi. Kiyimlari eski va kirlagan. Obidning kiyimlari esa xuddi safarga chiqqan insondek ozoda va yarashgan edi. Obid va kampirining yuzidan nur yog’ilayotgandi, go’yo-ki bu nur ularning o’g’illari va kelinlarining mehr quyoshining aksidan jilvalanayotgandek edi.

Obid otaning kelini va o’g’li mehmonga kelgan SHarif otaning atrofida aylanib, o’rgilib parvona bo’lishdi. Obid ota o’zini xuddi o’z uyi do’zaxdan, do’stining uyi jannatga tushganday sezdi. Farzandlaring va kelinlaring soliha bo’lsa o’zingni jannatdagidek sezarakan-san deb o’yladi.

Shu vaqtda Obidning o’g’li Zafar keldi va otasining yelkalarini va oyoqlarini uqalay boshladi.

– Har kechqurun oyoqlarim va yelkalarimni uqalamaguncha uxlamaydi, men ham o’rganib qolib­man, qo’llari dard ko’rsmasin, – deb Obid ota mehr bilan o’g’lini yelkasidan qoqib qo’ydi.

– Ota sizni ham uqalab qo’yay, – deb Zafar SHarif otaning yoniga kelayotgandi, buni ko’rgan Sharif ota:

– Yo’q, yo’q, kerak emas! – dedi. SHarif ota bir necha kundan beri cho’milmagan, hammomni o’g’il­lari, kelinlari deyarli bo’shatmayotgandi.

– Zafar, o’g’lim, senga iltimosim bor.

– Labbay ota, bemalol aytavering!

– Shu noqulay bo’lsa ham... shu...

– Otamning do’sti otamdek inson. Sizga xizmat qilish otamga xizmat qilish, aytavering!

– Bemalol aytaver, SHarifboy, – dedi Obid ota gapga aralashib.

– Zafar o’g’lim, men shifer olib kelib qo’ygan edim, shu uyning tomini bostirish kerak. SHunga yog’och va taxtalar olib kelishim kerak. Seni “Jiguli” mashinangni ustiga yuk tashishi uchun moslama o’rnatgan ekansan. Shu yuklarni olib kelishga yordam bersang, degandim...

– Mayli Sharif ota, Anvar akamning o’zi mashinani haydab olib ketaversin, oldin ham mashinamni unga berganman. Ishini bemalol bitirib olsin.

– Katta rahmat, o’g’lim! – deb SHarif ota xotirjam bo’ldi.

Sharif ota bu xonadondan havasga to’la tuyg’u­lar bilan chiqib uyiga qaytdi. O’z uyiga yaqinlashgan sari xonadonidan shovqin balandlab borardi. Uyga kirib kelgan SHarif ota kelinlari va o’g’illarining ikki tomonga ajralib, janjallashayotganligiga guvoh bo’ldi.

Ikkala ovsin bir-birini qarg’ar, Anvar ukasi Nodirni urishga harakat qilar. Og’zidan qarg’ishi to’xtamayotgan katta kelin, erini zo’rg’a ushlab turardi.

– Hozir ursangiz sizni qamattiradi! Tegmang unga! – deb Anvarni yotoqxonasiga tortardi. Sharif otaning kirib kelganligini ko’rgan bo’lishsa-da tomonlar tinchimadi.

– Ota, nega akam uydan chiqib ketmaydi, katta o’g’il-ku? – dedi Nodir Sharif otaga qarab.

Janjal ancha davom qildi, Sharif ota indamadi. U o’z xonasiga kirib ketdi, uning ko’zlaridan yosh oqayotgandi.

Ertalab Anvar ishiga ketdi. Bekorchi Nodir yana ko’chaga chiqdi. O’tganlarga dardini aytdi, ularga nimanidir tushuntirishni istardi. Ikkita kelin ham ishga ketishdi. Sharif ota tushlikkacha xonasidan chiqmagan bo’lsa-da, hech kimning u bilan ishi bo’lmadi. Hamma tushlikka yig’ilgan vaqti, Sharif otani eslashdi.

– Bobom xonasida ertalabdan beri yotibdi, biroq qimirlamaydi. Ko’zlari ochiq, gapirsam gapimga javob bermadi, – dedi Anvarning o’n bir yoshdagi qizi.

 Sharif ota hayotdan ko’z yumgan, biroq ko’zlari ochiq qolgandi. Uning ko’zlarini yumishga ancha harakat qilishdi. Biroq, ko’zlar yumilmasdi. Balki ko’zlari hali hayotdan to’ymagandir.

 

* * *

Sharif otaning qazo qilganiga hafta bo’lmasdan, uyda janjal yana avj oldi. Dastlab, qozon tovoqlari alohida bo’ldi, so’ng alohida eshiklardan uyga kirib chiqish boshlandi. Aka-ukalar bunga ham qanoatlanmasdan uyni ikki bo’lishdi, hovli va xonalarga devor qurishdi. Uydagi meros qolgan narsalarni taqsimlash ham ancha janjalga olib keldi. Barcha meroslar taqsimlanib bo’lingach, navbat ota ming mashaqqat bilan olib kelgan shiferga yetdi.

– Shiferlarni ikkiga bo’lamiz va har kim o’ziga tegishli merosni oladi, – dedi Nodir.

 – Yo’q, uyning tomiga bostirib qo’yaveraylik, nima qilasan ikkiga bo’lib.

– Yo’q, uy binosining men tomoni bir metr kichik, men tomonga kam shifer ketadi.

– Kelishib olganmiz-ku, shuning uchun hovli­ning tomorqasi sen tomonda ikki metr katta-ku!

– Mayli, biroq shiferlarni ikkiga bo’lamiz.

– Uyning tomiga o’rnatish kerak, yog’och olamiz va bostiramiz.

– Men yog’och olishga pulim yo’q, men tomonim bos­tirilmasa bostirilmasin, – dedi Nodir bamaylixotirlik bilan.

– Men o’z tomonimni bostirsam uyning ko’rinishi kulguli bo’ladi-ku.

– Bilmayman.

– Unda yog’ochlarni o’zim olaman, uyni shiferini o’rnatishga yordam bersang bo’ldi.

– Yo’q, bo’lmaydi!

Anvar va Nodir ancha paytgacha tortishishdi va shiferlarni birga borib sotib, pulini teng bo’lashib olishga kelishishdi.

 Anvar qo’shnisi Zafarning “Jiguli” mashinasini vaqtincha so’rab oldi va unga shiferlarni yuklashdi. “Jiguli” mashinaning tepasiga o’rnatilgan maxsus yukxona vazifasini bajaruvchi temirga shunchalik ko’p shifer o’rnatdiki, mashina yerga tegay deb turardi.

Shu yerdan o’tib borayotgan qo’shnisi Asad mashinaga yuklangan shiferlarni ko’rdi. Mashinaga minayotgan Anvar va Nodirga qarata:

– Nima, shiferlarni bo’lib-bo’lib yuklasangiz bo’lmaydimi, mashinani tamom qilibsizlar-ku. O’zlaringizni mashinangiz emas-da, shuning uchun ham ancha qiynabsizlar, – dedi.

Asad mashinaning raqamidan bu mashina qo’sh­ni­si Zafarniki ekanligini fahmlagandi.

Bir-biriga ishonmagan aka-ukalar shiferni sotish uchun birgalikda mashinaga minib yo’lga chiqishdi. Mashina sal uzoqlashmay, old shinasi bir chuqurchaga tushdi-yu, yuqoridagi katta og’ir yukning bosimini ko’tara olmadi. Katta yuk, mashinani tepa qismini shunday bosdi-ki, natijada aka-ukaning tanasini majaqlab tashlagandi.

 

Muallif: Ravshanbek Igamberdiyev  

Text to speech