O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

JAZO

                                                                                              “O‘g‘ri erkakning ham, o‘g‘ri ayolning ham qo‘llarini kesinglar! Toki bu                                                                                                                ularning qilmishlariga yarasha jazo, Alloh tomonidan berilgan azob bo‘lsin.

                                                                                                                                                          Alloh qudrat va hikmat Egasidir”.

                                                                                                                                                                          (“Moida” surasi 38-oyat)

 

Gulzor ona o‘g‘li uyga yarim tunda qaytganini ko‘cha eshigining ochilib yopilganidan bildi. Odatiy so‘kinish ovozlari qulog‘iga chalinar ekan, “Aziz kelibdi”, deb qo‘ydi. So‘ng o‘g‘li allamahalda qayerdan kelganini aniqlash uchun boshiga ro‘molini o‘rab, xonasidan chiqdi. Omborxonaga kirayotgan o‘g‘lidan xavotirli ovozda:

– Aziz, tinchlikmi? Qayerda eding shu paytgacha? – deb so‘radi.

Gulzor ona avvaliga o‘g‘lini mast deb o‘ylab, yuziga tikilib qaradi. Kayfi yo‘qligini bilgach, ichida “Xayriyat” deb qo‘ydi.

– Uxlayvermaysizmi! – to‘ng‘illadi Aziz.

Keyin ko‘chaga chiqib, bitta qopni sudrab qaytdi, onasining ko‘zi oldida uni omborxonaga kiritib qo‘ydi.

Ona qopdan to‘kilib qolgan chigitlarni ko‘rdi, o‘g‘li yana chigit o‘g‘irlaganligini sezdi va beholgina ko‘rpachaga cho‘kkaladi.

– Bolam, o‘zi chigit o‘g‘irlaganing uchun ishdan bo‘shatishdi. Yana shu ishni qildingmi? Axir, ertaga seni qamab qo‘yishsa, men sho‘rlik nima qilaman? Dodimni kimga aytaman?

– O‘g‘irlik deysizmi? – jahllandi Aziz. – Bu bir-ikki qop chigit o‘g‘irlik emas. Haqiqiy o‘g‘rilar meni bo‘shatgan odamlar, ular tonnalab o‘g‘irlashadi!

– Har kim ekkanini o‘radi, – dedi Gulzor ona yerga tushgan chigitlarni terib qopga solar ekan.

Aziz onasiga javob qaytarmadi. Xo‘mrayib turaverdi. Bir ozdan so‘ng yuz-qo‘lini yuvib, o‘z xonasiga kirib ketdi. Onasi ham xonasiga qaytdi. Marhum eri Vohid otaning yotoqxonada turgan rasmiga qarab:

– O‘g‘lingizni bu yo‘ldan qanday qaytaraman? – deb xo‘rsindi. Ko‘zi ilingunga qadar erining rasmini quchoqlab o‘tirdi, xayolan unga arzi hol aytdi.

Ertalab nima qilishini bilmay mahalla oqsoqoli Xayrullaning yoniga chiqdi va unga dardini to‘kib soldi. O‘g‘lini to‘g‘ri yo‘lga qaytarishda yordam berishini so‘radi. Oqsoqol Aziz bilan gaplashib qo‘yishga vaʼda berdi.

 Tushlik chog‘i uylariga oqsoqol kirib kelganida, Aziz taajjublandi. Onasi “chaqirilmagan meh­mon”­ni dasturxonga taklif qilganida unga yovqa­rash bilan qaradi. Birga tushlik qilishdi. Choy ichib o‘tirganlarida oqsoqol uzoqdan gap boshladi. U Azizning xotini bilan ajrashgani, tuman paxta zavodida yaxshi ishlagani, biroq o‘g‘irlik ustida qo‘lga tushgach bo‘shatib yuborilgani, yigitning bu harakati mahallada muhokama bo‘lgani haqida gapirdi. Aziz o‘g‘irlikni yig‘ishtirib, halol mehnat qilishi kerakligini, o‘g‘irlik og‘ir gunoh ekanini, marhum otasiga munosib farzand bo‘lishi lozimligini eslatdi. Oqsoqol “o‘g‘irlik”, “chigit”, “paxta” kabi so‘zlarni aytganida, Aziz beixtiyor omborxona eshigiga qarar, xuddi hozir Xayrulla aka o‘rnidan turib omborxonaga boradigandek, uning o‘g‘irligini fosh qilib, militsiyaga topshirib yuboradigandek tuyilardi. Shunday bo‘lsa-da, bo‘sh kelmadi:

– Menga qarang, nima demoqchisiz, o‘zi? Bu masala o‘zingiz aytgandek mahallada muhokama qilindi, jarima ham to‘ladim. Yana nima istaysiz mendan?

– To‘g‘ri, jarima to‘ladingiz. Biroq ...

– Xayrulla aka, sizdan nasihat eshitib o‘tirgani bekorchi vaqtim yo‘q!

– Axir...

– Yetar nasihatingiz! O‘zingiz oppoqmisiz? – dedi Aziz va o‘rnidan turib, uydan chiqib ket, degandek eshikni ochdi.

Gulzor ona bir o‘g‘liga, bir oqsoqolga qaraganicha dasturxon chetini buklab o‘tirardi. Aziz bilan gaplashish befoydaligini tushungan oqsoqol indamay uydan chiqdi.

Oqsoqol ketishi bilan Aziz onasiga zahrini sochdi:

– Oyi, bu nima qilganingiz? Bugun oqsoqolning yoniga, ertaga tergovchining yoniga boring! Iloji bo‘lsa meni qamatib yuboring!

– O‘g‘lim, qaysi ona farzandiga yomonlikni ravo ko‘radi? Axir, o‘zing o‘sha joyda ishlading, topish-tutishing yomon emasdi. Zavoddan chigit o‘g‘irlash xalqning rizqini o‘g‘irlash bilan teng-ku...

Biroq Aziz onasining oxirgi so‘zlarini eshitmasdan uydan chiqib ketdi va to‘g‘ri do‘sti Anvarning yoniga bordi.

– Do‘stim, shoshib turibman, sening yoningga bir ish bilan kelgan edim. Mana, bir necha yildan beri zavodda qorovul bo‘lib ishlayapsan, biring ikki bo‘ldimi? Kerak bo‘lsa, seni ham bo‘yningga bir ayb to‘nkab bo‘shatib yuborishadi. Shuning uchun senga bir taklifim bor, – dedi. Keyin atrofga olazarak qarab olib, davom etdi: – Tunda ombordan chigit olish qiyin. Lekin kunduz kuni shnekdan o‘tayotgan chigitlarni qopga solib olib ketsang, hech kim sezmaydi. Sening har qorovul navbatingda, shnekdan o‘tayotgan chigitlardan ikki qop olib ketsam bo‘ladimi? Bir qopi menga, bir qopi senga...

Anvar qo‘rqib ketdi:

– Menga hech narsa kerak emas. Keyin ishimdan ayrilib qolishni xohlamayman. Aziz, qo‘ygin shu ishlarni, tinch yuraylik.

– Sen bilan kelishganimizni hech kim bilmaydi. Men orqa devordan kiraman. Bilasan, ishchilar tushlik qilayotgan vaqtda ham shnek ishlab turadi. O‘sha paytdan foydalanib, ikki qop chigitni olib ketaman. Shnekdan o‘tayotgan chigit olinsa bilinmaydi. Bu ish silliqqina bitadi, xavotir olma.

– Qo‘lga tushsang, nima bo‘lishini bilasanmi? Kimdir ko‘rib qolsa-chi?

– Qo‘lga tushsam ham, seni sotgan nomard! Bilasan, men ham o‘sha yerda ishladim. Hech kim sendan gumon qilmaydi.

Nihoyat, Anvar Azizning taklifiga rozi bo‘ldi va unga qorovullikda turadigan kunlarini aytdi. Shundan so‘ng ikkisi rejani pishitib olishdi.

Ertasi kuni tushlik paytida Aziz tanish devor yoniga keldi. Devordagi qoraygan izlar bu yerdan ko‘p bor chiqib-tushilganini ko‘rsatib turar, Azizning o‘zi ham ish vaqtida qopga solingan chigitlarni shu yerdan narigi tarafga tashlar, devor ortida kutib turgan sherik­lari esa qoplarni olib ketishar edi.

Devordan oshib o‘tgan Aziz, zavodning chigitlarni shnekdan o‘tkazuvchi qismiga yaqinlashdi. Atrofda hech kim yo‘q. Shnek va motor ovozlari quloqni qomatga keltirar, biroq bu shovqin Azizga xush yoqardi. Shovqin eshitilyaptimi, demak shnek ishlayapti. Shnek ishlayaptimi, demak, chigit o‘tib turibdi. Aziz shu o‘ylar bilan tepaga qarab yurdi, shnekning yonidan o‘tgan maxsus ishchilar yo‘lagiga bordi va chaqqonlik bilan qo‘ynidan ikkita qop chiqardi. U birinchi qopni bir zumda to‘ldirib oldi. So‘ng uni pastga qo‘yib, ikkinchi qopni o‘ng qo‘li bilan ochib, chap qo‘li bilan chigitlarni tez-tez sola boshladi. Kurtkasining yengidagi temir tugmacha shnekka tegib, shiqirlagan ovoz chiqqan chog‘da, Aziz birov eshitib qolishidan xavotir olib eshik tomonga qaradi. Xuddi shu vaqtda qo‘lidan nimadir qattiq tortganday bo‘ldi...

***

Tuman kasalxonasida ko‘zini ochgan Aziz aʼzoi badani qattiq og‘riyotganini sezdi, hatto qimirlashga ham majoli yo‘q edi.

 – Bolam, ko‘zingni ochdingmi?

Onasi Aziz yotgan karavotning o‘ng tomonida, kursida o‘tirgan ekan.

– Menga nima bo‘ldi oyi? – dedi zo‘rg‘a pichirlab.

– Paxta tozalash zavodida... Falokatga uchrabsan.

– Hamma yog‘im zirqirab og‘riyapti.

– O‘g‘lim, hali yaxshi bo‘lib ketasan, – onasi yig‘i aralash xo‘rsindi.

 Shu payt xonaga oq xalat kiygan vrach kirib keldi. Aziz ko‘zini ochganini ko‘rib:

– Bemor, ahvolingiz yaxshimi? Xudo xohlasa, tez kunlarda sog‘ayib ketasiz. Hozir sizga og‘riq qoldiruvchi ukol qilganmiz. Yo‘lakda tergovchi kutib turibdi, ko‘zingizni ochganingizni aytaman. Sizga bir-ikkita savoli bor ekan, – dedi.

Vrach chiqib ketgach, palataga papka ko‘targan yigit kirdi. Aziz va onasi bilan salomlashib, palatadagi ikkinchi kursiga joylashib o‘tirib oldi. Qo‘lida bir talay qog‘oz bor edi.

– Men tuman ichki ishlar bo‘limidan tergovchi Rus­tambekovman. Ayting-chi, siz zavodda, shnekning yonida nima qilayotgan edingiz?

Butun vujudi qaqshab og‘riyotgan, hatto qo‘llarini qimirlata olmayotgan bo‘lsa-da, Aziz tergovchining savollariga qanday javob berish haqida o‘ylardi. U bir oz o‘ylanib qolgas, xastalarga xos ovozda javob qaytardi:

– Eski ish joyimni sog‘inib borgandim.

– Qopdagi chigitlar-chi?

– Bilmasam... – Aziz chaynalib qoldi.

– Shnek ustida nima qilayotgan edingiz, qanday qilib yiqilib tushdingiz?

– Tutun hidi keldi, yong‘in bo‘lmasin deb chiqqan edim. O‘sha vaqtda yiqilib tushgan bo‘lsam kerak.

– Unda qo‘lingizga nima qildi?

– Yiqilgan paytimda sindirib olgan bo‘lsam kerak.

– Bilasizmi, Aziz, chap qo‘lingizning kafti shnek ichidan topildi...

Aziz tergovchining qolgan gaplarini eshitmadi. U birdan chap qo‘liga qaradi. Qo‘lini ko‘tarishga kuchi yetmasa ham, bint bilan bog‘langan chap qo‘lining kafti yo‘qligini ko‘rdi...

 

Text to speech