Olov iskanjasida
Navbatdagi istaklarni qondirishdan
ko‘ra, birinchisini yengish osonroqdir.
Benjamin Franklin
Ota-onasining qistovi bilan uylangan O‘tkirning turmush o‘rtog‘iga ko‘ngli ilimadi. Turli bahonalar bilan uydan chiqib ketib, kech kelar, yangi kelin – turmush o‘rtog‘ining savolli nigohidan ko‘zlarini olib qochar, baʼzida esa zardali javob qaytarardi. Yolg‘iz bo‘lishsa, bir-biriga mehri tushar deb, O‘tkirning ota-onasi o‘g‘lini alohida uyga ko‘chirishdi. O‘tkir Saida bilan bir yil alohida yashaganidan so‘ng kechqurunlari kelmaydigan odat chiqardi. Farzandi bilan ovora Saida esa O‘tkirning bahonalariga ishonib yurdi.
O‘tkir uylanishidan ikki yil avval Vasila ismli qiz bilan tanishib qolgan, Vasila unga bir yigit bilan gaplashib yurib, aldanganligini, nomusi toptalganligini aytib bergandi. Keyinroq O‘tkir bilan Vasilaning o‘rtasida muhabbat kurtak otdi va bu orada Vasila homilador bo‘lib qoldi. Qarindoshining uyida yashab yurgan Vasila homilador bo‘lganidan so‘ng ijara uyga ko‘chib o‘tdi. Ijara pulini bir amallab to‘lab yurishdi. Vasila oila shaʼnini to‘kkanligi uchun ota-onasi va aka-ukalari undan voz kechishgandi.
O‘tkir eshikning qo‘ng‘iroq tugmasini bosganida ichkaridan ovoz eshitildi.
– Hozir, boryapman!
O‘tkir ichkariga kirib, qo‘lidagi sumkani yotoqxonadagi shkafga qo‘ydi. So‘ng to‘rt yashar o‘g‘lini Vasilaning qo‘lidan oldi.
– Pahlavonim qalaysan, dadangni sog‘indingmi?! – dedi.
– Nima yana soat ikkida xotinjoningizni yoniga ketdingizmi?! – dedi Vasila qovog‘ini solib.
O‘tkir indamasdan shkafga qo‘ygan sumkani ochdi va ichidan pul olib, Vasilaga uzatdi. Pulni olayotib sumkaning ichi pulga to‘laligini ko‘rgan Vasila:
– Qayerdan oldingiz? – dedi.
– Ishing bo‘lmasin, tezda do‘konga tush! Keyin osh damla, Hoshimbekka ham birorta yaxshiroq o‘yinchoq olib kel, – dedi bo‘g‘iq ovoz bilan.
O‘tkirbek nimadandir asabiylashayotgan edi. U uch kun avval turmush o‘rtog‘i Saidaga men bir hafta falonchi qishloqda qurilish ishlarida ishlayman, deb chiqib ketib, Vasilaning yonida yashab yurgandi. Kvartiraning ijara puli va nasiyaga qilingan xarajatlar sababli qarzi ko‘payib ketgandi. Buning ustiga, Vasila ham ko‘ylagi eskirib ketganligini aytib to‘ng‘illab yurgandi. Shuning uchun tunda Vasilaning yonidan chiqib ketib, rejalashtirib yurgan o‘g‘irlikni amalga oshirdi. Mo‘may o‘ljadan ijara pullarini to‘lab, qarzlaridan ham qutuldi.
O‘tkir ijara uyda yana bir hafta yashadi. Dam olish kuni ertalab Vasila o‘ziga ko‘ylak sotib olish uchun bozorga ketgan, Hoshimbek bo‘lsa qo‘shni xonada uxlab yotgan mahal bir haftadan beri o‘chirib qo‘ygan telefonini yoqdi. Xabarlar yog‘ilib kela boshladi. Onasidan kelgan SMSni o‘qidi-da darrov onasiga qo‘ng‘iroq qildi.
– Allo, O‘tkir, qayerdasan, nega telefoning o‘chirilgan? Nima qilib yuribsan, a, sen bola?
O‘tkir telefonni qulog‘idan uzoqlashtirib turdi va onasining tovushi tinganidan so‘ng:
– Oyi, qurilishdaman, telefonimning quvvati tugagandi. Buning ustiga uzoq qishloqdamiz, aloqa yo‘q.
– Nega xotiningga qo‘ng‘iroq qilmading? Uyimizga ham uch marta kelib-ketdi, bechora. Oilangdan xabar olasanmi o‘zi sen bola?..
– Nima yoningizga yig‘lab bordimi?! – dedi O‘tkir zarda bilan onasining gapini bo‘lib.
– Hoy, bola, anavu shallaqining yonida yurgan bo‘lma?! Qayerdaligingni ayt, hozir boraman, agar xotining bilsa, ketib qoladi uyiga.
– Boraman o‘zim, ertaga...
– Hozir kelasan! Bo‘lmasa o‘zim boraman, yurgan joyningni ayt?
– Oyi, aytdim-ku, ertaga boraman, deb. Bo‘ldi, oyijon, boryapman. Mana, chiqdim, – dedi-yu onasining gapirayotganiga qaramay telefonini o‘chirdi.
Karovotga o‘zini tashlab, o‘ylanib yotganicha uxlab qoldi. Vasilaning ovozidan uyg‘onganda, tushlik vaqti bo‘lgandi.
– Uyg‘ondingizmi, jonim?! – Vasila O‘tkirning bo‘yniga osildi, – hozir ovqat ham tayyor bo‘ladi, yangi qo‘ylagimni kiyib ko‘rsataymi?
Narigi xonadan Hoshimbekning yig‘lagan ovozi eshitildi.
– Hoshimbek nimaga yig‘layapti?
– Qorni og‘riyapti. Tushlikdan so‘ng kasalxonaga olib borib tekshirtiraylik.
Shu vaqtda oshxonadan nimaningdir taqirlagan ovozi va Hoshimbekning chinqirgani eshitildi. O‘tkir va Vasila oshxonaga yugurib kirishdi-yu Hoshimbek baqirib yig‘layotgani, uning yonida esa choynak ag‘darilib yotganini ko‘rishdi. Vasila dahshatdan dodlab yubordi. Choynakdagi issiq suv Hoshimbekning ustiga to‘kilgandi. Zudlik bilan bolani kasalxonaga olib ketishdi.
Bolaning ko‘p joylari qaynoq suvdan kuygan, shuningdek, aynigan narsa yeb zaharlangan ekan.
O‘tkir dori-darmon olish uchun kvartiraga qaytdi va sumka ichida bor-yo‘g‘i ellik ming borligini ko‘rib, darg‘azab bo‘ldi-da, Vasilaga qo‘ng‘iroq qildi:
– Bu yerda ellik ming so‘mdan boshqa pul yo‘q. Sumkadagi qolgan pullar qani?
– Men ko‘ylakdan tashqari tufli ham olgan edim, – dedi Vasila yig‘lab.
– Qancha pul kerak bo‘larkan?
– Shifokorlar ikki-uch million deyapti. Bolamizning ahvoli og‘ir emish. Bir nima qiling, pul toping, o‘g‘limiz o‘lib qoladi! – ho‘ngrab yubordi Vasila.
– Bo‘ldi, yig‘layverma! Bir ilojini qilib, ertalabgacha pul topaman.
O‘tkir oldin ko‘rib ketgan uyning oldida keldi. Soat tungi ikki, atrof jim-jit. O‘tkir sekin uydan uzoqroqda bog‘lanib turgan sigir bilan buzoqning arqonini yechdi.
Chorva bozorga yetib kelganida odamlar allaqachon qoramollarini ushlab turgandi. Darvozadan kirishi bilanoq olibsotarlar O‘tkirni oldiga kelib molini arzon bahoga sotib olishga harakat qilishdi.
Tong ota boshlaganda O‘tkirning oldiga bir xaridor keldi. Uning boshqa viloyat shevasida gapirayotganini ko‘rgan O‘tkir tezroq shu xaridorga sigirni buzog‘i bilan sotishni o‘yladi. Birinchidan, o‘g‘irlangan mol tezroq boshqa viloyatga ketadi, ikkinchidan, agar ular qo‘lga tushsa, O‘tkirni tanimaydi. O‘tkir shularni o‘ylab, biroz savdolashib turdi-da uch million so‘mga sigirni buzog‘i bilan birgalikda sotdi.
– Mol o‘g‘irlikmasmi? – dedi xaridorning yoniga hozirgina kelib qo‘shilgan sherigi hazillashgan bo‘lib. Hamrohi bo‘lsa sigirni chekkaga yetaklab ketdi. O‘tkir savolga ahamiyat bermagandek, pulni cho‘ntakka solib, xaridor bilan xayrlashdi. Xaridor ham shoshayotgan ekan odamlar ichiga kirib ketdi.
O‘tkir yengil nafas olib, mol bozoridan chiqayotgan vaqtida sal nariroqda ichki ishlar xodimlari o‘zi o‘g‘irlagan sigirning yonida turganini ko‘rdi. Sigir va buzoqni chekkaga olib chiqqan xaridor ularga bir nimalarni tushuntirayotgandi. O‘tkir o‘zini odamlarning panasiga oldi.
Kasalxona oldida Vasila turgan ekan, O‘tkirni ko‘rishi bilan yig‘lab uning oldida keldi va qo‘lidagi dorilar ro‘yxatini berdi. O‘tkir kasalxona yonidagi dorixonadan barcha dorilarni olgach, dasta pullarni dorixona xodimining oldiga qo‘ydi.
– Keragini sanab oling!
Dorixona xodimi pulni pul sanaydigan mashinaga soldi, O‘tkir dorilarni ko‘zdan kechirib turgan vaqtida dorixona xodimi:
– Nima, hazillashyapsizmi, dorilarni joyiga qo‘ying! – dedi va pullarni O‘tkirning oldiga qo‘ydi.
O‘tkir pullarga qaradi va shoshib cho‘ntagidagi uchinchi taxlamni ham oldi. Taxlamning ikki chekkasiga o‘n mingtalik, ichida esa mingtalik kupyuradagi pullar qo‘yilgandi. Bu pullar uch million emas bor-yo‘g‘i uch yuz ellik to‘rt ming ekan.
O‘tkir dorixonadan asabiy chiqib, kasalxonaga kirayotganda ro‘parasidan ichki ishlar xodimlari chiqib qolishdi.
O‘tkir go‘yo olov iskanjasida qolgan edi...