Osmonning ko‘z yoshlari
Navnihol, nozik nafas murg‘akka aylab jon fido,
Kechalar uyqu harom, bir necha bor uyg‘onasan.
Gar tikan kirsa oyoqqa yo‘lga kirgan chog‘ida
Kipriging birla chiqarmoq bo‘lasan, to‘lg‘onasan.
Sh.Shomuhammedov
Bugun havoning avzoyi buzuq, osmonda bulutlar besaranjom – yomg‘ir yog‘aman deb turibdi. Yomg‘irni yaxshi ko‘raman. Shuning uchun bo‘lsa kerak, yomg‘ir paytida derazalarni ochib qo‘yadigan odatim bor. Bugun ham shunday bo‘ldi. Salqin, hamda yer hidi ufurgan yoqimli havodan to‘yib-to‘yib nafas olib turgan paytim xonaga to‘satdan hamkasbim kirib keldi va menga yuzlanib dedi:
– Bugun siz navbatchi advokatmisiz?!
– Ha, shunday.
– Ichki ishlardan qo‘ng‘iroq qilishdi, ularning idorasiga borib, bir jinoyat ishida ishtirok etishingiz, gumon qilinuvchini himoya huquqi bilan taʼminlashingiz kerak ekan.
“Xo‘p”, dedim. Hujjatlarimni yig‘ishtirdim-da, o‘zimga kerak qog‘ozlarni olib, idoramizdan uncha uzoq bo‘lmagan, ichki ishlar binosiga bordim. Ish tafsilotlariga qiziqib, tezda meni chaqirtirgan tergovchining xonasiga kirdim: gumonlanuvchi jabrlanuvchining urib qo‘lini sindirgan va boshqa joylariga ham shikast yetkazgan ekan. Ajablanarlisi shundaki, jabrlanuvchi o‘z o‘g‘li tomonidan ana shunday ayanchi ahvolga solingan edi.
Kecha oqshom tuman kasalxonasiga jabrlanuvchi Gulmira ona og‘ir ahvolda olib kelingan, u tanasida son-sanoqsiz lat yeyishlar va qo‘l-bilak suyagining ochiq sinishi kabi jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan ekan. Jabrlanuvchi hech narsa demagan. Biroq, qo‘shnisi Axmad aka o‘z ko‘rsatmalarida jabrlanuvchi qo‘shnisi ekani, jabrlanuvchining o‘g‘li Voris doim ichib kelishi va onasini urib kaltaklashi, oldinlari ham bir necha marotaba bu holat takrorlangani haqida ko‘rsatma bergan. Kecha tunda baqir-chaqirdan so‘ng qo‘shnisining uyiga kirgan Axmad aka onasini ayamay urayotgan Vorisni ko‘rib, uni to‘xtatmoqchi bo‘lgan. Ammo uning urinishlari foyda bermagach IIB xodimlarini chaqirgan. U Vorisning vahshiy xarakatlari muntazam takrorlanishi, biroq onasi hech vaqt va hech kimga shikoyat qilmasdan kelayotganligini bildirib o‘tgan ekan.
Vorisga darhol jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoiy harakatini davom ettirmasligi uchun ushlanganini va yigirma to‘rt soat ichida advokat bilan taʼminlanishi zarurligi sababli meni navbatchi advokat tariqasida uning huquqlarini himoya qilish uchun chaqirtirishganini bildim.
Tafsilotlarni bilgach, tergovchiga himoya ostiga olinuvchi shaxs bilan uchrashish istagimni bildirdim, shuningdek, jabrlanuvchi bilan ham uchrashmoqchiligimni, uni qayerdan topishim mumkinligini so‘radim. Tergovchi menga jabrlanuvchining kasalxonadan topishim mumkinligini aytdi.
IIB xodimi Vorisni xonaga olib kirgan paytda jinoyat ishi bilan yana bir bor tanishayotgan edim. U o‘ttiz to‘rt yoshda, oilali. Ammo doim ichib kelib janjal qilganligi sabab turmush o‘rtog‘i farzandlari bilan ketib qolgan, o‘zi esa onasi bilan yashab kelayotgan ekan. Otasi ancha yillar avval vafot qilgan.
Men tergovchiga Voris bilan alohida – advokatlar xonasida gaplashib olmoqchiligimni aytdim va tergovchi ruxsat bergach, soqchi Vorisni advokatlar xonasiga olib bordi va ikkimizni yolg‘iz qoldirdi.
Stolda qarama-qarshi o‘tirgan Vorisni kuzatarkanman, undan kelayotgan aroq hidi boshqa hidlar aralashib dimog‘imga urildi va ko‘nglim behuzur bo‘lib, o‘rnimdan turdim.
– Men sizning himoyachingiz – advokat Xakimovman, istasangiz meni Alisher aka deb chaqirishingiz mumkin.
– Meni qachon qo‘yib yuborishadi, nega ushlab o‘tirishibdi?
Vorisning birinchi bergan savoli shu bo‘ldi. Bundan qancha ajablanmay, tilimga kelgan gapni aytib yubordim:
– Onangizni sog‘ligini so‘rasangiz yaxshi bo‘larmidi.
– Onamga hech nima qilmaydi, bu oldin ham bo‘lgan, biroq onam shikoyat qilmagan, ish yopilib ketgan...
Qanchalik hayratlanmay, himoyam ostidagi shaxsga vaziyatni tushuntirishga urindim:
– Agar jarohatlar yengil yoki o‘rtacha bo‘lsa, jabrlanuvchi shikoyat qilmasa, jinoyat ishi qo‘zg‘atilmaydi. Biroq qo‘l suyagining ochiq sindirilishi, bu og‘ir jinoyat! Onangiz shikoyat qilmasa ham baribir jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Ish sudga oshadi, hammasi sudda hal bo‘ladi...
– To‘xtang, nima onam shikoyat qilyaptilarmi?
– Yo‘q, siz nima sababdan onangizni urdingiz? – deya so‘radim o‘zimni bosishga urinib. Ammo u javob bergan sari g‘azabim ortib borardi.
– Qayerdan bilaman, kecha o‘rtoqlarim bilan o‘tirib ziyofat qildik, so‘ng uyga mast bo‘lib keldim, onam bir nimalar deb ming‘illagan bo‘lsa kerak...
Vorisning savollarimga berayotgan javoblaridan, qarshimda odam emas, bir maxluq o‘tirganligini his qildim, “Nahotki shundaylarni yer ko‘tarsa? Odam ham o‘z onasini shu ahvolga soladimi?” Miyamda g‘ujg‘on o‘ynayotgan savollarga javob topa olmadim.
Shundan so‘ng Voris bilan tergovchining xonasiga kirdik, so‘roq jarayoni boshlandi. Derazadan qarasam haligina tingan yomg‘ir yana sharros quymoqda. Bunday manzaradan bebahra qolmaslik uchun tergovchidan xonaning derazasini ochishga ruxsat berishini so‘radim. U rozi bo‘lgach, darazani ochib, panjarasidan tashqariga qaradim. Xonaga kirgan yoqimli havodan to‘yib-to‘yib nafas olarkanman, IIB binosi oldida bir ayolning bechorahol ahvolda turganligini ko‘rdim: ko‘rinishidan ayol yomg‘irda qolganligini ham unutib, kimnidir ilhaq kutayotganligini bilish qiyin emasdi.
– Shu vaqtda tergovchining xizmat xonasidagi telefoni jiringladi. Tergovchi go‘shakni ko‘tarib kim bilandir gaplashdi-da:
– Jabrlanuvchi kasalxonadan chiqib ketibdi. Qayerga ketishi mumkin, ahvoli yaxshi bo‘lmasa... – deya menga savol nazari bilan qaradi. Miyamga urilgan fikrdan shoshib tashqariga chiqdim.
Tashqariga chiqqanimda haligi ayol bir qo‘lida sumka ko‘targancha turar, bir qo‘li gips qilingan bog‘lam esa qon va suv aralashib, qizil tusga kirgandi. Xuddi bu ayolning qo‘li bog‘langan matodan qon oqayotgandek edi, go‘yo.
Onajon, tinchlikmi, kimning oldiga keldingiz? – dedim.
– O‘g‘limni ko‘rishga kelgan edim!
– O‘g‘lingiz kim? Nima qilgan? – dedim... o‘zim o‘ylayotgan javobni aytmasligiga umid qilib.
– O‘g‘lim Rashidov Vorisbek. Kecha janjallashgan ekan, shunga qamab qo‘yishibdi.
– Men o‘g‘lingizni advokati bo‘laman, uning qilgan harakatlaridan xabardorman.
– ...
–Qarang, qo‘lingiz jarohatlangan ekan. Kasalxonaga borishingiz kerak, bu sog‘ligingizga ziyon yetkazadi – dedim, noqulay vaziyatdan qutulish uchun, ayolning bog‘langan qo‘liga ishora qilib.
– O‘g‘limni bir ko‘rarmikanman, degan umid bilan qarab turgan edim, - dedi onaxon va bog‘langan qo‘lini menga ko‘rsatmaslik uchun orqasiga yashirishga urindi.
–Uni (negadir o‘g‘lingiz deyishga tilim bormadi), albatta, ko‘rsatishadi, bunga haqqingiz bor. Biroq, yomg‘irda turish sog‘lingiz uchun ziyon. Yuring, ichkariga kiramiz, – dedim shalabbo bo‘lgan kiyimlarimni ko‘rsatib.
–Yo‘q-yo‘q, ichkariga kirsam, kasalxonaga olib ketishadi. Oldin O‘g‘limni bir ko‘ray, u kechadan beri hech narsa yemadi, unga issiq somsa olib kelgan edim, shuni o‘g‘limga bering, iltimos.
Men noiloj onaizorning qo‘lidan paketni oldim va “boravering” degandek ishora qilib, joyimda tosh qotdim. Sho‘rlik ona orqasiga qarab-qarab, noiloj ketdi. Ichkariga kirgan vaqtimda ko‘zimdan beixtiyor chiqqan yosh, yuzimdagi oqayotgan yomg‘ir suvlariga qo‘shilib oqar edi...