So‘ngi sovg‘a
So‘ngi sovg‘a
Hamma odamlar o‘z ota-onalariga mehr qo‘ysa, yoshi kattalarni hurmat qilsagina Osmon ostida
osoyishtalik hukm suradi.
Meng Zi
Kampiri vafot qilgandan so‘ng Boltaboy ota o‘zini oldirib qo‘ydi. Oldin nabiralari bilan hazillashib, kulishib yuradigan chol endi o‘zgardi-qoldi. Buning ustiga yolg‘iz o‘g‘lining eʼtiborsizligi va kelinining kesatib gapirishlari cholning yurak bag‘rini yana-da ezardi. Kampiri vafot qildi-yu, bu uyni ushlab turgan yagona ustun qulagandek bo‘ldi, go‘yo. Boltaboy ota bir haftadan beri yuvish uchun tashlab qo‘ygan kiyimlariga qo‘l tekkizilmaganligini ko‘rib:
– Bolam, vaqtingiz bo‘lsa, kiyimlarni yuvib bersangiz, – dedi serial tomosha qilib o‘tirgan keliniga.
– Ota, sal narsaga ham kiyimlaringizni tashlayverasizmi? Nima, sizni kiyimingizni yuvishdan boshqa ishim yo‘qmi?! Keyin yuvib berarman-da o‘sha kiyimlaringizni! – dedi kelin va boshqa gapim yo‘q degandek televizorga tikilib o‘tiraverdi.
Ota tashqariga chiqib o‘g‘li Akbar mototsiklini u yoq-bu yog‘ini kovlayotganini ko‘rdi. O‘g‘lini bir joyga ketishga taraddudlanayotganligini ko‘rib:
– O‘g‘lim, mototsiklingni oldi chirog‘i yonmaydi. Kechqurun harakatlanayotganingda senga biror kor-hol bo‘lmasin, deb qo‘rqaman, – dedi.
– Dada ko‘rib yuribsiz-ku, bir yildan beri yonmagan chiroq bilan tunda ham yuribman. Men usta bo‘lib ketganman, ko‘zimni yumib ham boshqara olaman, bu matohni.
– Ko‘za kundamas, kunida sinadi, degan gap bor, o‘g‘lim. Allohim saqlanganni saqlaydi.
– Dada, hozir boshim og‘rib turibdi, qo‘ying...
Otasining yana nimadir demoqchiday, yonidan ketmay turganligini ko‘rgan Akbar:
– O‘zi bir nima demoqchimisiz? – dedi.
– Shu... o‘g‘lim, mening nafaqamdan ozgina pul kerak edi.
– Nimaga, nima kerak bo‘lsa olib beryapmiz-ku?!
– Shu zarurda, o‘g‘lim...
– Bo‘pti, kelingizga aytaman, keragini beradi.
Boltaboy ota, kampiri vafotidan so‘ng o‘g‘lining gapi bilan nafaqasini olish vakolatini Akbarga ishonch xati orqali berganidan afsus qildi. Bir marta nafaqasini bergan o‘g‘li, qolgan oydagi nafaqalarini bermaydigan bo‘ldi. Buning ustiga do‘stlari bilan maishat qilar va mast holda mototsiklni boshqarardi. Shularni o‘ylab ezilgan ota, kelinining to‘ng‘illab bergan pulini oldi.
Tushlik vaqtida bir o‘zi o‘tirgan otaning oldiga kelini choy bilan kecha yoki oldingi kundan qolib ketgan ovqatni isitib qo‘ydi. Otaxon och bo‘lgani uchun bir-ikki qoshiq ichdi-yu, ayniganroq taʼmni sezib, ovqatdan qo‘lini oldi. Kampirining mehribonlik bilan tayyorlagan ovqatlarini esladi. Shu vaqtda sakkiz yoshdagi kenja nabirasi Lazizbek bobosining oldiga erkalanib keldi.
Lazizbek bobosining oldida kosada turgan ovqatni ko‘rib haron bo‘ldi:
– Bobojon, siz nega kabob yemadingiz?
– Nima, kabob deysanmi?
– Ha, dadam berib yuborgan ekan. Men, oyim, akam xonada o‘tirib yedik. Onam haliyam yeb o‘tiribdi, men esa to‘ydim. Sizga ham olib chiqib beraymi?
– Yo‘q, yo‘q, bolam, kerakmas, men kabobni yomon ko‘raman. Tishim yo‘q, chaynay olmayman... – dedi otaxon yutinib.
Tushlikdan so‘ng Boltaboy ota kampirini qabrini ziyorat qilish va go‘rkov Toshmat bilan uchrashish uchun uydan chiqib ketdi.
***
Akbar uydan chiqib ketganidan so‘ng to‘g‘ri ulfatlarini yoniga bordi va ular bilan birgalikda daryo bo‘yida baliq tutib, hordiq chiqarishga kelishdi. Xotinining “Men ham boshqalarning xotinlariga o‘xshab kabob yemoqchiman!” deya qilgan diydiyosi esiga tushdi va tanishlaridan kabob berib yubordi. Do‘stlar daryo bo‘yida ziyofat uyushtirib, bo‘kkuncha ichkilik ichishdi. Kun botayotganda esa ulfatlar tarqalishdi. Oyog‘ida zo‘rg‘a turgan Akbarni ko‘rgan Anvar:
– Do‘stim, sen mototsiklni tashlab, mashinamda ketaqol, mototsiklning ustiga shox-shabba tashlab, berkitib turamiz, ertaga olib ketamiz – dedi.
– Nima sizning mashinangiz zo‘r-u, bizni mototsikl bir pulga qimmat ekan-da, tashlab ketadigan!
– Biror kor-holga uchramagin deyapman, axir oyog‘ingda zo‘rg‘a turibsan.
– Menga mehribonchiliging kerak emas!
Shu tariqa Akbar mototsikliga o‘tirib, uyi tomonga harakatlana boshladi. Boshi garang, ko‘z oldi esa xuddi televizorda tasvir titrayotgandek edi. U doim ichib mototsiklida uyga kelganidan so‘ng ertasi kuni qanday qilib kelganini eslay olmas, biroq mast bo‘lsa ham manziliga yetib kelganidan o‘zini “tengsiz” hisoblardi.
Akbar katta asfalt yo‘ldan qishlog‘ining tuproq yo‘liga burilganida qorong‘u tushib bo‘lgan, mototsiklning chirog‘i yonmaganligi sabab erkak o‘z ichki ishonchiga suyanib xarakatlanayotgandi. Shu payt mototsikl nimagadir qattiq urildi. Amallab boshqaruvni ushlab qolgan Akbar to‘xtab, orqasiga qayrildi. U yerdan qandaydir ingragan ovoz chiqayotgandi.
“Nima qilib qo‘ydim, birorta itni urib ketdimmikan, yo‘q u odam!..”
Erkak ovoz chiqayotgan tomonga biroz yaqinlashdi. Shunda yo‘l chekkasida bir odamning yotganini va u zo‘rg‘a qimirlayotganini ko‘rdi. Avval bu odamga yordam bermoqchi bo‘ldi, biroq mast holda odam qoqib yuborganini va xayoliga kelgan boshqa fikrlardan qo‘rqib, tezda mototsikliga qarab chopdi.
***
Ertalab boshi og‘rib turgan Akbar kechagi voqea esiga tushdi-yu, zudlik bilan mototsiklning yoniga bordi. Mototsiklni tekshirib, iz yo‘qligini ko‘rdi va har ehtimolga qarshi changini artib chiqdi.
Akbar mototsiklning atrofida parvona bo‘lib yurgan mahal xotini:
– Dadasi, uyimizga ichki ishlar xodimlari kelishdi, sizni chaqirishyapti, – deb qoldi.
Akbar tosh qotdi. U hozir nima bo‘lishini, nima qilishini bilmasdi. Biroq o‘zini bosib oldi va ichki ishlar xodimlarining qarshisiga chiqdi.
– Men profilaktika inspektori, mayor Reimovman, yonimdagi ekspert Kulumbetov bo‘ladi.
– Xo‘sh xizmat, o‘rtoq mayor?
– Kecha tunda shu qishloqning yo‘lida, katta asfaltga yaqin joyda bir odamning mototsiklda urib ketishgan va o‘sha odam ko‘p qon yo‘qotishi natijasi vafot etgan. Sizda ham mototsikl bor ekan.
Akbar oyoqlari titrayotganini sezar, ular sezib qolmasin deb, o‘zini u-bu ishni qilayotganga solib, pastda yotgan narsalarni tartibga keltira boshladi.
– Tushunmadim, mendan gumon qilyapsizlarmi?
– Biz qishloqda mototsikli bor shaxslarning ro‘yxatini olgandik, ruxsat bersangiz, uni ko‘rmoqchi edik. Hodisa joyida mototsikl chirog‘i tushib qolgan, shuni tekshirishimiz kerak, sizning mototsiklingizni chirog‘i joyidami?
Akbar ularning qo‘lidagi mototsikl chirog‘ini ko‘rdi-da, o‘zini yengil his qildi, axir mototsiklning chirog‘i joyida edi-da!
Ekspert mototsiklni tekshirdi. Akbarga bir-ikkita savollarni berdi va yonidagiga mototsiklning chirog‘i almashtirilmaganligini aytdi. Biroq, mototsiklning shikastlangan joylari ko‘pligi va eski ekanligi uchun maxsus tekshiruvdan o‘tishi uchun IIBga olib borish lozimligini taʼkidladi.
Ichki ishlar xodimlari ketdi. Akbar hech narsaga tushunmayotgandi.
“Nima bo‘ldi o‘zi kecha, o‘sha odamni urib ketdimmi yoki boshqa mototsikl urib ketgan bo‘lsa, men yotgan odamni bosib o‘tdimmi?”, degan savollariga javob topa olmay xunob bo‘ldi.
Shu vaqtda darvozadan go‘rkov Toshmat aka kirib keldi va otasini so‘radi.
– Ha, uyda bo‘lsa kerak. Nima gap, tinchlikmi?
– Kecha yonimga kelgandi, o‘ziga go‘r qazdirish uchun. Shu desang, pulini berib hisoblashib ketgandi. Shu go‘r o‘rnini qazib qo‘yganligimni aytmoqchi edim.
Shu vaqtda ularning yoniga kelgan xotini:
– Otam xonasida yo‘q ekan, bir joyga chiqib ketgan bo‘lsa kerak, – dedi.
– Bobom kecha ketganicha uyga kelmadi, – dedi shu yerda o‘ynab yurgan o‘g‘li Lazizbek.
Akbar xotiniga qaragandi, xotini ham yelkasini qisdi va oshxona tomonga o‘tib ketdi.
– Kecha Boltaboy ota mening yonimga keldi va tushiga rahmatli kampiri kirayotganligini aytdi. Kampiri “O‘g‘limning mototsikli chirog‘i yonmayapti, siz qarasangiz bo‘ladi-ku. Yaxshisi qiynalib yurmay mening yonimga keling” degan ekan. Shuning uchun menga go‘r qazdirish uchun pul bergandi. Ha, mayli dadangizga mening kelganligimni aytib qo‘yarsiz.
– Xo‘p.
Uydan chiqib ketayotgan Toshmat aka Lazizbekka qaradida, bir nima esiga tushib ketganday, Akbarga yuzlandi:
– Kecha men Boltaboy otani qabristondan eski buyumlar sotiladigan bozorchaga olib borgandim. So‘ng ishini bitirib chiqqach, birga ortga qaytdik. Kelayotganimizda otangiz katta aslfalt yo‘lining qishloqqa kiruvchi joyida mashinadan tushib qoldi. “Uyingizga elitib qo‘yaman” desam unamadi. Piyoda ketaman dedi...
– Nimalar deyapsiz, dadam eski buyumlar sotiladigan bozorchada nima qiladi?!
– Sizga sovg‘a olib chiqqan edi.
– Qanaqa sovg‘a, nima olgan edi? – dedi taajjublanib, Akbar.
– Mototsikl chirog‘ini...