O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Tergovni bilimdonlar olib boradi. Yurakdan his etib…

Shahzod (voqea ishtirokchilarining ismlari oʻzgartirildi) kirakashlik bilan shugʻullanardi. U tanish-bilishlarining ishonchiga kirib, dardini aytib rahmini keltirib, soʻng chuv tushirishni oʻziga kasb qilib oldi. Aniqrogʻi, ota-onasiga yolgʻiz oʻgʻil ekanligi, ularni davolatish uchun kredit olishi lozimligini aytadi. Ammo oylik ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomasiz buni qilolmayotganidan nolib, yordam soʻraydi.

Tanishlaridan Doston unga achinib, oʻz nomiga kredit olib berishga rozi boʻladi. Shahzod kreditni oʻzi toʻlashiga uni ishontiradi. Ammo Dostonning nomiga rasmiylashtirilgan 15 million soʻmni qoʻlga kiritgan kundan boshlab qorasini ham koʻrsatmay ketadi.

Bu hali hammasi emas. Amira ismli ayol bilan tanishadi. Uni ham choʻpchaklariga ishontirib, bankdan kredit olib berishga koʻndiradi. Amira Shahzod bilan birga bankka borib, maishiy texnika sotib olish uchun 20 million soʻm kredit olmoqchi ekanligini maʼlum qiladi. Yurgan yoʻlida qilvirlikni kasb qilgan Shahzod uning nomiga olingan pulni olib, oʻz ehtiyojiga ishlatib yuboradi. Amira esa bankdan qarzdorlik xati kelganidan soʻnggina aldanganini tushunib yetadi.

Shundan keyin Doston ham, Amira ham Karmana tumani IIBga murojaat etishadi. Ularning shikoyati asosida Shahzodning ustidan jinoyat ishi ochiladi. Mazkur ish yuzasidan dastlabki tergov harakatlarini olib borish tuman IIB huzuridagi Tergov guruhi tergovchisi, mayor Laziz Karimovga topshiriladi.

U holatni har tomonlama chuqur oʻrgandi. Shahzodning aybdor yoki aksincha aybsiz ekanligini isbotlash uchun dalil-isbotlar toʻplay boshladi. Dastlab Shahzodning shaxsiga oid maʼlumotlar bilan tanishdi. Shuningdek, uning yaqin tanishlari, mahalladoshlari bilan suhbatlashdi. Ular orasida Shahzodning aldovlariga uchib nomiga kredit olib berganlar qatorida hushyor boʻlib uning iltimosini rad qilganlar ham bor edi. Natijada jabrlanuvchilarning koʻrgazmasi toʻgʻri ekanligiga ishonch hosil qildi.

Xullas, zukko tergovchi dastlabki tergov harakatlarini har tomonlama puxta olib borib, jinoyat ishini ayblov xulosasi bilan yakunlab, sudga oshirdi. Shahzod firibgarlik jinoyati sodir etgani uchun tegishli jazosini oldi — sud hukmiga koʻra 4 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

- Men har doim yurituvimdagi jinoyat ishining ortida insonlarning taqdiri yotganligini yurakdan his qilaman, yodimda tutaman. Shu boisdan tergov jarayonida xolis boʻlish, adolatli qaror qabul qilishni burchim deb hisoblayman, — deydi mayor Laziz Karimov.

Lavhamiz qahramoni tuman aholisi oʻrtasida olib boriladigan targʻibot ishlarida ham faol. Xususan, jinoiy holatlar boʻyicha mahalla, tashkilot va taʼlim muassasalarida boʻlib oʻtadigan muhokamalarda tez-tez ishtirok etadi.

Mahliyo XOLOVA, oʻz muxbirimiz.

Navoiy viloyati.

Text to speech