O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

TIRISHQOQ TЕRGOVCHI

Asrorjon Nekboyev 1995-yili Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2018-yil O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasini tugatgan. Xizmat faoliyatini G‘ijduvon tumani IIOFMB huzuridagi tergov bo‘limida tergovchi lavozimida boshlagan.

Har bir jinoyatga huquqiy baho berishda tergov jarayoni muhim ahamiyatga ega. Chunki inson taqdiri birgina noo‘rin xatti-harakat bilan barbod bo‘lishi mumkin. Katta leytenant A. Nekboyev o‘z faoliyati davomida bunga qat’iy amal qilib kelyapti. Qolaversa, ustozlari – podpolkovnik G‘. Odilov va mayor U. Yusupovlar dastlabki tergov harakatlari olib borayotganda e’tiborsizlikka yo‘l qo‘ymaslikni doimo eslatib turishadi. Shu bois ham lavhamiz qahramoni yosh bo‘lsa-da, mehr qo‘ygan kasbiga va zimmasidagi vazifalarga mas’uliyat bilan yondashib, sodir etilayotgan jinoyatlarni qisqa fursatlarda fosh etishda va xolisona huquqiy baho berishda ustozlarining maslahatini yodida tutib, samarali xizmat qilmoqda.

Shu o‘rinda uning faoliyatidan bir misol keltirsak.

2021-yil 4-aprel kuni tumandagi Toshloq mahallasida yashovchi M.H. turmush o‘rtog‘i N.F. bilan aytishib qoladi. Mashmasha janjalga aylanib, M.H. ayolini ayovsiz kaltaklaydi. Natijada ayolning ahvoli og‘irlashib, shifoxonaga yotqiziladi. Ammo ayol farzandlarini o‘ylabmi, harqalay, tilini tiymaganligi uchun ta’zirini yeganligini yashiradi, da’vosidan ham voz kechadi. Sudga oid tibbiy ekspertiza xulosasi esa hayot uchun xavfli bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyati sodir etilganligini ko‘rsatib turardi. Katta leytenant A. Nekboyev ana shu holatni isbotlab berdi. 

Barcha sohaviy xizmatlar xodimlari qatori, tergovchilar ham jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashda faol ishtirok etishmoqda. Xususan, o‘tgan oylar davomida 70 taga yaqin jinoyat ishlarini tergov qilgan katta leytenant A. Nekboyev ayblov xulosalari va dalolatnomalarini sud muhokamasiga yubordi. Shundan beshtasiga yarashuv tartibi qo‘llanildi. Boshqalaridan esa yetkazilgan moddiy zararlar undirildi.

Katta leytenant A. Nekboyevning samarali xizmat faoliyati IIV va boshqarma rahbariyati tomonidan ijobiy baholanib kelmoqda. U o‘tgan yil yakuni bo‘yicha Ichki ishlar vazirining qo‘l soati bilan taqdirlandi. Yaqinda yarim yillik yakuni bo‘yicha viloyat miqyosida “Eng yaxshi tergovchi” deb topildi. Tilagimiz uni yoshlik g‘ayrati, shijoati hech qachon tark etmasin. 

Mirzoqul AHADOV,

“Postda” muxbiri.

Buxoro viloyati.

Text to speech