O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

TOVLAMACHI

 Jazo emas, jinoyat sharmandalik.

I.Gerder

 

Qimmatxon yoshi qirqdan o’tib qolgan bo’lsa-da, pardoz-andozni kanda qilmaydigan, ko’ylagining etagi hamon tizzadan tushmagan satang ayol. Qip-qizil bo’yalgan lablari uzoqdan ko’zga tashlanadi. YUziga qarasangiz, beo’xshov pardozidan ta’bingiz xira bo’ladi. Biror kimsa bu ayolning pardozsiz yuzini ko’rmagan bo’lsa kerak.

Qimmatxon yo’lga chiqib, mashinalarga qo’l ko’tardi. YOnginasida to’xtagan oq rangli “Lasetti”ning eshigini ochib, haydovchidan so’radi:

– Beruniy tumaniga ketasizmi?

– Beruniyga.

– Meni ham olib keting.

– Mayli, o’tiring.

Qimmatxon mashinaning old o’rindig’iga o’tirib, haydovchiga razm soldi. YAxshi kiyingan, ellik yoshlardagi bu erkakning ko’zlari o’ynab turganini ko’rib, oson o’lja bo’lishi mumkinligini o’yladi. Uni yaxshiroq bilib olish uchun gapga soldi:

 – Men birovning ikkinchi xotini edim. Lekin ikkinchi xotin bo’lish menga yoqmadi, shuning uchun uni tashlab ketdim.

 – Boshqa odamga turmushga chiqsangiz bo’ladi-ku.

Qimmatxon hiringladi:

 – Sizga o’xshagan yaxshi odamlar uchramadi-da.

 Qimmatxon negadir daryo yoqasiga eltuvchi ovloq yo’lni ko’rsatdi, haydovchi hayron bo’lganicha mashinani o’sha tomon haydadi. Kimsasiz joylarni ko’rgan haydovchi:

– Sizni aynan qayerga tashlab o’tishim kerak? – deb so’radi.

 – Xohlagan joyingizga! – Qimmatxon shunday deya kaftini haydovchining tizzasiga qo’ydi.

 Haydovchi yalt etib Qimmatxonga qaradi, biroq uning kaftini tizzasidan olib tashlamadi. Qim­matxon vaziyatdan foydalanib, bir qo’li bilan mashina salonidagi buyumlar qutisini ochdi va ichidagi hamyonni oldi. Voqeaning qolgan qismi ko’z ochib yumguncha sodir bo’ldi. Qimmatxon hamyonni titkiladi, ichida anchagina so’m va uch yuz AQSH dollari borligini ko’rib, ko’zlari quvnab ketdi. Uch yuz dollarni shosha-pisha siynabandiga tiqdi:

– Akajon, bu menga sovg’angiz bo’ladi. Rahmat sizga!

Haydovchi dastlab nima bo’layotganini anglamadi. So’ng:

– Singlim, hazillashmang! Pullarimni joyiga qo’­ying! – dedi kalovlanib.

Keyin Qimmatxonning pulni qaytarish niyati yo’q­li­gi­ni sezdi shekilli, mashinani to’xtatdi.

Hazil aralash suhbatdan boshlangan tortishuv daha­naki jangga aylandi. Bir payt Qimmatxon ko’yla­gining yoqasini qattiq tortdi. O’z sochini o’zi yulib, o’zini-o’zi mushtlab, ovozining boricha dodlay boshladi:

 – YOrdam beringlar! Meni zo’rlashmoqchi. Kim bor?

– Singlim, menga tuhmat qilmang. Pulimni qayta­ring.

Qimmatxonning chinqirig’i avjiga chiqdi:

– Seni qamataman, bildingmi! Hali ko’rasan. Mening tanishlarim ko’p, qilgan ishing uchun javob berasan hali!

 – Axir, sizga hech narsa qilmadim-ku?

 – Qani kimga ishonishar ekan. Kiyimimni yirtding, meni urding. Buyog’ini ekspertiza hal qiladi. Zo’rlashga harakat qilganing uchun qamalasan, xotiningni oldiga borib janjal ham ko’taraman, sharmanda bo’lasan. Qani, militsiyaga hayda mashinani!

Qimmatxonning o’ziga bu qadar ishonishidan taajjublangan haydovchi, mashina qarshisida ikkita odam turganini ko’rdi. Ayol zumda mashinadan tushdi-yu, uvvos solganicha ularning yoniga yugurdi. Haydovchini barmog’i bilan ko’rsatib:

– Menga shilqimlik qildi, zo’rlamoqchi bo’ldi. YOrdam beringlar, qutqaringlar meni! – deb yalindi va o’sha odamlarning orqasiga o’tib oldi.

Ular esa haydovchining yoniga kelishdi. Birovi unga dashnom berdi:

– Aka, uyalmaysizmi? YOshingizga qarang!

– To’g’ri tushuninglar, men u ayolga hech narsa qilma­dim. Tuhmat qilyapti menga. Uyiga tashlab qo’yishimni so’rab, mashinamga o’tirgan edi...

SHu payt Qimmatxon haydovchining gapini bo’ldi:

– Nimalar deyapsan, iflos! Mening uyim tuman mar­kazi­da. Sen nega meni aldab, mashinani daryo bo’yi­ga haydading? Mashinani to’xtat, dedim. Mashinadan sakramoqchi bo’lganimdagina to’xtatding. Kiyimlarimni yirtding, meni zo’rlamoqchi bo’lding. Senga qarshilik ko’rsatayotganimda tilla ziragim ham tushib qoldi!

Qimmatxonning oxirgi so’zlari haydovchining qulog’iga kirmadi. Uning qarshisida ayol emas, peshonasidan ikkita shox o’sgan, so’yloq tishlarini chiqarib kulayotgan iblis turganga o’xshardi. Qimmatxon har ikki guvohning ismi sharifi, manzili va telefon raqamlarini yozib oldi. Bu ayolga bas kela olishiga ko’zi yetmagan haydovchi noiloj unga yalinib, kechirim so’rashga tushdi. Ancha yalinishlardan keyin Qimmatxon kelishuvga rozi bo’ldi. “Zo’rlashga uringan” haydovchidan o’n million so’m berishini talab qildi. Yirtilgan kiyimlar va yo’qolgan zirakning puli ham hisoblandi. Haydovchi endi hech qachon mashinasiga ayollarni mindirmaslikka qasam ichganicha, Qimmatxonning talablarini bajardi...

SHu tarzda mo’maygina pulni qo’lga kiritgan Qimmat­xon yangi o’ljalar izlashga tushdi. “Ov”i bir emas, bir necha marta baroridan keldi.

Bir gal navbatdagi o’ljasining mashinasiga o’tirar ekan, haydovchiga razm solib qaradi. O’ttiz besh yoshlardagi ko’rkam yigit navbatdagi ajoyib o’ljasi bo’lishi mumkinligini o’ylab, ayyorona iljaydi. Bir oz yurganlaridan so’ng yigit mashinani AYOQSH yonida to’xtatdi va yoqilg’i quyishi kerakligini aytdi. So’ng mashinaning buyumlar qutisidan hamyonini olib, ichidagi pullarni sanay boshladi. Pulni ko’rgan Qimmatxonning ko’zlari yondi. Haydovchi Qimmatxonga yo’l-yo’lakay katta tadbirkor ekanligini, to’rt-beshta do’koni borligi va xorijdan mahsulot olib kelib sotishini aytgandi.

Birdan mashina to’xtadi. Mashinadan tushgan Qimmatxon ko’chani boshiga ko’tarib yordam so’ray boshladi. Bu orada orqadan bir mashina kelib to’xtadi. Mashinadagi yo’lovchilardan biri Qimmatxondan:

– Opa, tinchlikmi? Nima bo’ldi sizga? – deb so’radi.

– Mana bu yigit meni zo’rlamoqchi bo’ldi, – dedi Qimmatxon yig’lab.

– Kechirasizlar, bir daqiqa. Men bu opa bilan gap­lashib olay, iltimos.

Haydovchining ovozini eshitgan Qimmatxon sergak tortdi, mashinadagi odamlar qarab turganini ko’rib, dadillashdi:

– Gaplashsam gaplashaveraman! Sendan qo’rqarmi­dim?

So’ng haydovchi yigit bilan yo’l chetiga chiqdi. “Nima gaping bor”, deganday unga ko’zlarini lo’q qilib qaradi.

– Opa, iltimos, menga tuhmat qilmang! Bu mening sha’nimga to’g’ri kelmaydi. Sizga nima yomonlik qildim, axir? Mendan nima istaysiz?

 – Gapni qisqa qil! Taqdiring mening qo’limda. Istasam, seni qamatib yuboraman!

– Opa, haddingizdan oshyapsiz!

– Seni kechirishim uchun o’n ming dollar berasan!

– Opa, menda uncha pul yo’q. YOnimda ming dollar bor, shuni oling.

Haydovchi hamyonidagi bor pulni olib, sekin Qimmatxonga uzatdi. Mashinadagi odamlar o’zaro suhbatlashib turganini ko’rgan Qimmatxon pullarni odatdagicha siynabandiga yashirdi.

– Qolgan to’qqiz ming dollarni qachon berasan?

– Sizga buncha pul topib berolmayman.

– Unda qamattiraman seni!

Birdan uch ayol va ikki erkak paydo bo’ldi. Ayollardan biri militsiya formasida edi. O’zini tergovchi deb tanishtirgan yoshi kattaroq kishi, Qimmatxon ming AQSH dollari olgan haydovchini ko’rsatib, dedi:

– Bu yigit bizning tezkor vakilimiz, kapitan Bobur Avezov. Sizni anchadan buyon kuzatib yurgandi. Siz o’tirgan mashinaga yashirin kameralar o’rnatilgan. Kapitan bo’lgan voqeani, sizning hamma gaplaringizni yozib olgan.

Keyin formali ayolga ishora qildi:

– Manavi xodimamiz esa xolislar guvohligida siz siynabandingizga yashirgan va ekspertlar tomonidan kukun bilan ishlov berilgan pullarni ashyoviy dalil sifatida oladi.

“Ov”i yurishmagan Qimmatxon bir tergovchiga, bir haydovchiga qaradi, nima qilishni, nima deyishni bilmay bo’shashib turib qoldi.

 

 

Text to speech