LO‘LI
Jinoyatchi baʼzan jazodan qutulib qolishi mumkin, ammo jazo dahshatidan qutulolmaydi.
Seneka
Kampirning bisotida bittagina sigiri va yangi tug‘ilgan buzog‘i bo‘lib, kundan-kun buzoqchaning katta bo‘layotganini ko‘rib xursand bo‘lardi. Chelakdan suv ichayotgan ho‘kizini silab, “Ha, jonivor, tezroq semirsang seni sotsam, o‘g‘limning to‘yiga katta yordam bo‘ladi” deb o‘ylab, molxona va tomorqa yumushlarini bajardi. Tushlik qilib o‘tirganda uy eshigi ochilib, bir ayol bosh suqdi. U lo‘lilar shevasida:
– Eski-tuskilar olamiz, soch bo‘lsa olamiz, o‘rniga plastmassa buyumlar beramiz.
– Bunday narsalar menda yo‘q.
– Unda non bering, sadaqa raddi balo.
– Mana, olib oling, – deb kampir dasturxondan bir dona non olib uzatdi, lo‘li ayol esa eshikdan kirib kampir yoniga keldi va uning qo‘lidan nonni olib, xaltasi joyladi, qo‘lidagi plastmassadan ishlangan, qumg‘on va boshqa buyumlarni pastga qo‘yib, kampirning yoniga o‘tirdi:
– Ibi oposi, sizni uyingizda g‘am bor, keling, sizga fol ochaman.
– Menday qariyada qanday g‘am bo‘lishi mumkin, cholim o‘lganiga ancha bo‘ldi, uyda bir o‘zimman, fol kerakmas.
– Yo‘q-yo‘q, sizni uyingizda g‘am bor, uzoqda yurgan yaqiningiz kasal, unda g‘am bor, agar buni oldini olmasangiz oxiri yomon.
Kampir televizor ustidagi o‘g‘lining Moskva shahrida binolar oldida kulib turgan rasmiga yalt etib qaradi. Yaqindagina qo‘shnisining o‘g‘li Rossiyada vafot qilib, murdasini olib kelingandi. Birdaniga vafot qilgan yosh yigitni esladi-Yu ichidan zil ketdi. Lo‘li ayol esa rasmga tikilib o‘ylanib qolgan kampirga razm soldida, televizor ustidagi rasmni ko‘zdan kechirdi va past tovush bilan dedi:
– Opa men sizga yordam beray, g‘amingizni olay, kech bo‘lmasidan yordam beray...
Lo‘li ayolning so‘nggi gaplari kampirning quloqlariga kirmadi. Nuqul ko‘ziga Rossiyadan o‘g‘lining murdasi tobutda kelayotganday tuyulaverdi va lo‘li ayolning “Pul olib chiqing, dam solib o‘g‘lingizga kelgan baloni daf qilib beraman”, degani uchun yonidan o‘n ming so‘m pulni olib, lo‘li ayolga tutqazdi. Lo‘li esa pulni ko‘rdi-da qo‘li bilan kampirning qo‘lini itarib:
– Opa bu pul bo‘lmaydi, o‘g‘lingizni qo‘llari tekkan, o‘zi yuborgan pullarini bering, men ularga dam solib, yana o‘zingizga qaytarib beraman va o‘g‘lingizga kelayotgan baloi-qazo bartaraf bo‘ladi.
Kampir o‘g‘lining sog‘ligini o‘ylarkan, hozir uni hayotini saqlab qolish uchun barcha narsaga tayyor edi va yotoqxonasiga kirib, sandiq qulfini ochib ichidagi matolar va keliniga atab qo‘ygan ro‘mol hamda boshqa narsalarni bir chetga olib, sandiq tagidan dollar pullarni oldi. Bu pullarni o‘g‘li Rossiyadan ishlab yuborib turgan. O‘g‘lini uylantirish hamda uyni tomiga shifer olishi kerak edi. Qirq yoshga borib qolgan o‘g‘li hali uylanmagan, cholidan erta ajralgach farzandini uylantirishga qurbi yetmagan, o‘g‘li ham uylanishga ro‘yxushlik bermagan edi. Oxiri pul topish maqsadida Rossiyada bir yarim yildan beri ishlab yuribdi. Kampir sandiqdan bor puli, yaʼni besh ming AQSH dollarini berdi. Lo‘li pullarni oq qog‘ozga o‘radi va bir daqiqa bir nimalarni pichirladi. Lo‘li dasturxondan non olib berishni aytdi. Kampir dasturxondan non olib lo‘liga uzatdi, lo‘li esa non bilan qog‘ozni birga ushlab, yana nimalarnidir pichirladi va nonni kampirga uzatdi. Lo‘li qog‘ozni ushlab aylantirib, bir nimalarni pichirlashda davom etdi. Shundan so‘ng kampirning qo‘liga qog‘ozni tutqazdi va g‘ayri oddiy ovozda kampirga:
– Buni uch kungacha ochmang, duo taʼsiri uch kunda amalga oshadi, so‘ng ochishingiz mumkin. Endi siz menga ko‘nglingizdan chiqqan pulni bering.
Kampir og‘ir bir darddan xalos bo‘lganday xursand bo‘lib, lo‘lini rozi qilish uchun o‘ttiz ming so‘m pul berdi.
– Yuring pulni qayerga qanday qo‘yishni aytaman, – dedi va kampir bilan yotoqxonaga kirdi, kampirga pul turgan qog‘ozni sandiqning eng pastki qismining, o‘ng tomoniga qo‘yishni aytib, so‘ng sandiq yopilgandan so‘ng yana allanimalarni pichirlab o‘qidi.
Lo‘li ketganidan so‘ng kampir bezovta bo‘la boshladi, sandiq atrofidan ketolmadi. Axir pullarga o‘g‘limning qo‘li tegmagan-ku, u Moskvadan bankka soladi, tumanimizdagi bank esa o‘zidan shu miqdordagi pullarni beradi deb o‘yladi. Ko‘ngli allanechuk bo‘ldi-da, sekin sandiqni ochdi va sandiqning tagidan pul o‘ralgan qog‘ozni oldi. Qog‘ozni barmoqlari bilan siqib ko‘rgan edi, ichida pul turgan ekan. Pulni yana sandiqning ichiga soldi. Biroq, nimadir uni pul olib sanab ko‘rish va tekshirishga undadi. Shundan so‘ng sandiq ichidan qog‘ozni oldi-da, ichini ochdi. Qog‘oz ichda pul o‘rniga, qog‘oz qiyqimlarini ko‘rdi-Yu boshi aylanib joyida o‘tirib qoldi. Shundan so‘ng kampir o‘rnidan shahd bilan turib, tezlik bilan ko‘chaga chiqdi. Lo‘li ayolni izladi. Lo‘li esa allqachon ketib bo‘lgandi...