QULOQCHIN
Hech narsa tasodifan sodir bo‘lmaydi.
Biz tasodif deb ataydigan hamma
narsaning o‘z sababi bor.
Aristotel
Men musiqa eshitishni juda yoqtiraman. Maktabni tugatayotganimda dadam menga so‘ngi rusumdagi telefon sovg‘a qildi. Uning xotirasiga ko‘p musiqalar o‘tkazib oldimki, ularni eshitib tugatish uchun umring yetmasa kerak. Ertalabdan qulog‘imga quloqchinlarni taqib olaman-da, sevgan musiqalarimni eshitib, xirgoyi qilib yuraman. Bugun qulog‘imga quloqchinni taqib, musiqa eshitgancha ishlarni qilib yurganimda, onamning menga qarab qo‘llarini siltab, bir nimalar deyayotganligini ko‘rib, qulog‘imdan quloqchinni oldim.
– ...gur o‘ldirding-ku odamni.
– Nima dedingiz, oyijon? – dedim oyimning nima deganini eshitmaganim uchun.
– Qachon tashlaysan qulog‘ingdan bu matohni? Kar bo‘lib qolasan. Do‘sting Bobur ham qulog‘iga taqib olgani-taqib olgan, bir nima desang “nima dedingiz?” deydi, – dedi oyim jig‘ibiyron bo‘lib.
– Bo‘ldi, bo‘ldi oyijon! – dedim. Oyim yana nimadir dedi, biroq eshitmay qoldim.
– A, nima deysiz?
– Ana, sening ham qulog‘ing og‘irlashyapti – dedi onam, – menga ber uzib tashlayman. Onam jahl bilan mening qo‘limdan quloqchinni tortib olish uchun kela boshladi.
– Bo‘ldi, boshqa taqmayman! – dedim va quloqchinlarni cho‘ntagimga solib qo‘ydim.
Kechqurun dasturxonga yig‘ilib ovqatlanishga o‘tirgan edik. Shu payt televizordan “Salomatlik sirlari” degan ko‘rsatuv efirga qo‘yilayotgan edi, dastlab eʼtibor bermagan ekanman, quloq kasalliklari haqida gapirishayotgan ekan. Shifokor qo‘lidagi uzunchoq tayoqcha bilan rasmdagi quloqning ichki tomonlarini ko‘rsatib turib, bir nimalarni gapirayotgan edi. Eʼtibor bermay o‘tirgan edim, biroq shifokorning “oddiy so‘zlashuv o‘ttiz-o‘ttiz besh detsibelga teng, qichqirish esa oltmish-oltmish besh detsibelni tashkil qiladi. To‘qson va undan yuqori detsibelga ega tovushlar quloq uchun xavfli sanaladi, agar farzandingiz mobil telefondan musiqa eshitsa u bir yuz o‘n va undan yuqori detsibeldagi tovushni qabul qiladi va bu esa eshitishga jiddiy salbiy taʼsir qiladi...”, deb gapirayotgan gaplarini eshitdim-u, qo‘limga qanday pultni olib boshqa kanalga o‘zgartirganimni bilmay qoldim. Oyim dasturxonga kelib ulgurmagandi.
– Xayriyat, oyim eshitmadi! – deb pichirlab qo‘ydim.
– Nima, hamma mening musiqa eshitishimga qarshimi?! Qayerga qarasang shuni gapirishadi, – deb o‘ylab qoldim. Payshanba kuni ertalab oyim:
– Mahallada majlis bor, shunga o‘zing qatnashib kel o‘g‘lim – dedi.
– Borish shartmi oyijon?
–Biz ham shu mahalladanmiz. Albatta borishimiz kerak. Zarur narsalarni aytishadi. Men o‘zim borardim, biroq dadang kelgunicha uning “topshiriq”larini bajarishim kerak.
Noiloj mahalla idorasiga qarab ketdim. Majlis zalida do‘stim Boburni ham uchratdim. Uni ham otasi yuborgan ekan. Majlis boshlanay deyapti-yu, u haliyam qulog‘iga quloqchin taqib musiqa eshityapti. Ikkalamiz birga o‘tirdik. Atrofimizdagi odamlarning tanbehidan so‘ng, Bobur quloqchinini olib qo‘ydi.
Minbarga chiqib gapirishyapti – bir tingladim, bir eʼtibor bermadim. Uchrashuvda bir qizning badantarbiya qilish uchun ertalab yugurib ketayotib, qulog‘ida quloqchin bilan musiqa eshitib yurganligi sababli yo‘lda mashinaning tovushini eshitmaganligi, mashina esa uni urib yuborishi natijasida hayotdan ko‘z yumganligini, so‘ng esa yana bir maktab o‘quvchisining yo‘lni kesib o‘tayotganda qulog‘ida quloqchin taqib olganligi sababli yuqoridagidek, salbiy ahvolga tushganligini misol qilib gapirib berdi. Ko‘chalarda hamda boshqada jamoat joylarida quloqchinni taqib yurishimiz, nafaqat sog‘ligimizga ziyon, shuningdek javobgarlikka tortilib, jarima to‘lashimiz to‘g‘risida gapirishdi.
– Eshitdingmi! – deb Boburga qaradim. U esa uxlayotgan ekan. Boburni turtib uyg‘otdim:
– Eshit, zarur gaplarni aytishyapti! – dedim.
Majlis tugadi. Qulog‘imga quloqchinni taqdim. Bobur ham allaqachon quloqchinni taqib olganicha velosipedini minib ketib borayotgan edi.
***
Bir kuni mahallamiz odamlari bilan fermerning ishlariga yordam berish uchun hasharga bordik. Men quloqchinni taqib olgan edim. Yonimda Bobur ham bor edi, biroq oradan bir oz vaqt o‘tib qarasam yo‘q. Qayergadir ketgandi.
Bir payt bir odam biz tomonga qarab yugurib keldi va shu yerdagi kattalarga bir nimalarni gapira boshladi. Odamlar to‘plandi va bir ikkitasi paxta dalasiga qarab yugurib ketishdi. Qulog‘imdan quloqchinni olib ularning yoniga bordim va shu yerdagi tengqurimdan:
– Nima gap tinchlikmi? – deb so‘radim.
– Ey, narigi paxta dalasida, bir bola uxlab yotgan ekan, oyog‘idan traktor bosib ketibdi. Uni olib ketish uchun tez yordam chaqirishdi.
– Nima traktorni ovozini eshitmaganmi? – dedi shu yerdagilardan biri.
– Yo‘q qulog‘ida quloqchin bor ekan, musiqasi baland bo‘lganligi uchun eshitmabdi.
– Nima, nahotki Bobur? – deb o‘yladim va o‘sha joyga chopdim.
Borsam odamlar to‘plangan, Boburni tez yordam mashinasida olib ketishmoqchi bo‘lishayotgan ekan. Boburni yotgan joyidan uning kiyimlarini olishdi, quloqchini tushib qolgan ekan, yerdan quloqchinni olib, o‘ziga beraman deb, cho‘ntagimga soldim. Yo‘lda kelarkanman, telefonimga ulanib turgan quloqchindan sekin taralayotgan musiqa ovozini eshitdim. Quloqchinni uzib-uzib yerga tashladim...