O‘n uchinchi palata (2-qism)
Osmonning ko‘z yoshlari
Vohidning ishlari yurishgan, yangi mashina sotib olgandi, doim ko‘chadagi yo‘l belgilari va svetoforni chiroqlariga eʼtibor bermasdan harakatlanardi. Bir kuni maktabning oldidan piyodalar yo‘lakchasida uch-to‘rtta bolalar turganligiga qaramasdan, Vohid harakatlanib borayotganda uni shu yo‘lda turgan yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari to‘xtatishdi, xodimlardan bir uning yoniga kelib:
– Katta serjant Temur Yuldashev, siz yo‘l harakati qoidalarining “1.20” va “1.21” ogohlantiruvchi belgilari rioya qilmasdan, piyodalar o‘tish joyidan bolalarni o‘tkazib yubormadingiz, – dedi.
Vohid o‘zining yo‘l-harakati qoidalarini buzganligini bilsada, xodimga shoshilayotganligini bahona qildi. Kelishib ketishni taklif qildi, xodim rad javobini bergach “katta tanishlari” borligini aytib po‘pisa qilib ko‘rdi, bo‘lmadi. Mashinasi jarima maydoniga olib ketildi, jarima to‘landi. Vohid shundan so‘ng, yo‘llarda harakati xavfsizligi xodimlari bor yoki yo‘qligiga eʼtibor berar, agar ular yo‘q bo‘lsa, yana o‘zining eski hunarini qilib, umuman yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmasdi.
Ertasi kuni mahalla idorasining majlisda ishtirok etdi. Majlisda mahallada yashovchi fuqaro safardan kelgan vaqtida, uning uch yashar o‘g‘li “dadam keldi” deb xursand bo‘lib yugurib chiqqanligini, otasi esa o‘g‘lini ko‘rsa ham chekkada turibdi deb o‘ylab, o‘zining yuk avtotransportida harakatni davom qilganlinini, o‘g‘li esa dadasini yoniga bormoqchi bo‘lib yuk avtomashinaning orqa g‘ildiraklari ostida qolib ketganligini aytib berdi. Mahalla o‘z qo‘shnilarning bu holatga tushganligini eshitgan, biroq eshitmaganlar esa hayratda edi.
– Vohid buni eshitib seskanib ketdi. “O‘z o‘g‘lini qotiliga aylanibdi-ya” xayolidan o‘tkazdi.
– Sizlarni oralaringizda ham qoidalarga rioya qilmaydiganlar bor, ular piyodalar o‘tish joylarida yo‘l bermayotgan odamlar, bolalar kimnidir farzandi, kimnidir ota-onasi, opa-singil, aka-ukasi, shuni esdan chiqarmasligimiz kerak, – dedi majlis ishtirokchilaridan biri.
Bugun Vohidning tug‘ilgan kuni bo‘lganligi uchun qo‘ng‘iriqlar tinmasdi. Uyiga shoshilib borarkan, telefoniga yaqinlaridan kelgan xabarni ochib ko‘rayotganda, mashinasi nimagadir qattiq urildi. Mashina yo‘lning chekkasiga chiqib, maktabning temir panjarasiga urildi, panjaraning temir simlaridan biri mashinaning old oynasini teshib kirib Vohidning yelkasiga sanchildi. Chuqur jarohat olmagan bo‘lsa ham yelkasidan qon oqa boshladi. Vohid mashinadan tushdi va orqasiga qaradi yo‘l o‘rtasida maktab formasidagi yosh qiz yotgan ekan. Yugurib qizning yoniga bordi, qiz shu maktabda o‘qisa kerak, qizning yuzi pachoqlanib ketganidan tanib bo‘lmas edi. U qizning sovib borayotgan tanasini ko‘tarib, yordamga to‘xtagan mashinaga mindi, atrofdagi odamlardan biri qizning papkasi va sochilgan qog‘ozlarni ham mashinaga soldi.
Vohidning qo‘lidagi telefonga ayolidan tez-tez qo‘ng‘iroq keldi, Vohid telefonini “Tovushsiz” tartibiga qo‘ydi va “laʼnati telefon” deb o‘tirgan kursining yoniga qo‘ydi.
Kasalxonada Vohid shifokorning “Marhumaning ota-onasini topish uchun maktab papkasi ichini qarang degan gapi esiga tushdi, maktab papkasini sekin kavladi bir varaqqa rasm chizilib, gullar bilan bezalgan, rasmda erkak va ayol yoniga kichkina qizning rasmi chizilgan edi, rasm chetida bir mashinaning rasmi chizilib yoniga “Kaptiva” deb yozilgan, Vohid rasmdagi yozuvni oxirigacha o‘qiy boshladi, unda “Hozir shu rasmni chizdim, dadajon, katta bo‘lib shifokor bo‘lsam, shuning haqiqiysini sizga sovg‘a qilaman, sizni tug‘ilgan kuningiz bilan tabriklab, qizingiz” degan yozuvlarni ko‘rdi-yu dahshatga tushdi, urib yuborgan qiz ham mening qizim tengi edi, “nahotki o‘zimni qizim”, deb o‘yladi, “Axir meni qizim bu maktabda o‘qimaydi-ku” deb o‘ziga tasalli berdi. Bu qizning dadasi ham bugun tug‘ilgan bo‘lishi mumkin-ku deb o‘zini tinchlantirdi, shu vaqtda kursida turgan telefonga ayolidan SMS kelganligini ko‘rdi, Vohid SMS ochib o‘qidi va sekin qo‘llari qaltirab, maktab sumkasini ochib, ichidan kundalikni oldi, birinchi varog‘ini ochdi-yu qizining ismi sharifi va o‘z manzilini o‘qidi-yu “Qizim” deb hushidan ketdi...
Telefonda esa ayoli unga “Dadasi, qizingiz boshqa maktabga musobaqaga ketgan edi, kelmayapti” degan yozuvlar bor edi...
***
Vohid o‘z hikoyasini aytib, “nima qilib qo‘ydim, o‘z qizimning qotiliga aylandim, hech kimning boshiga mening kunim tushmasin” deb yig‘lab o‘tirgan vaqtida, umuman gapirmasdan bir nuqtaga tikilib o‘tirgan bemor chuqur uh tortdi-da, birinchi marotaba palatadagi bemorlarning suhbatiga aralashib:
– Hech kimning boshiga mening kunim tushmasin, mening endi yashashdan maqsadim qolmadi, – dedi va o‘z boshiga tushgan holatni hikoya qila boshladi.
***
Mahmudning ota-onasi yoshligidan vafot etdi, opasi bilan amallab o‘zini hayotini tiklab oldi. To‘yini opasi Mahfuza yordamida o‘tkazib oldi. Mahmud do‘stlari bilan uchrashuvlarda, ko‘ngilxushlik qilib, ko‘p aroq ichardi. Ikki nafar farzandni, yaʼni yetti yashar qizi va uch yashar o‘g‘li bilan baxtli oila bo‘lib yashab kelishiga qaramasdan, aroqqa mukkasidan ketdi. Bu esa uning yaxshi maosh oladigan ishidan haydalishiga olib keldi. Opasi Mahfuza tanishlariga yalinib, yolvorib uni yana ishga qo‘ydi. Vohid mast bo‘lib kelgan kuni xotinining diydiyosini eshitish yoqmasdi. Xotini tiliga, Mahmud esa mushtiga erk berar edi. Maxmudning xotini erining mushtlariga or-nomus sababli chidar, qachondir uning aqli kirishiga ishonardi. Bir kuni odatdagidek mast bo‘lib uyiga kelgan vaqtida uyda uni opasi Mahfuza kutib o‘tirgan ekan. Opasini ko‘rgan Mahmud birdan hushyor tortdi, opasini o‘zi onasidek ko‘rarkan, unga hech qachon gap qaytarmagandi. Mahfuza ukasining zo‘rg‘a oyog‘ida turganligini ko‘rdi-da:
– Qachon aroqni tashlaysan, axir bu yurishining ko‘rayotgan ota-onamizning ruhi chirqirayotgandir, – dedi.
– Kelingiz chaqirdimi? Nimaga kerak bu gaplar, boshim og‘riyapti o‘zi!
Opaning gaplari yoqmayotgani uchun, Mahmud uning gapini bo‘lib:
– Qo‘ysangiz-chi, onammisiz meni tergaydigan?!
Mahmudning og‘zidan chiqib ketgan bu gaplar Mahfuzaning ko‘ngliga qattiq tegdi, Mahfuza uydan jahl qilib chiqib ketdi.
Ertalab Mahmud muzlatkichni ochib, ochiq turgan shishadan bir piyola aroq soldi va gazakka tuzlangan bodringdan bir tishladi, ichib yuborib, sal turib:
– Xayriyat, boshimdagi og‘riq bosilyapti, – dedi o‘ziga.
Mahmud kechqurun oilasi bilan yaqin do‘stining tug‘ilgan kuniga ketdi. Tug‘ilgan kun chiroyli o‘tdi, oxirida Mahmudning oilasi qolgandi. Turmush o‘rtog‘ining bir necha bor “boshqa ichmang” yoki “ketdik” degan gaplarini eshitib, jerkib tashladi. Turmush o‘rtog‘i ham mast bo‘lib qolgan Mahmudning jig‘iga tegsa, mehmon bo‘lishlariga qaramasidan janjal ko‘tarishini o‘yladi-yu, noiloj kutib o‘tirdi.
Nihoyat soat tungi ikki bo‘lgan vaqtida Mahmud tentirab tashqariga chiqdi, u do‘stidan uning mashinasini kalitini so‘rab olgandi. Mast holatda mashinani boshqarishga harakat qilayotganligini ko‘rgan turmush o‘rtog‘i:
– Qo‘ying mastsiz, birovning mashinasini mast bo‘lib haydamang, akam Dostonga qo‘ng‘iroq qilaman bizni olib ketadi, bo‘lmasa piyoda ketamiz, – dedi.
– Ey onangni, min mashinaga, akangdan boshqada mashina yo‘qmi, o‘zim haydayman, – deb ko‘chani boshiga ko‘tardi.
Bir ikkita qo‘shnilar eshiklarini ochib, “kechqurun ham tinchlik yo‘q” deb to‘ng‘illab uylariga yana kirib ketishdi.
Mahmudning xotini “Odamlar oldida sharmanda bo‘lyapmiz” dedi va uxlab qolgan ikkita farzandini ham o‘zi ko‘tarib, mashinaning orqa o‘rindig‘iga o‘tirg‘izdi, bechora bolalar esa o‘rindiqda o‘tirgan holda uxlab yotishardi.
Mahmud o‘zini bilmaydigan darajada mast bo‘lsa ham mashinani kalitini burab o‘t oldirdi...
Katta yo‘ldagi aylanma joyda esa boshqaruvni yo‘qotdi, mashina yo‘l chekkasiga chiqib ketdi va tezlik katta bo‘lganligi uchun bir necha bor ag‘darildi. Mahmud qo‘li oyog‘i va qovurg‘alari singan bo‘lsa ham tirik qoldi, biroq ertasi kuni uning uyidan uchta tobut ko‘tarib chiqishdi...
***
Men Mahmudning hikoyasini eshitib, dahshatga tushdim. Ha, bu gaplarni butun tuman aholisi eshitgandi. Bir ahmoqning kasridan butun bir oila ayanchli oqibatga tushganligi odamlarni larzaga solgan edi. Men palatadagi dadamning yonidagi uchta bemorning hikoyalarini eshitib, dadamning sog‘-omon qolganligiga shukrona qildim. Shu vaqtda palataga bir qancha odamlar kirib keldi. Dadam menga:
– Umidbek o‘g‘lim, chiqib tur, yana sudya keldi, sayyor sud bo‘lyapti, – dedi.
Men palatadan chiqarkanman, bugun Mahmudning ishini ko‘rayotgan sayyor sud yana kelganligini bildim. Bir odamga bundan ortiq jazo bo‘lishi mumkinmi deb xayolimdan o‘tkazdim...
Bir oydan so‘ng bozorda savdo qilishga borgan vaqtimda bir mast menga turtinib ketdi. Usti boshi kir-chir bo‘lib ketgan bu mast menga tanishdek tuyuldi. Esladim, axir bu o‘sha o‘n uchinchi palatadagi Mahmud-ku...
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi boshlig‘i
Ravshanbek Igamberdiyev