Tergovda shaxsning yolgʼon gapirayotganligini aniqlovchi qurilmalar
Qadim zamonlardan beri insoniyat, jinoyat sodir etishda gumon qilinganlarning gaplaridagi haqiqatni yolgʼondan ajratish yoʼllarini izlaganlar. Tarixga nazar tashlasak ushbu usullarning turli xil koʼrinishlari mavjud boʼlib, hozirgi kunda ularning aksariyati shafqatsiz hisoblanadi. Baʼzilari esa insonlarning yuzida tabassum paydo qiladi. Biroq ota-bobolarimizning kuzatuvchanliklari va zukkoliklarini inkor etib boʼlmaydi. Tekshiruvning barcha usullari tergov jarayonida shubhali shaxsning tashqi koʼrinishida namoyon boʼlgan fiziologik reaktsiyalariga asoslangan. Masalan, Аfrikada gumon qilinuvchilar qabila aʼzolarining koʼz oʼngida soʼroq qilinib, qabila boshligʼi yoki sehrgar soʼroq qilinuvchini omma oldida hidlab koʼrgan holda tekshirgan, agar gumon qilinuvchining tanasidan ter hidi chiqqan boʼlsa demak u aybdor deb topilgan.
Sharqda esa gumon qilinuvchini soʼroq qilish jarayonida yolgʼon soʼzlangan boʼlsa, uni ogʼziga guruch unini solishgan. Аgar gumon qilinuvchining ogʼzidagi un tergovdan soʼng quruq boʼlsa, u aybdor deb topilgan. Chunki kuchli hayajon va qoʼrquv paytida ogʼizdagi tupik suyuqligi toʼxtaydi. Taniqli oʼrta asr shifokori Аvitsenna esa tergovchilardan haqiqatni yashirishga uringan jinoyatchining qon tomir pulsiga katta eʼtibor qaratgan. Bundan tashqari eshak bilan inson psixologiyasiga asoslangan yana bir qiziqarli usul: qorongʼu xonaga dumi boʼyagan hayvon qoʼyilgan. Shu xonaga kiritilgan gumon qilinuvchi eshakni dumidan ushlashi kerak boʼlgan, agar eshak qichqirsa, unda odam aybdor hisoblangan. Keyin shaxsni yorugʼlikka olib chiqishib, uning qoʼllariga qarashgan. Аgar qoʼllar toza boʼlsa, odam aybdor deb topilgan – chunki u eshakni dumidan ushlamasdan jinoyatni yashirishga harakat qildi, - deb hisoblashgan. Gap shundaki aybsiz odam qoʼllari boʼyalishiga qaramasdan eshak dumini ushlashdan qoʼrqmaydi. Va bu oʼz davrida haqiqatdan ham yolgʼonni aniqlashning kichik usullaridan biri boʼlgan.
Gumon qilinuvchining soʼzlaridagi yolgʼon yoki haqiqatni aniqlashda ilk bor qoʼllanilgan ilmiy qurilma bu – gidrosigmograf boʼlgan. Yolgʼon gapira boshlagan paytda yurak urish tezligi va qon bosimining oʼzgarishini qayd etuvchi ushbu qurilmani ishlatishga qaror qilgan birinchi olim, psixolog Chezare Lombrozo edi. Bu voqea 19-asrning oxirida boʼlgan.
1921 yilda politsiya ofitseri, psixolog Jon А. Larson jinoyat ishlarini tergov jarayoniga gumon qilinuvchilarni soʼroq qilishda shaxslarning qon bosimi, yurak urish tezligi va nafas olishidagi oʼzgarishlarni aniqlaydigan yolgʼon detektorni qoʼllashni taklif qildi. Larson oʼzining yolgʼonni aniqlaydigan asbobini “poligraf” deb atadi. Аytgancha, bu atama ancha oldin Jon Xokins (1804) tomonidan oʼzi ixtiro qilgan qoʼlda yozilgan yozuvlardan nusxa koʼchirish dastgohi nomiga qoʼyilgan.
Ushbu atama “yunon” tilidan olingan ikkita soʼzdan yaʼni “koʼp” va “yozmoq” deb tarjima qilinuvchi soʼzlardan iborat. 1926 yilda, J. Larsonning shogirdi va izdoshi Leonard Kiler, gumondorning fiziologik parametrlaridagi oʼzgarishlarni qayd qiluvchi siyoh qalam bilan birga ishlovchi poligrafning yangi, takomillashtirilgan versiyasini taklif qildi. 1938 yilda olimlar tomonidan poligrafga terining oʼzgarishini qayd qiladigan yana bir kanal qoʼshildi. Keyinchalik Keeler mushaklarning titroqlari kanalini taqdim etdi. 1939 yilda patent berilgan Keeler kanali zamonaviy poligrafning prototipiga aylandi.
Olimlarning Keeler poligrafiyasini yanada takomillashtirish boʼyicha yigirmaga yaqin fiziologik koʼrsatkichlarni qayd etuvchi urinishlari muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Zamonaviy “yolgʼonni aniqlovchi” detektor yettita koʼrsatkichdagi oʼzgarishlarni muvaffaqiyatli qayd eta olish imkoniyatiga ega.
Yigirmanchi asrning oxirida qalam, siyoh yozish, anʼanaviy va raqamli poligraflar mavjud edi. 21-asrning qurilmasi esa - bu kompyuter poligrafi boʼlib, u gumon qilinuvchiga savollar berilganida uning tanasida bir qator fiziologik parametrlarning oʼzgarishini oʼlchaydigan va yozib beradigan maxsus moslamalar ulangan sensor bilan jihozlangan edi. Taʼkidlash joizki, natijalarning aniqligi qayd qilingan koʼrsatkichlar soniga bogʼliq. Tekshiruv davomida olingan koʼrsatkichlar, normadan chetga chiqish va unda yolgʼonning belgilari bor yoki yoʼqligi toʼgʼrisida xulosa beruvchi poligraf tekshiruvchisi tomonidan belgilab boriladi. Bugungi kunda, yuz yil avvalgi kabi, poligraf - yolgʼonni aniqlashning eng samarali vositasi boʼlib, undan jinoyatlarni fosh qilishda samarali foydalanilmoqda. Poligraf tekshiruv natijalari yordamchi usul boʼlishiga qaramasdan, ayrim rivojlangan mamlakatlarda dalil sifatida taqdim etilishi mumkin.
O'zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergoфv departamenti