Uzr
Kim yomonlik qilsa o’ziga qiladi, u yomonlikning mukofoti ham yomonlik bo’ladi.
Yusuf Xos Hojib
O’zimga tegishli bo’lgan “Neksiya” avtomobilimda harakatlanib ketayotgandim. Orqa o’rindiq tomonidan sekinlik bilan “tiqir-tiqir” degan shovqin eshitilardi. Yangi mashinadan bunday shovqin eshitilsa, odamning g’ashiga tegarkan. Darrov mashinani to’xtatdim, orqa o’rindiqni ko’tardim, shovqin chiqishi mumkin bo’lgan barcha joylarni titkiladim, izladim, ammo shovqin manbaini aniqlay olmay rosa xunob bo’ldim. Mashina ta’mirlovchi tanish usta huzuriga olib bordim, u ham mashinamni tekshirib chiqdi, biroq shovqinni qayerdan chiqayotganligini aniqlay olmadi.
– Usta bo’lib sen aniqlay olmasang boshqa kim aniqlaydi? – dedim achchig’im chiqib.
– Bilasanmi, ayrim mashinalarda shunday bo’ladi. Mashinalar shunday nuqson bilan keladi.
– Nima men shunday nuqson uchun pul to’ladimmi?
– Uzr do’stim, mening qo’limdan hech narsa kelmaydi, – dedi usta yelkasini qisib.
Ustaxonadan chiqib, to’g’ri avtomashinani sotib olgan savdo do’koniga bordim. Kafolat mutaxassisiga uchragandim, u menga boshlig’ining o’rinbosari bilan uchrashishimni aytdi. Boshliq o’rinbosariga uchrashgandim, u menga boshlig’ini raqamini berdi. Boshliqqa qo’ng’iroq qilgandim, u menga kompaniyaga uchrashishim mumkinligini, uning qo’lida hech narsa kelmasligini aytdi va kompaniya telefon raqamini berdi. Operator bilan uzoq gaplashib, ishim ijobiy hal bo’lmasligini sezdim.
Tushlik vaqtida uyga bordim. Onam elektr energiyasidan iste’mol qilganligimiz bo’yicha, qarzimiz ko’payib ketganligi uchun majburiy ijro bo’limi xodimlari kelganligini, qarzni to’lab kelishim shartligini aytdi. Tushlikdan so’ng turmush o’rtog’im bergan elektr energiyasi iste’mol daftarchasi oldim. SHundan so’ng To’rtko’l tumani elektr tarmoqlari korxonasiga yo’l oldim. Negadir odam rulga o’tirganda telefonga gaplashib ishlarini hal qilgisi kelarkan. Men tanishimga qo’ng’iroq qildim:
– Mashinamda shovqin bor, ustalarga olib bordim, foydasi yo’q, shovqinni bartaraf qilib bilishmas ekan, taklifing bormi?
– Hozir shunaqa nuqsonli mashinalar ko’p, sotib yuborib boshqa mashina ol!
– Qiziqmisan, oq rangli bo’lishi uchun qancha kutib olganman, bilsan-ku oq rangni yaxshi ko’raman.
– O’zing bilasan, unda Urganch shahriga olib bor, qo’li gul ustalar ko’p.
To’satdan piyodalar yo’lakchasidan bir bola yugurib chiqdi-yu, uni urib yubormaslik uchun yo’l chekkasiga rulni burib yubordim.
O’zimga kelgan vaqtimda tibbiyot birlashmasida ekanman. Yo’lni kesib o’tayotgan bolaga hech narsa qilmagan, mening mashinam esa ag’darilib, pachoq bo’lgan ekan. Mening qo’lim va qovurg’am singan va qimirlashga madorim yo’q edi.
– Piyodalar yo’lakchasiga yaqinlashgan vaqtimda sekinlashishim kerak edi, bu la’nati telefonda gaplashmasam bo’larkan! – deb o’zimni o’zim rosa koyidim.
* * *
Nihoyat sal oyoqqa turgach, mashinani tezroq sotish taraddudiga tushdim. Tanishlarim orqali Urganch shahridagi qo’li gul ustalarni chaqirtirdim. Ular mashinani kelib ko’rishdi, hamma joyini tekshirishdi va ta’mirlash uchun qancha pul ketishini hisoblashdi. Katta usta menga hisob-kitobni ko’rsatdi.
– Sizda ikkita yo’l bor! – dedi katta usta
– Qanaqa yo’l.
– Birinchisi mashinani to’liq ta’mirlab beramiz, ikkinchisi mashinani o’zimiz olamiz va ta’mirlab yaxshi narxda sotamiz!
– Albatta ikkinchisiga roziman, – dedim xursand bo’lib.
– Biroq, buning shartlari bor!
– Qanday shartlar ekan?
– Biz sizdan mashinani hozirgi qiymatida sotib olamiz va ustiga ozgina pul qo’shamiz, siz esa bizga sotish huquqi bilan ishonchnoma berasiz.
– Bo’ldimi? – dedim.
– Yo’q, agar mijoz siz bilan bog’lansa biz aytgan gaplarni, mijozga aytasiz!
– YA’ni...
– Biz mashinani ta’mirlab, yangiday qilamiz va yo’l yurgan hisoblagichni orqaga qaytarib, deyarli “nol’” qilamiz. Mijozga mashina yangiligini, egasiga pul zarur bo’lganligi uchun sotmoqda deymiz. Agar mijoz siz bilan savdo jarayonida bog’lansa, siz biz tayinlagan gaplarni aytasiz!
– Mayli, biroq Sizdan iltimosim bor...
– Xo’sh ayting!
Men ustaga iltimosimni aytdim va so’ng o’sha kelishuv bo’yicha mashinani sotib yubordim.
SHundan so’ng jarohatlardan to’liq tiklanganimdan so’ng, avtomashina sotib olishga harakat qila boshladim. Neksiya avtomashinasini yaxshi ko’rganligim uchun, yana Neksiya avtomashinasini izlay boshladim. Bir tanishim Urganchga borib, mashina olib kelishimiz mumkinligini aytdi. Biroq, o’zimning mashinamni o’sha tomonga sotganligim uchun, negadir u yoqdan mashina olishga yuragim betlamadi. Nihoyat surishtirib, Beruniy tumanida sotuvga qo’yilgan Neksiya avtomashinasi borligini eshitdim. Do’stim bilan uch to’rtta joyni ko’rdim va bir xonadondagi oq rangli Neksiya menga ma’qul keldi.
– Mashinangiz urilmaganmi?
– Nimalar deyapsiz, yangi mashina hali to’rt ming kilometr yurgan! Kobal’t mashina olmoqchiman, shuning uchun sotyapman!
– Ucharlar ko’payib ketgan. Ular o’laksaxo’rlar kabi mashinalarning yo’l transport hodisasiga uchrashini kutishadi, so’ng uning egasidan arzonga sotib olib, so’ng ta’mirlab, yangi mashinadek sotishadi.
– To’g’ri rostdan ham shunday odamlar ko’payib ketgan!
– Bunday yolg’onchilar sababli, odam mashina olishga qo’rqib qolarkan, – dedim.
O’zim ham yolg’on gapirayotganligim sabablimi yoki o’zimning sotgan mashinam esimga tushibmi, badanim qizib ketdi.
Nihoyat mashinani sotib oldim, rasmiyatchilik uchun ikki kun ketdi. Beruniy tumanidagi tumanlararo davlat raqam belgisi berish idorasidan, davlat raqam belgisini oldim. To’rtko’l tumaniga yetib kelib, mahallamga kelgan vaqtimda, ko’chadagi bir uyning oldida odamlar motam marosimi uchun to’planib turganligini ko’rdim va mashinamni musiqasini o’chirdim. SHu vaqtda orqa o’rindiq tomonidan sekinlik bilan “tiqir-tiqir” degan shovqin eshitila boshladi. Buning ustiga buyumlar qutisida ham shovqin bor edi.
– Nima balo hamma Neksiya mashinalarida shunday shovqin bo’ladimi? – deb achchiqlanib rulga qo’lim bilan urdim.
Uyga borganimdan so’ng, darrov mashinani orqa o’rindig’ini ko’tarib tekshirdim va hamma joyni titkilay boshladim. SHundan so’ng mashinaning buyumlar qutisini kovlashtirib, buyumlar solishga mo’ljallangan qutisi bilan avtomashinaning oldi oynasi tagidagi ingichka oraliqda qog’oz yotganligini ko’rib, ushbu qog’ozni tortib oldim. Qarasam bizning uyning manzili ko’rsatilgan elektr tarmoqlariga tegishli, elektr energiyasi iste’mol daftarchasi ekan. Hayron qolib turmush o’rtog’imni chaqirdim.
– Mashinaga elektr energiyasi iste’mol daftarchasi sen solib qo’ydingmi?
– Yo’q.
– Elektr energiyasi iste’mol daftarchasi qani unda?
– Uyda turibdi-ku! – dedi va yotoqxonaga kirib ketdi, u yerdan elektr energiyasi iste’mol daftarchasini olib chiqdi.
Mening qo’limdagi elektr energiyasi iste’mol daftarchasi qarab:
– Bu axir eski elektr energiyasi iste’mol daftarchasi-ku! Buni yo’l transport hodisasiga uchragan vaqtingizda yo’qotgan edik.
– Nima?! – dedim hayron qolib va miyamga kelgan fikrdan qo’rqib ketdim. Mashinaning transport vositasini qayd etish guvohnomasiga qaradim. Mashinaning kuzov raqamidan bilish mumkin, biroq menda eski mashinamning transport vositasini qayd etish guvohnomasi yo’qligi sababli nima qilishni bilmay hayron bo’lib turgandim. Birdan mashinani ta’mirlab sotgan vaqtimda ustaga aytgan iltimosim esimga tushdi.
Men asbob-anjomlar sumkasida o’zimga kerak bo’lgan anjomni olib, mashinaning haydovchi tomon eshigining ochdim va uning ichki tomoniga qaradim. Uning ichki tomonida mashinam yo’l transport hodisasiga uchragan vaqtida, ta’mirlayotgan usta tomonidan bo’yoq bilan, mashinani olayotgan egasiga achinib yarim hazil, yarim chin ma’noda, mening iltimosimga ko’ra yozdirilgan “uzr” so’zi bor edi.
Muallif: Ravshanbek Igamberdiyev