O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

VIJDON

Inson xatti-harakatlari uning

fikrlari tarjimonidir.

 Jon Lokk

Do’stim Shohrux yigirma besh yoshlarga borgan ozg’in va xushchaqchaq yigit bo’lib, o’rtoqlari uni “qo’li gul usta” deb atashlarini xush ko’radi. Mashina tuzatishni yoshligida akasidan o’rganib, hozirda o’zi mustaqil ish boshlagan. Bir kuni ertalab buzilgan mashinamni ko’rsatish uchun uning yoniga bordim. Shohrux mashinamning u yer-bu yerini ko’rgach, menga:

– Mashinang tuzaldi, uzoqroq haydab sinab ko’rishi­miz kerak, – dedi.

– Mayli, lekin mashinaning benzini deyarli tugagan. Oldin bir AYOQSHga borayliq, mashinaga benzin quyib, keyin haydaymiz. Yo’lda ketayotgan vaqtimizda o’chib qolmasin tag’in, – dedim.

Shundan so’ng ikkimiz mening mashinamga o’tirib, katta yo’l yoqasida joylashgan AYOQSHga yetib bordik. SHu payt oldimizda benzin quyayotgan “Lasetti” mashinasining haydovchisi kassaga pul to’lab, mashinasini o’t oldirdi. Shohrux mashinadan tushib kutib turgan edi. U hozirgina “Lasetti”dan bo’shagan joyga yaqinlashib, yerdan nimanidir oldi. Bu vaqtda men ham kassaga pul to’lash uchun mashinadan tushgan edim. SHohrux “Lasetti” ning ortidan:

– Hey, pulingiz tushdi... – deganicha qolib ketdi.

Bu vaqtda “Lasetti” allaqachon katta yo’lga chiqib, tezlikni oshirib ketib qolgandi.

– Nima bo’ldi? – dedim Shohruxning yoniga borib.

U esa qo’lida mahkam siqib turgan narsasini cho’nta­giga tiqdi.

Shu payt kassada o’tirgan AYOQSH xodimi bizni chaqirib qoldi:

– Nima tushib qolibdi? Bu yoqqa olib kelinglar-chi.

Shohrux menga qarab, sekin pichirladi:

– Haligi “Lasetti” mashinasidan dollarlar tushib qoldi. Nima qilamiz?

– Egasi ortiga qaytib kelib so’rasa kerak. Kassirga berib qo’yamiz. Egasi kelganida, unga topshiradi, – dedim men.

– Nimaga berar ekaman? – SHohrux shunday deya o’ylanib turib qoldi.

Men kassaning yuqori qismida kuzatuv kamerasi borligini payqadim va Shohruxga qarab:

– Qara, kuzatuv kamerasi bor ekan, boshimiz baloga qolmasin yana, – dedim.

SHohrux men ko’rsatgan tomonga qaradi-da, sekin menga ergashib kassa tomon yurdi. U cho’ntagidagi pullarni chiqardi. Qiziqib sanab ko’rdik. O’n sakkizta yuz dollarlik – jami bir ming sakkiz yuz AQSH dollari. Pullar buklanmasdan, bir tekis taxlangan, o’rtasiga ensizroq qog’oz va uning ustidan rezinkali ip o’ralgan. Shohrux pullarni kassa xodimiga ko’rsatar ekan, gap boshladi:

– Men vijdonli kishiman, menga birovning puli kerak emas. Bu pullar menda turadi. Egasi kelsa aytasiz, o’zim suyunchisini olib berib yuboraman, – dedi.

– Nega? – ajablandi kassir SHohruxning qo’lidagi pullarga suqlanib qarab. – Nimaga senda turar ekan? Bizni vijdonsiz yo o’g’ri deb o’ylayapsanmi? Vijdoning bor ekan, nega pulni cho’ntagingga solding?

Bir zumda ikkalasi o’zaro tortishib ketishdi.

– Shohrux, qo’ysang-chi. Nima qilasan birovning pulini? Yaxshisi, ketamiz, – dedim.

U noiloj qolib, pulni kassirga topshirdi, men esa mashinamga benzin quydim. Bu orada SHohrux o’zining telefon raqamini kassirga yozib berdi va uning ham telefon raqamini yozib oldi. SHu payt kassa bilan ichma-ich qurilgan xonadan bir odam chiqib keldi. Bu odam AYOQSHning boshlig’i ekan. U odam biz va kassirga qarab:

– Nima shovqin? Nimadan norozisiz? – deb so’radi.

Shohrux unga bo’lgan voqeani aytib berdi. CHunki kassirning “Hech gap yo’q” deya o’zini sipo ko’rsatishi unga yoqmayotgan edi. Shohrux o’zining vijdonli odam ekanligini AYOQSH boshlig’iga ham takrorladi va “suyunchi puli”dan umid qilishini bildirdi. Boshliq kassir va Shohrux bilan gaplashib bo’lib, kassirdan pulni oldi. So’ng SHohruxga qarab:

– Egasi chiqsa, o’zim aytaman. Sizlar boraveringlar, bu ishni o’zim hal qilaman, – dedi va ichkaridagi xonaga kirib ketdi.

Qaytib kelayotganimizda mashinani sinov uchun haydab yurganligimizni ham unutgan edik. Sababi, SHohruxning gap-so’zlaridan noroziligi sezilib turardi.

U menga:

– Shuncha pulni menga Xudo bergan edi. Pulning yoniga borgan vaqtimda telefonimni tashlab yuborib, keyin pul bilan qo’shib olib, indamay qo’yganimda ham hech kim bilmas edi. Agar videokamera yozib olgan tasvirda meni ko’rib, “Nimaga egilding?” deb so’rashsa, “Telefonim tushib ketgan edi, shuni olish uchun egilgan edim”, – deb aytardim.

– Vijdonli kishiman deyotgan eding-ku! – dedim.

SHohrux asabiylashdi:

– Nima bo’pti? Axir, o’g’irlab olmadim-ku. Qarab tur, AYOQSHdagilar ham pulni egasiga qaytarishmaydi, o’zlariga olib qolishadi!

 Ertasi kuni u yonimga kelib, menga:

– Men bilan yur. Puldan xabar olib kelamiz, men suyunchi pulini olishim kerak, ular qo’ng’irog’imga javob berishmayapti, – dedi.

Gaplari menga yoqmadi. Shuning uchun:

– Menga nima, o’zing boraver, – dedim.

Shohrux birga borishimni iltimos qildi:

– Sen bormasang bo’lmaydi. Sen voqeaga guvohsan. AYOQSHdagilar “Sendan pul olmadik”, deyishsa, menga guvohlik qilasan.

AYOQSHga bordik. Shohrux avval kassir, so’ng uning boshlig’i bilan tortishdi. Yonimga kelganida, undan nima bo’lganligini so’radim.

– Mashinaning raqami kuzatuv kamerasiga tushmagan, u odam qaysi viloyatdan ekanligini ham bilmaymiz. Topilsa, o’zimiz berib yuboramiz deyishdi, – dedi Shohrux hafsalasi pir bo’lib.

SHunday bo’lsa-da o’n kundan ortiq o’sha AYOQSHga qatnab, ulardan javob kutdi, topib olingan pulni qaytarib berishlarini talab qildi. Bu orada mijozlari mashinalarining ta’miri kechikayotganidan, SHohruxning ko’pincha ishni chala qoldirib ketib qolishidan norozi bo’la boshlashdi.

Oradan o’n besh kunlar o’tganidan so’ng Shohruxni uchratib qoldim. Tuman Ichki ishlar bo’limiga ketayotganini aytdi. AYOQSHning boshlig’i va xodimi ustidan shikoyat arizasi yozib bergan ekan. Bir ming sakkiz yuz AQSH dollarini Ichki ishlar bo’limi xodimlari bayonnoma tuzib olishgan va pulning egasini izlashayotgan ekan.

– Egasi topildimi-yo’qmi, shuni bilib kelaman, – dedi Shohrux.

Men ham u bilan birga bordim va tashqarida kutib turdim. Shohrux Ichki ishlar bo’limiga kirib chiqqanidan so’ng, menga:

– Nihoyat pulning egasi topilibdi. Ertaga kelar ekan, biz ikkimiz ham borishimiz kerak, – dedi.

Ertasi kuni yana Ichki ishlar bo’limiga bordik. AYOQSH boshlig’i va uning xodimi ham o’sha yerda edi. Pulning egasi pulni olib ketmoqchiligini aytdi. Ichki ishlar bo’limi xodimi esa undan pulda qanday belgilar borligini so’radi. O’sha odam pul o’ralgan qog’ozga ismlar va raqamlar yozilganligini aytdi, buni AYOQSH xodimi va SHohrux tasdiqlashdi. Men ham u kishini AYOQSH yonida ko’rgandim, pulning egasi shu odam ekanligiga ishonchim komil edi. U bir ming sakkiz yuz AQSH dollarini olib, hammaga rahmat aytib chiqib ketayotganida, SHohrux jimgina qarab turolmadi:

– Kechirasiz, men vijdonli kishiman. Sizning pulingizni topib, unga tegmasdan qaytardim. Suyunchi puli bermaysizmi?! – dedi.

Haligi odam bo’sh kelmasdan:

– Men ham vijdonli odamman, birovning haqqi kerak emas menga. Uch-to’rt kundan keyin suyunchiga qo’chqormi, ellik yoki yuz dollarmi beraman, – deganicha chiqib ketdi.

Oradan olti oy o’tdi. Shohrux o’sha vijdonli kishidan suyunchi pulini undirish umidida hamon Ichki ishlar bo’limiga qatnab turibdi. Lekin u kishidan darak yo’q. SHohruxga mashina ta’mirlatadigan mijozlar esa kamayib ketdi...

 

Text to speech