IMKONIYAT
Ikkita janjallashayotgan odamning
qaysi biri aqlli bo‘lsa o‘sha aybdordir.
Gyote
Shokir “ona suti og‘zidan ketmagan go‘dak” deb yurgan O‘g‘lining bu qilig‘ini eshitib xunob bo‘ldi. Kecha do‘stlari davrasida o‘tirib, bir ikki piyola aroq ichib, mast bo‘lganida sinfdosh do‘sti “Akbarning o‘g‘li qiz olib qochibdi”, deb boshlangan suhbatga aralashib. “o‘g‘lini tarbiyalamaganda, tarbiyalaganda otadan so‘rab uylanardi” deb gapirgan edi. O‘g‘lining bu qilgan ishi, hech kimga bildirmasdan, tanimagan bir qiz bilan qovushib, uni homilador qilganligini eshitib, bundan do‘stlari xabar topishini o‘ylab, dahshatga tushdi. Ko‘z oldida ziyofatlarda do‘stlarining qo‘lini bigiz qilib, masxara qilayotganini o‘yladi. Ziyofatda yurgan vaqtida qizning ota-onasi kelib janjal ko‘targanligi, “Arz qilib, o‘g‘lini qamattirib yuborishini” aytib tahdid qilganligini, ayolidan eshitib, o‘g‘lini izlabdi. Biroq o‘g‘li uning jahlidan qo‘rqib qochib yurgani sababli qarindoshlari va tanishlarining uylaridan izlab topmadi. Uyiga darg‘azab bo‘lib keldi:
– O‘, qani u iflos haroming, hali kelmadimi? – dedi Shokir. Uning bu ovozidan go‘yo uy titragandek bo‘ldi.
– Yo‘q... – dedi, darg‘azab bo‘lib turgan eriga Xadicha past tovushda.
– Hammasiga sen aybdorsan, yolg‘iz bola, ko‘ngliga qaraylik, o‘ksimasin deding. Nima bo‘ldi, nima qildi o‘g‘ling? Hammasiga sen javob berasan, tushingdingmi?! – dedi Shokir ko‘zlari kosasidan chiqqudek bo‘lib.
Shu vaqtga Shokirning qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq keldi ukasi ekanligini ko‘rib, shosha-pisha javob berdi.
– Ha, nima, topildimi?
Ukasining bir nimalar deb ming‘illayotganligi yoqmasdan...
– Chaynalmay gapirsang-chi, u qayerda, hozir boraman ketib qolmasin? – deb uydan tez chiqib ketdi.
Shokir ukasining uyiga mashinasida yetib borganida, o‘g‘lini profilaktika inspektori Ichki ishlar bo‘limiga olib ketayotgan ekan.
– Qayerga olib ketyapsizlar o‘g‘limni? – dedi u profilaktika inspektoriga yuzlanib.
Shokir O‘g‘lining mashinada o‘tirganligini ko‘rib unga yovqarash qildi.
– O‘g‘lingizni ustidan shikoyat tushgan, uni Ichki ishlar bo‘limiga tergovchi huzuriga olib ketyapman, o‘zingiz ham orqamizdan borishingiz mumkin, – dedi Ichki ishlar xodimi.
Shokir Ichki ishlar bo‘limiga borib ikkinchi qavatga chiqdi, tergovchi ariza bilan shug‘ullanayotgan ekan. Tergovchi unga “Siz kutib turing, tergov oldi tekshirish ishlarini olib boraylik” degan so‘zidan so‘ng, kutib o‘tirdi. Shu yerda o‘tirgan odamlarga qaramadi, go‘yo bu odamlar ham uning ustidan kulayotgandek tuyuldi. Oradan bir qancha vaqt o‘tib, tergovchi Shokir va shu yerga yig‘ilganlarni xonasiga taklif qildi.
Shokir xonaga kirganda mahalla raisining ham borligini ko‘rib xayron qoldi, kutib o‘tirganlarning ichida rais ham borligiga eʼtibor bermagan ekan. Bundan bir necha oylar oldin rais unga: “O‘g‘lingizga eʼtibor bering, kechqurun ko‘p sayoq yuribdi, xato qilib qo‘ymasin tag‘in” – degandi.
– “Rais, siz mahallangizga qarang, mening o‘g‘limgamas, o‘g‘limga o‘zim qarayman” deb shartta uning gapini kesib olgandi. Shokir shuni eslab ichini it tirnay boshladi. Uning o‘y-xayollari tergovchining gapi bilan bo‘lindi.
– Kechirasizlar, qiz ham o‘n sakkiz yosh, bola ham o‘n sakkiz yosh, ikkalasi sevishib yurishgan ekan. To‘g‘ri, xato qilishibdi, endi nima qilmoqchisizlar, – dedi.
Birinchi bo‘lib, qizning onasi gap boshladi:
– Men nima ham derdim, erim mazasi qochib, uydan chiqmay yotibdi, “Bu sharmandalikni qanday ko‘taraman, ko‘chada qanday yuraman? Shu bolaga tegsin, to‘y qilishsin deb aytdi” shunga to‘y qilishib nomimizga dog‘ tushirmasdan kelin qilishsa, bas, – dedi.
Tergovchi raisga yuzlanib:
– Siz nima deysiz, xunuk oqibati oldini olishimiz kerak!
– Endi yoshlar bilan gaplashdim, ular bir-birini sevishar ekan, ikkalasi ham o‘n sakkiz yoshga to‘lgan. Qizimiz ham uch oylik homilador ekan. Qiz yomonmas, oilasi ham yaxshi oilalardan...
Raisning so‘nggi gaplari bo‘g‘zida qoldi.
– Menga qarang... – deb Shokir to‘satdan raisning gapini bo‘lib, – sizlar menga nasihat qilmanglar, agar o‘g‘lim sizlarga kerak bo‘lsa, olinglar uni, menga to‘y ham, kelin ham kerak emas. Men bu oilani tanimayman, ikki dunyoda ham ular bilan quda bo‘lmayman. Seni qizingning qornida uch oylik bola meni o‘g‘limnikimi yoki boshqaniki xudo biladi? Yaxshisi, meni sodda o‘g‘limni boshini aylantirgan qizingni yig‘ishtir. O‘ziga boshqa er topsin?!
– To‘xtang! – dedi tergovchi Shokirning gaplarini bo‘lib, – siz yoshlarga imkoniyat bering, – dedi.
– Mana sizga imkoniyat, o‘g‘limni olib pishirib yenglar, – dedi Shokir va jahl bilan xonadan qilib chiqdi.
Shundan so‘ng vaziyat ijobiy yechilmagach, hamma uy uyiga ketdi, biroq yoshlarni qizning ammasi bilan birga ketdi. Sababi qizning otasi qizini uyiga kelishiga qarshi va oq qilganligini aytgan ekan. Ikkala yosh ancha qiynalishdi, bir-birini tashlab ketmaslikka vaʼda berishgan hamda bir-birisiz yashay olmasliklarini aytib, ahdu-paymonlar qilishgandi. Shokirning o‘g‘li yaqinda maktabni bitirgan, hech qayerda ishlamas edi. Shokir o‘g‘li tug‘ilganda ismini Alisher qo‘ygan edi. O‘g‘liga barcha sharoitlarni yaratib berdi. Hali voyaga yetmasdan turib, mashina haydashni o‘rgatdi, o‘z mashinasini boshqarib yurishga ruxsat berdi, hatto o‘g‘li tengqurlari orasida ajralib yursin deb unga, “Spark” mashinasini ham olib berdi. O‘g‘lining “qiliqlarini” sho‘xlikka yo‘ydi, chaqqon deb maqtanib yurdi. Biroq uning bu darajada “chaqqon” bo‘lib ketganligi uni og‘ir ahvolga solib qo‘ygandi. Shokir o‘g‘li bilan Ichki ishlar bo‘limida uchrashganidan so‘ng, uni boshqa ko‘rmagandi. Biroq uni kuzatib yurdi, qarindoshlariga uning ahvolidan xabar berib turishni tayinladi, singlisi Jayronga o‘g‘li bilan gaplashib uchrashib turishni va qizdan sovutib, uyiga olib kelishni topshirgandi.
Alisher qizning onasining qistovi tufayli Ojiza bilan sharʼiy nikohdan o‘tib qo‘ydi, keyinroq to‘yni ota-onasi o‘tkazib berishiga o‘zi ham ishonardi. Alisher va Ojiza Ichki ishlar bo‘limidan chiqishganidan so‘ng dastlab, qizning ammasini uyida ikki oy yashashdi, so‘ng u yerda ortiqchalik qilishganidan so‘ng bir oy qizning xolasini uyida yashadi. So‘ng ularning ikkalasini Alisherning ammasi o‘zi bilan olib ketdi. Qizning xolasi ham ularga qarshilik qilmadi, unga uyida ikki tekintomoqni boqish joniga tekkandi. Alisher ammasining uyida Ojiza bilan bir oy birga yashadi.
To‘satdan bir kuni Alisher Ojizaga:
– Sen xolangni uyida yashab tur, men uyimga ketaman, dadam bilan uchrashib unga tushuntiraman, dadam kechirganidan so‘ng seni olib ketaman va to‘y qilamiz, farzandimizni uyda tug‘asan dedi, – Alisher biroq uning ko‘zlari allanechuk yolg‘on gapirayotgandek edi.
– Rostdanmi, meni ham olib keting, dadajonimizning oyoqlariga yiqilib, uyning chorbog‘ida ham yotishga roziman deb yolvorsam, meni ham uyingizga kiritishar, – dedi Ojiza Alisherga iltijoli boqib.
Alisher uzoq bir nimalarni unga tushuntirdi va oxirida o‘zi dadasini uyiga ketdi. Uning ammasi esa qizni avrab-avrab, qizni qarindoshlarini uyiga tashlab keldi. Alisher uyiga kelgandan otasining sochlarida oqlari ko‘payganligini payqadi, otasi unga shart qo‘ydi va bu shartni ikki oydan so‘ng amalga oshirishini aytdi. Alisher otasining gaplariga rozi bo‘ldi. Shokir so‘nggi to‘rt oyni og‘ir o‘tkazgan uyidan faqat ishga chiqqan va ziyofat, marosimlarga qatnashmagandi.
Ojiza ikki oy katta xolasi Naimaning uyida yashadi, u ikki-uch kun Alisher bilan telefonda gaplashib yurdi, so‘ng Alisherning telefoni raqami o‘chirilganligini ko‘rdi. Alisher bilan har kuni bog‘lanishga urindi, biroq undan javob kelmadi, dugonalaridan ayttirib ham yubordi. Bir necha bor taksi chaqirtirib, Alisherning uyining yonidan mashinada o‘tib ko‘rdi. Bir kuni uni ko‘rib qoldi, Alisher ham uni mashinada o‘tirganligini ko‘rdi, biroq ko‘rmaganga olib uyiga kirib ketdi. Ojizani tug‘ruq jarayoni yaqinlashib qolgan, nima qilishini bilmasdi. Dugonasi Intizor unga bir kundan so‘ng Alisherning to‘yi ekanligini aytdi. Buni eshitgan Ojizaning ranglari oqarib ketdi, og‘ir ahvolga tushdi, uni tez tug‘ruqxonaga olib ketishdi. Shu kuni kechqurun uning ko‘zi yoridi, o‘g‘il farzandli bo‘ldi. Ojiza kimgadir nimalarni aytishni istar, biroq faqat yig‘lardi...
Ertasi kun Naima Shokir bilan gaplashish, uning o‘g‘il nevarali bo‘lganini, kasalxonadan kelinini olib ketishini iltimos qilishini o‘ylab, Shokirning uyiga shoshilib borardi. Uning o‘y-xayollaridan “axir nevarali bo‘ldi, balki ko‘ngli yumshar” degan iliq o‘y-fikrlar o‘tayotgandi.
– Ana shu ko‘chaga burilsam, birinchi uy Shokir akaniki – deb o‘ylab borarkan, ko‘chaga burilganda tanish uyning oldida odamlar to‘planib turganligini, ular motam tutib turganligini ko‘rib hayron qoldi.
– Nahotki Alisher joniga qasd qilgan bo‘lsa, – deb ichidan o‘yladi va shu tomonga shoshib ketayotgan ayoldan so‘radi:
– Nima bo‘ldi, tinchlikmi?
– Shokir aka kecha kechqurun vafot qildi, bechora, ertaga o‘g‘li Alisherning to‘yi edi, ko‘rolmay ketdi, sho‘rlik, – dedi ayol o‘sha uyga qarab yurishda davom etarkan. Naimani qadamlari og‘irlashdi, u nima qilishini bilmasdi...