Qashqadaryoda yonida noqonuniy giyohvandlik vosita saqlagan 3 nafar shaxslar aniqlandi
Qarshi. 2020 yilning 13 yanvar' kuni taxminan soat 20:40 larda Qashqadaryo viloyati IIB, DXX va Bojxona xodimlari hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbir jarayonida, Qarshi shahri hududida “G‘uzor-Qarshi A-380” avtomobil yo‘lidan harakatlanib kelayotgan fuqaro 40 yoshli B.M.ning boshqaruvidagi “Matiz” rusumli avtomashinasi to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganida, haydovchi B.M.ning egnidagi kurtkasining chap cho‘ntagida 7 dona “Spichki” yozuvli gugurt qutilariga solingan, tarkibida quritilgan holatdagi sof og‘irligi 21,9 gr. “Marixuana” giyohvandlik vositasi hamda 1 dona 1.000 so‘mlik kupyuraga o‘ralgan sof og‘irligi 0,6 gr. “Marixuana” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirib olingan.
Bundan tashqari, 2020 yil 14 yanvar' kuni taxminan soat 10:20 larda tadbir jarayonida, fuqarolar 46 yoshli R.S., va R.A.lar G‘uzor tumani Amir Temur mahallasida ko‘chada to‘xtatilib tekshirilganida, R.S., o‘z ixtiyori bilan 1 dona “Spichki” yozuvli gugurt qutisiga solingan sof og‘irligi 2,7 gr. “Marixuana” giyohvandlik vositasini taqdim qilgan va R.A.ning egnidagi kurtkasini yengini ichidan 1 dona “Spichki” yozuvli gugurt qutisiga solingan sof og‘irligi 3,2 gr., 1 dona rasmli varaqqa o‘ralgan sof og‘irligi 2,4 gr., 1 dona “KENT” yozuvli sigaret qutisi ichida og‘irligi 0,4 gr. “Marixuana” giyohvandlik vositasi va boshqa bir “Kent” yozuvli sigaret qutisi ichida og‘irligi 6,2 gr. kannabis o‘simligining urug‘lari borligi aniqlanib, xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.
Shu bilan birga, 2020 yil 14 yanvar' kuni soat taxminan 11:00larda G‘uzor tumanida yashovchi 46 yoshli R.S.ning yashash uyi ko‘zdan kechirilganida, uning xonasidan oq rangli, polimer xo‘jalik sumkasini ichida quritilgan holatdagi sof og‘irligi 151,5 gr. “Marixuana” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olingan.
Holat yuzasidan Qarshi shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan fuqarolar B.M., R.S. va R.A.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ularga nisbatan ushbu modda bilan ayblov e'lon qilingan va “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti.