Ag‘darilib ketgan “NEXIA”dan sog‘ chiqqan qonunbuzar
Toshkent viloyati. 2022 yil 1 may kuni 36 yoshli S.U. Toshkent tumani IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, unda shu kuni soat 14:00 larda boshqaruvida bo‘lgan “NEXIA-3” rusumli avtomashinasini yuvdirish maqsadida tuman hududida joylashgan “avtomashina yuvish” shohobchasiga olib borib, shahobchada ishlovchi Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida yashovchi 19 yoshli E.L.ga yuvdirish uchun qoldirib ketganligi, shu kuni soat 18:00 lar atrofida avtomashinasini olib ketish uchun borgan vaqtida, transport vositasi “avtomashina yuvish” shoxobchasida yo‘qligini, shoxobcha ishchisi E.L. tomonidan olib qochganligini maʼlum qilib, ushbu shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni hamda avtomashinasini topishda amaliy yordam berishni so‘ragan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv harakatlari va viloyat miqyosida eʼlon qilingan to‘sib ushlash tadbiri jarayonida, E.L. olib qochgan transport vositasi G‘allaorol tumanida joylashgan “YPX blok posti”da harakatlantirib, blok post hududini o‘tmoqchi bo‘lganida aniqlangan.
Viloyati IIB xodimlari qidiruvda bo‘lgan transport vositasi to‘xtatishni talab qilishgan vaqtida, E.L. qochishni rejalashtirib, blok postni aylanib o‘tmoqchi bo‘lib yo‘l chetiga chiqib ketib harakatlanishni boshlaganda, boshqaruvni eplay olmay yo‘l transport hodisasi sodir etgan va shu vaqtda IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Yo‘l transport hodisasi natijasida E.L. hech qanday tan-jarohati olmagan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan E.L.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan qamoqqa olish tarzdagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Tergov davom etmoqda.
Taʼkidlash joizki, Jinoyat kodeksining normalariga ko‘ra, ushbu turdagi jinoyatni sodir etgan shaxs 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Muallif: Tergov departamenti katta tergovchisi
mayor T. Elbekov
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti