Ayol kishining pichoq zarbasi o‘limga sabab bo‘lgan
Toshkent shahar. 2022 yil 4 sentyabr kuni soat 00:30 larda 26 yoshli K.G.(ayol) o‘zi ishlab kelayotgan Yashnobod tumani Torariq ko‘chasida joylashgan umumiy ovqatlanish joyida bo‘la turib, mazkur oilaviy oshxonada o‘zi bilan birga ishlovchi 28 yoshli, mast holatdagi M.S. (erkak) bilan o‘zaro janjallashib qolib, o‘rtalarida kelib chiqqan kelishmovchilik natijasida, oshxona pichog‘i bilan M.S.ning qorin qismiga bir marotaba zarba berib, tan jarohati yetkazganligi aniqlangan.
Natijada, M.S. olgan tan jarohati bilan shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtda vafot etgan.
Sud-tibbiy ekspertiza xulosasida M.S. da “Qorin o‘ng old devorini teshib kirib jigarni shikastlagan sanchib-kesilgan jarohati, ichki va tashqi qon ketish” kabi jarohatlar aniqlanganligi va ushbu jarohatlar og‘irlik darajasiga ko‘ra, hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari sifatida baholanishi ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Yashnobod tuman IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan K.G.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, K.G. protsessual tartibda ushlangan.
Muallif: Yashnobod tumani IIO FMB huzuridagi
TB katta tergovchisi podpolkovnik D.Abduraxmanova
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti