“Angren”da sodir bo‘lgan yo‘l transport hodisasi
Toshkent viloyati. 2021 yilning 24 may kuni soat 09:00 larda fuqaro 40 yoshli M.Umidjon boshqaruvida bo‘lgan tirkamali « MAN» rusumli yuk mashinasida Angren shahar hududidan o‘tgan A-373-M-39 “Toshkent-O‘sh” avtomobil yo‘li bo‘ylab O‘sh shahar yo‘nalishidan Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha boshqarib, ushbu yo‘lning 183-kilometrda rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘nalish bo‘ylab harakatlanib ketayotgan temir yo‘l kesishmasiga yetmasdan to‘xtab turgan fuqaro 43 yoshli I.Olimning boshqaruvida bo‘lgan “Lacetti”, 30 yoshli K.Rufatilla boshqaruvida bo‘lgan “Nexia-2”, 44 yoshli E.Mahamadali boshqaruvidagi “Cobalt” rusumli, 46 yoshli I.Olmas boshqaruvidagi “Lacetti” rusumli, 45 yoshli M.Zuxriddin boshqaruvidagi “Lacetti” rusumli, 39 yoshli K.Muxtorjon boshqaruvidagi “Nexia-3” rusumli va “Matiz” rusumli avtomashinalar bilan to‘qnashib, yo‘l transport hodisasini sodir etgan.
Natijada jami 7 nafar shaxslar hodisa joyida vafot etgan va 14 nafar shaxslar olgan tan jarohatlari bilan shifoxonaga murojaat qilganlar.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyat IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti