O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Olib qochilgan avtomashinada sayr qilmoqchi bo‘lgan yigitcha YTHga uchradi

Toshkent. 2020 yilning 07 noyabr kuni soat 11:00 dan soat 14:00 ga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida, nomaʼlum shaxs transport vositasini olib qochish maqsadida 27 yoshli B.M. boshqarib kelayotgan va 34 yoshli turmush o‘rtog‘i D.M.ga tegishli bo‘lgan qora rangli “SPARK” rusumli avtoulovini Toshkent shahar Olmazor tumani Zarqaynar ko‘chasida joylashgan “A.Qodiriy” nomli istirohat bog‘i yonida qarovsiz qoldirilganidan foydalanib, avtoulovning saloniga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, o‘t oldirish tizimida turgan kalit bilan avtoulovni olib qochib, hodisa joyidan yashiringan.

Shundan so‘ng nomaʼlum shaxs avtomashinani boshqarib borayotib, Yunusobod tumanida “NEXIA” rusumli avtomashina bilan to‘qnashib YTH sodir qilgan, “NEXIA” avtomashinasi haydovchisi bilan “kelishib olish” maqsadida uni keyinroq uchrashib zararni qoplab berishga ishontirib, avtomashina “ bardachogida” bo‘lgan hamda transport vositasining egasiga tegishli avtoulovning texnik pasportini berib yuborgan. IIO xodimlaridan yashirinish maqsadida avtomashinaning davlat raqamlarini yechib olib, hodisa joyidan yashiringan.

Biroq ichki ishlar organlari xodimlarining tezkor harakatlari va YTH sodir bo‘lgan kameralarda qayd qilingan videoyozuvlar yordamida ushbu fuqaro 21 yoshli muqaddam sudlangan M.A.ligi aniqlangan

Qoidabuzar fuqaroni ushlash choralari ko‘rilganda,  M.A. olib qochilgan avtomashinani o‘z istiqomat qiladigan ko‘p qavatli uylarning oldida tashlab, uy yumushlari bilan shug‘ullanib yurganligi aniqlanib, protsessual tarzda ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan nomaʼlum shaxsga nisbatan Olmazor tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, M.A. ayblanuvchi tariqasida jinoyat ishida ishtirok etishga jalb qilinib, unga nisbatan, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Tergov harakatlari davom etmoqda.             

 

 O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Text to speech