Poytaxtning Chilonzor tumanida talonchilik, g‘araz niyatli shaxslar jinoyat issiq izidan ushlandilar
Toshkent shahri. 2020 yilning 02 noyabr kuni soat 18:30 da nomaʼlum shaxslar o‘zganing mulkini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilish maqsadida, Toshkent shahar Chilonzor tumani 7-mavzesida joylashgan dorixonaga kirib, shu yerda bo‘lgan sotuvchi 22 yoshli Nurmuhammad A., ga hayot yoki sog‘liq uchun xavfli bo‘lmagan zo‘rlik ishlatib, shkafdan jami 3.000.000 so‘m miqdoridagi pullar va Nurmuhammad A.,ga tegishli bahosi 1.800.000 so‘mlik «Redmi Play» rusumli uyali telefon apparatini olib, hodisa joyidan yashiringanlar.
Mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi «a,v» bandlari (talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tergov-tezkor tadbirlari natijasida, ushbu jinoyatni fuqarolar 22 yoshli Abdulaziz T., va 27 yoshli Salimjon O., lar sodir etganliklari aniqlanib, ushlanganlar hamda gumon qilinuvchi tariqasida himoyachi ishtirokida so‘roq qilinganlar.
Tergov jarayonida, Abdulaziz T., jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritgan telefon apparatini fuqaro 26 yoshli Ro‘zimat B.,ga 300.000 so‘mga sotganligi aniqlanib, Ro‘zimat B.,dan «Redmi Play» rusumli uyali telefon apparati tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti