Ijara qimmatga tushdi
Toshkent viloyati. Joriy yilning 15 yanvar kuni soat 15:30 larda Yangiyo‘l shahar Rayhon ko‘chasida yashovchi 56 yoshli R.K. o‘z uyida, u bilan vaqtincha ijarada yashovchi tanishi 40 yoshli A.V. bilan birga spirtli ichimlik isteʼmol qilishib, o‘rtalarida o‘zaro kelib chiqqan janjal natijasida, R.K. uyida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan A.V.,ning o‘ng tomon qorin qismiga bir marotaba urib tan jarohati yetkazgan.
Natijada A.V. olgan tan jarohati bilan Yangiyo‘l shahar tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan Yangiyo‘l shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “l” bandi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, R.K. jinoyat ishida gumonlanuvchi tariqasida jinoyat ishiga ishtirok etishga jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan.
Voqea joyiga tergov-tezkor guruhi yetib borib, ko‘zdan kechirish vaqtida qonga o‘xshash dog‘lar hamda bir dona oshxona pichog‘i ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Tergov jarayonida aniqlanishicha uy egasi R.K. tanishi 40 yoshli A.V.,ni kamsitib, uni uyi va yaqinlari yo‘qligi to‘g‘risida aytgan gaplari unga yoqmaganligi sababli oralarida janjal kelib chiqqanligi maʼlum bo‘ldi.
Hozirda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublika IIV huzuridagi Tergov departamenti