Sehrgarlikmi yoki puxta o‘ylangan rejami?!
Toshkent shahri. 2021 yilning 11 aprel kuni soat 15:30 larda ikki nafar nomaʼlum shaxslar Olmazor tumani Farobiy ko‘chasida yashovchi 23 yoshli M.Rokiyaning uyiga kelib, unga yaqin kunlarda turmush o‘rtog‘i va farzandi og‘ir kasal bo‘lib vafot etishini aytib, o‘ziga tegishli barcha tilla-taqinchoqlarini olib chiqib bersa, ularni qutqarib qolishga vaʼda berib, M.Rokiyaga tegishli jami narxi 35 840 000 so‘mlik 10 xil turdagi tilla-taqinchoqlarini aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritib, hodisa joyidan yashiringanlar.
Mazkur holat yuzasidan Olmazor tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a,b” bandlari (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tergov harakatlari davomida, ushbu jinoyatni M.Rokiyaning o‘zi sodir qilib, kelgusida sotish maqsadida ushbu tilla-taqinchoqlarni yashash xonadonining yerto‘lasiga yashirib qo‘yganligi, unga nisbatan hech qanday firibgarlik jinoyati sodir qilinmaganligi aniqlangan.
Jinoyat ishi doirasida M.Rokiya O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “b” bandi (O‘g‘rilik) bilan gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan va uning xatti-harakatlariga qonun doirasida huquqiy baho berilishi taʼminlanadi.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti