Muzrabot bozorida “Damas” avtomashinasini olib qochgan shaxs ushlandi
Surxondaryo viloyati. 2021 yilning 11 aprel kuni fuqaro 37 yoshli Toshpo‘lat M., Muzrabot tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, unda shu kuni soat 07:30 da o‘ziga tegishli “Damas” rusumli avtomashinasini “Muzrabot” dehqon bozorining yonida qulflangan holatda qoldirib, soat 11:30 da bozorlik qilib qaytib chiqqanida avtomashinasi joyida yo‘qligini maʼlum qilgan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv harakatlari va viloyat miqyosida eʼlon qilingan to‘sib ushlash tadbiri jarayonida, ushbu avtomashina 2021 yil 12 aprel kuni tungi soat 01:30 da Angor tumani hududida shikastlangan va ehtiyot qismlari yechib olingan holatda topilgan.
Mazkur holat yuzasidan Muzrabot tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (Transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari davomida, ushbu jinoyatni sodir qilgan 22 yoshli Safarmurod E., ushlanib, u avtomashinaning eshigini 50 sm.li sim yordamida ochib, avtomashina simlarini tutashtirish orqali harakatga keltirib, o‘ziga tegishli avtomashinasining ehtiyot qismlarini yangilash maqsadida, ushbu avtomashinani olib qochib, ehtiyot qismlarini yechib olganligi aniqlangan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti