Neftchi va Turon o‘ynida vujudga kelgan tartibsizlik yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda “Neftchi” va “Turon” o‘rtasida vujudga kelgan janjallashuv ifodalangan videotaʼsvir ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi.
Tergovga qadar tekshiruv jarayonida aniqlanishicha Joriy yilning 1 dekabr kuni soat 14:00 da Farg‘onaning “Neftchi” va O‘zbekiston tumanining “Turon” “Pro liga” jamoalari o‘rtasida “Istiqlol” stadionida futbol musobaqasi bo‘lib o‘tgan edi, uchrashuv yakuniga ko‘ra “Neftchi” jamoasi 1:0 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Ushbu holat “Neftchi” PFK o‘yinchilari tomonidan uchrashuv hakamidan norozi bo‘lib, janjallashgan, janjal davomida o‘yingohga tashrif buyurgan “Neftchi” jamoasining taxminan 8 nafar muxlislari maydonga tushib, tartibbuzarlikni vujudga keltirishgan.
Shu vaqtda, “Neftchi” va “Turon” jamoalari futbolchilari, zaxiradagi o‘yinchilari, murabbiylari va stadion styuardlari maydonga janjalni to‘xtatish va tinchlantirish uchun tushgan, Farg‘ona viloyati IIB xodimlari saʼyi-harakatlari bilan janjal to‘xtatilib, qonunbuzarlar ushlanib, maydondan chetlashtirildi.
Janjal oqibatida bosh hakamda yuz qismi lat yeyish va tanasining shilinmalari, yordamchi hakamlarda esa tanalarining turli ko‘rinishdagi jarohatlar yetkazilganligi aniqlangan.Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan JKning 277-moddasi 3-qismi “v” (ommaviy tadbirlar o‘tkazilayotgan vaqtda sodir etilgan bezorilik )bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Hozirda, jinoyat ishi doirasida 6 nafar shaxs gumonlanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan bo‘lib yana 2 nafar fuqaroning shaxsini aniqlash choralari ko‘rilmoqda.
Bundan tashqari yana 5 nafar fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasi (mayda bezorilik) ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir etganliklari uchun, tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Tergov harakatlari davom etmoqda hamda tartibbuzarlik sodir qilgan barcha shaxslarni qonun oldida javob berilishi taʼminlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti