Toshkent viloyatida 7 kilogram giyohvandlik vositasi aniqlandi
Toshkent viloyati. 2020 yilning 17 sentyabr kuni soat 09:00 da IIB xodimlari tomonidan Quyichirchiq tumani Sergeli MFY hududida oʼtkazilgan “Qoradori-2020” tadbiri vaqtida shubhali koʼringan 43 yoshli M.А., toʼxtatilib oldida boʼlgan 1 dona oq rangli polietilen qopi koʼzdan kechirilganida, qop ichida oʼziga xos oʼtkir hidli oʼsimlik borligi aniqlanib, oʼrnatilgan tartibda ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga koʼra, qop ichidagi modda vazni 7 kg. 644 grammga teng boʼlgan yogʼda qovurilgan tarkibida faol giyohvand modda tetragidrokannabinol mavjud boʼlgan “marixuana” giyohvandlik vositasi ekanligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Quyichirchiq tumani IIB huzuridagi Tergov boʼlimi tomonidan Oʼzbekistaon Respublikasi Jinoyat kodeksining 25,273-moddasi 5-qismi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni koʼp miqdorda qonunga xilof ravishda sotishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilgan.
Dastlabki tergov jarayonida, M.А., jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan va unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʼllanilgan.
Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Oʼzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti