“Kissavur” jinoyat joyida IIB xodimlari tomonidan ushlandi
Toshkent shahri. 2021 yilning 10 aprel kuni soat 08:00 dan 09:00 ga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida nomaʼlum shaxs Bektemir tumanida joylashgan “Qo‘yliq” bozori qarshisidagi avtobekatda bo‘la turib, u yerda bo‘lgan 20 yoshli Sh.Shahzodaning yosh bolalar kiyim kechaklari solish uchun mo‘ljallangan sumka tashqi cho‘ntagidan narxi 3.000.000 so‘mlik “Samsung A 11” rusumli telefon apparati hamda 45 yoshli A.Muhabbatning ayollar sumkasidan narxi 1.500.000 so‘mlik “Redmi 6” rusumli telefon apparatlarini kissavurlik yo‘li bilan o‘g‘rilagan vaqtida ushbu hududda xizmat olib borayotgan IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, ushbu nomaʼlum shaxs muqaddam o‘g‘rilik jinoyati uchun sudlangan 37 yoshli S. Abuqaxxor ekanligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Bektemir tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan S.Abuqaxxorga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) tegishli qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Hozirda tergov davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti