Tanishini o‘z uyiga vaqtinchalik yashash uchun qo‘yishning oqibati yaxshilik bilan tugamadi
Toshkent shahar. Joriy yilning 10 yanvar kuni 33 yoshli T.I. Yashnobod tuman IIO FMB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, o‘z arizasida 09 yanvar kunidan 10 yanvar kuniga o‘tar kechasi nomaʼlum shaxs uning Yashnobod tumani Uysozlar ko‘chasida joylashgan xonadoniga kalit tanlash yo‘li bilan g‘ayriqonuniy ravishda kirib, unga tegishli bo‘lgan qora rangli qo‘l sumkasi ichidan 15.000 AQSH dollari hamda onasiga tegishli bo‘lgan jami bahosi 25 mln. so‘mlik tilla taqinchoqlarini o‘g‘irlab ketganligini maʼlum qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Yashnobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari davomida mazkur jinoyatni jabrlanuvchining tanishi 36 yoshli N.A., sodir etganligi aniqlangan. Shuningdek, jabrlanuvchi T.I., tanishi N.A.,ni o‘zining xonadonida vaqtinchalik yashab turishga ruxsat berib, uning kalitlarini berganligi maʼlum bo‘lgan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Muallif: Yakkasaroy tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi
katta tergovchisi podpolkovnik Sh.A.Mirkarimova
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti