O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Bo‘kadagi do‘kondan o‘g‘irlangan telefonlar “Malika” da arzon garovga pullandi

Toshkent viloyati. “Sonnect Nano” MCHJ direktori R.T. 2022 yilning 19 yanvar kuni Bo‘ka tumani IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, arizasida, joriy yilning 18 yanvar kunidan 19 yanvar kuniga o‘tar kechasi nomaʼlum shaxslar Bo‘ka tumani A.Navoiy ko‘chasida joylashgan savdo do‘koniga eshikni buzish yo‘li bilan g‘ayriqonuniy ravishda kirib, jami bahosi 138.805.000 so‘mlik turli rusumdagi 63 dona telefon apparatlarini, 3 dona planshet va 1 dona “Lenovo” nomli noutbukini o‘g‘irlab, hodisa joyidan yashiringanligini maʼlum qilib, mazkur jinoyatni sodir etgan nomaʼlum shaxslarni aniqlab, ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida ushbu jinoyatni 14 yoshli O‘.G‘., 17 yoshli K.U. va 25 yoshli G‘.A.,lar sodir etishganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Bo‘ka tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan yuqoridagi shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda ular gumonlanuvchi tariqasida jalb etilib, protsessual tartibda ushlanganlar.

Tergov jarayonida aniqlanishicha “Sonnect Nano” MCHJga tegishli bo‘lgan 31 dona telefon apparatlarini qonunbuzarlar Toshkent shahrida joylashgan “Malika” savdo majmuasiga olib borib 1.900 AQSH dollariga sotib yuborganlar, qolgan telefon apparatlari esa gumonlanuvchilarning xonadonlaridan ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Tergov harakatlari davom etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Text to speech